Bayden AQSH Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilmoqda
AQSH Prezidenti Jo Bayden tahlil markazida Amerika yetakchisi xizmat xonasida maxfiy hujjatlar to‘plangani munosabati bilan tergov olib borayotgan Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi bilan to‘liq hamkorlik qilishiga ishontirdi. Bu haqda u matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Pensilvaniya universiteti ko‘magida ochilgan Vashington bilan bog‘liq tahlil markazi binosida Baydenning AQSH vitse-prezidenti bo‘lgan davriga oid maxfiy hujjatlar topilgan.
Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatlar Baydenning advokatlari tomonidan 2022 yil noyabrda topib olingan. Hujjatlar Bayden prezidentlik sayloviga nomzodini e’lon qilishdan oldin 2017 yildan 2019 yilgacha foydalanilgan ofisda saqlangan edi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, advokatlar bir necha maxfiy hujjatlar topganini bilib, darhol AQSH Milliy arxiviga murojaat qilishgan.
“CNN” o‘z manbalariga tayanib, bu hujjatlar, xususan, Ukraina, Eron va Buyuk Britaniya bo‘yicha AQSH razvedka ma’lumotlariga tegishli ekani to‘g‘risida xabar bergan.
O‘zA