Baxtsiz hodisa natijasida 2 nafar kishi halok bo‘ldi
Bugun, 2025 yil 12 sentyabr kuni soat 10:00 lar atrofida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani "Obod" mahallasi hududidagi "Xo‘jayli kommunal servis stroy" boshqaruv servis kompaniyasining kanalizatsiya nasos stansiyasida baxtsiz hodisa yuz berdi.
Ya’ni, shu yerda ishlovchi S.Q., M.B. va E.J.lar o‘z vazifalariga ko‘ra, chiqindini handakkaa tushib, tozalash jarayonida undagi o‘tkir hiddan kuchli zaharlangan. Ushbu baxtsiz hodisa oqibatida ishchilar S.Q. va M.B. lar o‘sha joyning o‘zida vafot etishgan. Uchinchi xodim E.J.ning hayotini saqlab qolish maqsadida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Xo‘jayli tumani hokimligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda ushbu hodisa bo‘yicha favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda qutqaruv, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov oldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Natijasi yuzasidan OAV orqali keng jamoatchilikka qo‘shimcha xabar beriladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri