Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari bilan hamkorlikda “Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi yashash joylarida kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida mutasaddilar tomonidan ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hududlardagi “Mehribonlik uylari” va “Muruvvat va sahovat uylari”da favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlarining tungi navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir davolash statsionarlarida tungi tekshiruvlar o‘tkazilishi belgilangan. Yong‘in xavfsizligi qoidalari talablarini targ‘ib qilish va fuqarolarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joylarda 14 mingdan ortiq uchrashuv va yig‘ilishlar o‘tkazilgan. Yong‘inlar sabablari o‘rganilganda esa ularning 36,3 foizi elektr uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida, 26,8 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 14,4 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi va 9,7 foizi yosh bolalarning sho‘xligi oqibatida yuzaga kelganligini ko‘rsatmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, baxtsiz hodisalar aksariyat holatlarda tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlarini hamda isitish pechlarini ishlatishda “gazdan foydalanish” yoki “texnik va yong‘in xavfsizligi” qoidalariga rioya etmaganlik, gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish va xonadonlarda ochiq olovdan foydalanishda extiyotsizlik oqibatida kelib chiqmoqda.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan javob qaytarildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Mg0Lcpi-_fw" title="Baxtsiz hodisalarning aksariyati nimadan kelib chiqmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, D.Yoqubov (video), O‘zA