Bayden AQSHda antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus guruh tashkil qilishga ko‘rsatma berdi
AQSH Prezidenti Jo Bayden antisemitizmga va kamsitishlarning boshqa barcha ko‘rinishlariga qarshi kurash bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish uchun idoralararo guruh tashkil qilishga ko‘rsatma berdi, deyiladi Oq uy tarqatgan rasmiy bayonotda.
"Ushbu strategiya antisemitizmga va uning AQSHdagi yevreylarga va barcha amerikaliklarga nisbatan solayotgan tahdidini tushunish darajasini oshiradi", - deyiladi Oq uy ma’muriyati saytida e’lon qilingan maqolada.
Oq uy tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, yangi milliy konsepsiya hayotda ham, internetda ham antisemitizm va barcha kamsitishlarga qarshi kurashishga yordam beradi.
Mazkur idoralararo guruhning asosiy vazifasi yevrey diasporasining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat bo‘ladi. Guruh, shuningdek, AQSH rahbariyatining mamlakatda islomofobiyaga va kamsitilishning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurash bo‘yicha harakatlarini muvofiqlashtirib turadi.