Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayden poygadan chiqishi mumkin(mi?)
19:49 / 2024-07-20

AQSH siyosiy sharhlovchilari Jo Bayden yakshanba kuni prezidentlikka nomzodini qaytarib olishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Reyter  agentligi xabar berishicha, mamlakat senatidagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer Baydenni prezidentlik poygasidan chiqishga chaqirgan. Bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda senator amaldagi davlat rahbariga qayta saylanish kampaniyasini to‘xtatsa, mamlakat va demokratik partiya uchun yaxshi bo‘lishini ta’kidlagan.

“ABC News” Shumer Bayden bilan Delaver shtati Rexobot-Bich shahrida uchrashganini yozgan. Demokratlar yetakchisi uchrashuv mazmunini “yaxshi” baholagan. Tarmoq ma’lumotiga ko‘ra, muloqotdan so‘ng Shumer Vakillar palatasidagi ozchilik rahbari Hakim Jeffris bilan birga Demokratik partiyadan nomzod ko‘rsatish jarayonini ko‘chirishni so‘ragan.

Respublikachi raqibi Donald Tramp bilan munozarali debatdan keyin Baydenni poygadan chiqishga chaqirayotganlar ko‘paymoqda. Nazariy jihatdan partiya avgust oyida bo‘lib o‘tadigan qurultoyda shunday imkoniyatga ega, biroq amalda g‘alaba qozongan nomzodning o‘zi saylovda ishtirok etishdan bosh tortmasa, uni poygadan chetlashtirish qiyin kechadi. Qolaversa, Bayden o‘zidan yaxshiroq nomzod yo‘qligini iddao qilib, poygada qolish va oxirigacha borish niyatidaligini takrorlab kelmoqda.

Bayden poygadan chiqsa, uning o‘rniga kim nomzodini ilgari suradi? Qaysi siyosatchining imkoniyati yaxshiroq va saylovchilar kimga ko‘proq ovoz berishi mumkin? Hozir nafaqat demokratlar yoki respublikachilar, balki butun Amerika jamoatchiligi ushbu savollarga javob izlamoqda. Bukmekerlar esa bu masalani o‘z uslubida “hal etish”ni boshlab yuborgan.

Ayni payt Demokratik partiyadan davlat rahbarligiga nomzod sifatida Amerikadagi ikkinchi shaxs – vitse-prezident Kamala Xarris ko‘rsatilish haqiqatga yaqin, deb qaralmoqda.

Vitse-prezident Kamala Xarris 2024 yilgi saylovda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodlik uchun favorit, deb yozgan “Newsweek” nashri  “Polymarket” va “PredictIt” yirik bukmekerlik onlayn-servislariga tayanib.

“Polymarket” ma’lumoti partiya nominatsiyasida g‘alaba qozonish imkoniyati da Xarrisda 45, Baydenda esa 40 foizligini ko‘rsatgan. Sobiq birinchi xonim Mishel Obamaning imkoniyati esa  bor-yo‘g‘i 3 foizga baholanmoqda. “PredictIt” bukmekerlik xizmatida Xarris nomzod sifatida ko‘rsatilishiga tikilgan bir garovning o‘rtacha narxi 49 sentni, Bayden nomzodi uchun esa 37 sentni tashkil etgan. Michigan gubernatori Gretchen Uitmer va Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomga tikilgan garovlar mos ravishda 8 va 7 sentni ko‘rsatgan. Ya’ni, boshqa da’vogarlarning imkoniyati sezilarli darajada past.

Boshqa bir necha yetakchi bukmekerlik idoralari ham Xarrisning bu yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish imkoniyati Baydenga qaraganda ko‘proq, demoqda. Baydenning Tramp bilan telebahsdagi o‘ta jiddiy mag‘lubiyatiga nisbatan ichki tanqid kuchayib borayotgan bir paytda amerikalik siyosatchi va jurnalistlar Xarris Joning o‘rnini bosishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Xullas, debatdagi omadsizlik demokratlar lagerida amaldagi yetakchining kuchiga shubha bilan qaraydiganlar ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, uyushtirilgan suiqasd respublikachi Trampning saylovchilarni og‘dirish imkoniyatini oshirib yubordi. Demak, bu voqea ham demokratlarning Bayden borasida ikkilanishini kuchaytirdi. Ayni masaladagi matbuot xabarlari –  turli tanqidiy fikrlar, hadeb keksaligi eslatilayotgan pichinglar Jo Baydenni gap-so‘zga nisbatan ta’sirchan qilib qo‘ymoqda.

– AQSH Prezidenti Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqish ehtimoli muhokamasiga juda ta’sirchan bo‘lib qoldi, – deb xabar tarqatdi CNN telekanali o‘zini tanishtirmagan demokratlar partiyasi maslahatchisiga tayanib.

Ustiga-ustak, demokratlar orasida sarosima kuchayganidan foydalanayotgan Tramp “otni qamchilash”, ya’ni har bir chiqishida Bayden sha’nini yerga urishga  qizg‘in kirishgan.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, amaldagi Prezident koronavirus bilan xastalangan. Garchi, kasallik yengil ko‘rinishda kechayotgan bo‘lsa-da, ushbu xabarning o‘zi ham Baydenning imkoniyati yanada tushib ketishi, haqiqatan yakshanba kuni u poygani tark etishini e’lon qilishiga yetarli asos bo‘lishi mumkin.

Internet xabarlari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA