“Diydor” teatr-studiyasida ustoz rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev xotira kuni munosabati bilan Abdulla Qodiriyning "Baxtsiz kuyov" pesasi asosida sahnalashtirilgan spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi.
Abdulla Qodiriyning ushbu asari o‘z g‘oyasi va mavzusi bo‘yicha bugun ham o‘ta dolzarb sanaladi. “Baxtsiz kuyov” asari to‘ylarda ortiqcha hashamat va chiqimdorlikka berilish, boylikka hirs qo‘yishdek illatlar ayamasdan fosh etilgani bilan g‘oyat qadrli. To‘y-tadbirlarda haddan ortiq pul sarflash, isrofgarchilik, “bo‘g‘zigacha” qarzga botish kelin-kuyovlarni tom ma’noda baxtsiz qilmoqda.

–Ustoz Bahodir Yo‘ldoshevning tavallud kunlari yoki xotira kunlarida yaxshi spektakllar premerasi, namoyishini o‘tkazish xayrli an’anaga aylangan, – dedi “Diydor” teatr-studiyasining badiiy rahbari, taniqli san’atkor Bobur Yo‘ldoshev. – Bunday yondashuv ustozning hayotiy qarashlariga ham, teatr muxlislariga ham mos keladi.

Spektaklni polshalik rejissyor Machey Viktor sahnalashtirgan. Sahna dekoratsiyalarini ssenograf-rassomlar Bobur Ismoilov, Dono G‘aniyevalar ishlagan. Liboslar bo‘yicha rassom Hilola Sher.
Sahna raqslarini Anna Trenina yaratgan. Spektakldagi musiqalar kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy tomonidan tanlangan va ishlov berilgan.
Rollarni Otabek Iskandarov, Iroda Qosimova, Farhod Abdullayev, Ahror Alijonov, Karim Mirhodiyev, Husanboy Mamasharipov, Umid Uzoqov, Farhod Zokirov, Sevinch Allaberganova, Hilola G‘ayratova, Dilnora Ermatova, Mehribon Ahadova ijro qilgan.
"Diydor" teatr-studiyasida xorijdan rejissyorlarni chaqirib, spektakl sahnalashtirish an’anaga aylanib bormoqda. Oxirgi to‘rt yil mobaynida tojikistonlik rejissyor Barzu Abdurazzoqov, Rossiyaning Saxa teatri rejissyori Sergey Potapov, Aleksandr Smirnov, Aleksandr Patrushev taklif qilindi. Teatrning navbatdagi yangi mavsumida moskvalik rejissyor German Sadchenkovni ijodiy hamkorlikka chaqirib, yangi spektakl sahnalashtirish rejalashtirilgan.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri