Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayden muvaffaqiyatsiz bahsdan keyin intervyu berdi
15:37 / 2024-07-08

AQSH Prezidenti Jo Bayden muvaffaqiyatsiz kechgan Donald Tramp bilan debatdan keyingi ilk intervyusini “ABC News” telekanaliga berdi. Voqeani “yoqimsiz epizod” deb atagan Bayden holatni sog‘lig‘i yomonligiga yo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jiddiy kasallik haqida gap yo‘q. Bu jadval bilan bog‘liq charchoq. – Tayyorlanmadim, instinktimga quloq solmadim va shunchaki yomon kechani o‘tkazdim, – dedi u ayb faqat o‘zida ekanini qo‘shimcha qilarkan.

Bayden ommaviy chiqishda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olmadi. Bahsdan so‘ng u ketma-ket o‘nta yirik tadbir o‘tkazgani, bahs kuni ham uchrashuv soat 14:00 ga qadar davom etganini aytdi. “Odam ko‘p, mas’uliyat kuchli, o‘tkazib yuborish mumkin emas”, dedi u.

Amerika yetakchisi har kuni to‘liq nevrologik ko‘rikdan o‘tishi, doim unga “dunyoning eng yaxshi shifokorlari” hamrohlik qilishini aytdi. O‘zining bandligini shunday ta’rifladi:

– Har kuni kognitiv test topshiraman. Bilasizmi, men nafaqat kampaniya olib boraman, balki dunyoni ham boshqaraman. Biz yer yuzidagi eng muhim davlatmiz. Ishonchim komil, yana to‘rt yillik prezidentlik muddati uchun yetarli aqliy va jismoniy kuchga egaman. Aks holda bunday yugurmagan bo‘lardim. Yana nomzodimni qo‘ydim, chunki bu mamlakatni butunlay yangi bosqichga olib chiqish uchun nima qilish kerakligini hammadan ko‘ra yaxshiroq bilaman. Biz yo‘ldamiz, bu kurashda mendan ko‘ra malakali siyosatchi yo‘q. Qo‘shma Shtatlar hozir aql bovar qilmaydigan imkoniyatlarini namoyon qilish arafasida. Men ko‘p yutuqlarga erishdim va yana ko‘p ishlarni rejalashtirmoqdaman. Va biz buni qila olamiz.

Prezident sifatidagi yutuqlari orasida Bayden NATO birligini, Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSH tomonidan tuzilgan uch tomonlama mudofaa ittifoqi –  AUKUS bilan birga Janubiy Tinch okeani tashabbusi ishlab chiqilishi, Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Yevropa va boshqa mintaqalardan o‘nlab mamlakatlar jalb qilinishini sanab o‘tdi. U o‘zini “Putinni to‘xtatgan yigit” deb atab, so‘zini quyidagi mazmunda davom ettirdi:

– Agar men bo‘lmasam, NATOni kim ushlab tura oladi? Tinch okeani havzasini biz... hech bo‘lmaganda Xitoyni ushlab turgan holatdagidek kim ushlab turishi mumkin? Kimda bunday imkoniyat bor? Kelgusi hafta AQSHda bo‘lib o‘tadigan NATO konferensiyasida hammasi baholanadi, deb o‘ylayman. Keling, tinglang. Nima deyishlarini eshitasiz.

Amaldagi Prezident raqibi Donald Trampni “patologik yolg‘onchi” deb atadi va

Suhbatdoshiga qarata savollar yo‘lladi:

– Tramp o‘zidan boshqaga foyda keltiradigan ish qilganini ko‘rganmisiz? Bu savolga javob bera olmaysiz, bilaman.

Tramp munozara davomida 20 martadan ko‘p yolg‘on gapirgani haqida fikr bildirarkan, Bayden o‘zining sa’y-harakati tufayli inflyatsiya pasayganini aytdi.

Xususan, Baydenni saylovdan chetlashtirishni talab qilayotganlar ham kam emas. Bu ish yuz bersa, uning o‘rnini kim egallaydi? Bayden esa o‘zini ma’qullash reytingi 36 foiz ekaniga ishonmaydi. “Bizning so‘rovimiz bu nisbatni ko‘rsatmayapti”, dedi u. Agar Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, Bayden “qo‘lidan kelganini qilishi va shunda o‘zini qo‘lidan kelgan eng yaxshi ishni qilgan”dek his etishini tan oldi.

– O‘ylaymanki, Qo‘shma Shtatlar va dunyo burilish nuqtasida turibdi, – dedi u. – Bir necha yil ichida sodir bo‘ladigan voqealar kelgusi 60-70 yillik davr qanday bo‘lishini belgilaydi.