Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayden va Tramp raqobati davom etyapti
13:47 / 2020-11-12

AQSH prezidentligi saylovidagi g‘alabasini e’lon qilgan Jo Bayden mamlakatning amaldagi prezidenti - respublikachi Donald Trampni dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda 5 million ovozga ortda qoldirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Baydenni 77 million, Trampni esa qariyb 72 million amerikalik yoqlagan.

Tramp esa hali o‘z mag‘lubiyatini tan olganicha yo‘q. Uning jamoasi, advokatlari bir necha shtatda saylov qonunchiligi buzilganini ro‘kach qilib, ovozlarni sanashni to‘xtatish va ehtimoliy qoidabuzarliklarni tekshirishni talab etib, sudga da’vo arizalari kiritgan.

Ularning har ikkalasi mamlakat tarixida rekord darajada ko‘p ovoz to‘plaganini e’lon qilgan. Tramp, ayni payt, faqat "qonuniy ovozlar"ni nazarda tutayotganini alohida ta’kidlagan. Darvoqe, masalaning yana bir jihati bor: AQSHda prezident saylovi g‘olibi taqdiri fuqarolar bergan ovoz natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal bo‘lmaydi, ya’ni bu borada yakuniy va uzil-kesil nuqtani shtatlardan vakil qilingan saylovchilar qo‘yadi. OAV ovoza qilgan taxminlarga ko‘ra, Bayden nomzodi muvaffaqiyat uchun zarur bo‘lgan 270 nafardan ko‘proq, ya’ni 290 vakil-saylovchi tomonidan ma’qullangan.

Shu bilan birga Tramp ma’muriyati xorijiy mamlakatlar yetakchilari tomonidan Bayden nomiga yo‘llangan nomalarni qabul qilib olish uchun unga ruxsat bermayapti. Bu haqda “CNN” telekanali Davlat departamentining vaziyatdan boxabar xodimlariga tayanib ma’lum qilgan.

Xabar berilishicha, yig‘ilib qolgan qutlovlar to‘plami departament ixtiyorida. Hozircha saylangan prezident ularni ololmayapti. Bayden jamoasi xorijiy davlatlar rahbarlari bilan mustaqil ravishda aloqaga chiqmoqda, Davlat departamenti maxsus markazi tomonidan taqdim etiladigan logistik va tarjimonlik faoliyati bilan ta’minlanmagan.

"Ular Davlat departamenti xizmatlaridan foydalanganlarida yaxshi bo‘lardi", - deydi vaziyatdan xabardor manba.

Telekanal murojaat qilgan manbalar ta’kidlashicha, ayrim mamlakatlar yetakchilari vakillari Bayden shtabi bilan bog‘lanish, qutlov xabarini jo‘natish uchun Baraka Obamaning prezidentligi davrida ishlagan diplomatlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishyapti.

Avvalroq “Washington Post” gazetasi Tramp ma’muriyati tegishli muassasalarga hozircha hukumatni Jo Baydenga topshirish bo‘yicha hamkorlik qilmay turish to‘g‘risida ko‘rsatma bergani haqida yozgandi.

Ayni payt Jo Bayden azaliy safdoshlaridan biri Ron Klaynni Oq uy ma’muriyati rahbari etib tayinlashi to‘g‘risidagi qarorini ma’lum qildi.

"Ron ko‘p yillar davomida o‘zini men uchun bebaho inson sifatida namoyon qilib kelyapti. Biz anchadan buyon birgamiz. Jumladan, mamlakatni 2009 yil yuzaga kelgan Amerika tarixidagi eng dahshatli iqtisodiy inqirozlardan birini yengib o‘tgan paytimizda ham yonma-yon edik. Keyinchalik jamoat sog‘ligini saqlash bilan bog‘liq 2014 yilgi krizisga qarshi kurashdik", - deyiladi Baydenning yozma bayonotida. 2014 yil inqirozi, deb u Afrikadagi ebola epidemiyasini nazarda tutgan.

Klayn Bayden senatorligida uning ma’muriyatini boshqargan, keyinchalik Bayden vitse-prezident lavozimini egallaganda ham shu vazifani bajargan.

"Men unga (Baydenga - tahririyat) va saylangan vitse-prezident (Kamala Xarris - tahririyat)ga yordam berishni o‘ylayapman. Biz Oq uyda ish olib boradigan iste’dodli va rang-barang jamoa tuzmoqchimiz. Oldimizda turgan keskin o‘zgarishlardan iborat juda tig‘iz va mas’uliyatli kun tartibiga duch keldik. Mamlakatimizda yuzaga kelgan tarqoq vaziyatni tuzatishga harakat qilamiz", - dedi o‘z navbatida Klayn.

AQSHda ma’muriyat rahbari, asosan, prezident siyosatini yurituvchi shaxs hisoblanadi, vazirlik, idoralar ishini muvofiqlashtiradi, yuqori lavozimlarga loyiq nomzodlarni izlab topadi. Vazirlar va boshqa martabali mulozimlardan farqli o‘laroq, Oq uy ma’muriyati boshlig‘i shaxsan prezident tomonidan tayinlanadi. Aniqrog‘i, buning uchun senatning tasdig‘i talab etilmaydi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA