Uchko‘prik tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limi hamshirasi Olmosxon Inoyatova 2022 yil 17 avgust kuni tez tibbiy yordam mashinasida Farg‘ona shahriga bemor ayolni olib ketayotgan paytida avtohalokatga uchraydi. Unga TMEKning ko‘rik dalolatnomasiga ko‘ra, 70 foiz sog‘lig‘ini yo‘qotganligi va 2-guruh nogironligi belgilanadi. Ammo ish beruvchining mas’ul xodimlari Mehnat kodeksi talablarini yetarli darajada bilmagani sababli Olmosxon Inoyatovaga qonunda belgilangan tovon va zarar to‘lovlarini tayinlash to‘g‘risidagi muassasa buyrug‘i chiqarilmaydi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilgan sug‘urta kompaniyasi esa baxtsiz hodisa hujjatlarini yetarli emasligini bahona qilib, sug‘urta to‘lovlarini to‘lashni kechiktirib keladi.
Jabr ko‘rgan hamshiraga yordam ko‘rsatish maqsadida, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat inspeksiyasi ro‘y bergan baxtsiz voqeani atroflicha o‘rganib chiqdi. O‘rganishlar davomida baxtsiz hodisa oqibatida jabrlanuvchiga to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon va zarar to‘lovlari miqdori aniqlanadi. Ish beruvchining mazkur to‘lovlarni to‘lash to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqarildi va sug‘urta kompaniyasiga baxtsiz hodisani sug‘urta hodisasi deb tan olishni so‘rab, inspeksiyaning ko‘rsatma xati kiritiladi. Holat bo‘yicha, Mehnat inspeksiyasi tomonidan ish beruvchi va sug‘urta kompaniyasi vakillari o‘rtasida ikki oy davomida olib borilgan muzokara va tortishuvlar natijasida, kasaba uyushmalari inspeksiyasining aralashuvi bilan sug‘urta kompaniyasidan jabrlanuvchi Olmosxon Inoyatovaga 58 mln. 967 ming so‘m tovon va zarar pullari undirib berildi.
Ravshan FOZILOV,
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika
Kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat inspektori