Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxtli bolalikning baxtiyor damlari
16:58 / 2024-12-30

Yangi yil barchaga o‘zgacha kayfiyat ulashadigan bayram. Bu bayramni, ayniqsa, bolajonlar intiqlik bilan kutadi. Sirli Qorbobo va Qorqizdan sovg‘alar olishadi. Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida ham Yangi yil bayrami munosabati bilan bayram archalari hamda uning atrofida ko‘ngilochar dasturlar namoyish etilmoqda.

Qarshi shahridagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan bayram archasi atrofida ham bayramona kayfiyat hukmron. U yerda yuzlab Qorbobo va Qorqizlar, teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, ertak qahramonlari, ko‘ngilochar dasturlar nafaqat bolajonlarga, balki barcha aholi vakillariga shodon kayfiyat ulashmoqda.

Kunu tun ushbu tomoshalar davom etmoqda.

– Farzandlarimiz bilan bayram archasiga tomoshaga keldik, – deydi Qarshi tumanilik Mahliyo Xoliqova. – Bolajonlarimiz miriqib hordiq chiqarishmoqda. Qorbobo va qorqizdan sovg‘alar oldi. Barchamiz xursand bo‘ldik. Bu kayfiyatga birgina qor yetishmayapti. Bayram kunlari qor ham yog‘sa, kayfiyat bundanda a’lo bo‘lar edi.  

[gallery-21103]

Viloyatning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar, diltortar taronalar ham barchaga manzur bo‘lmoqda.

– Maydonda hammada bayramona kayfiyat, – deydi Qarshi shahridan Hilola Sobirova. – Archa atrofiga kelishingiz bilan mana shu kayfiyat vujudingizni egallaydi. Tomoshalar, kuy-qo‘shiqlar hammasi ajoyib. Kirib kelayotgan Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin.

Atrofni rang-barang chiroqlar shu’lasi qamragan. Maydon o‘rtasida bayram archasi qad rostlagan. Uning atrofida barcha o‘yin kulgi qilmoqda. Bolajonlarning baxtiyorligi yuz ko‘zlarida namoyon. Xaltasini ko‘targan Qorbobo, bolajonga she’ru topishmoq ayttirayotgan Qorqiz, tomoshabinlar bilan suratga tushayotgan ertak qahramonlari, san’atkorlarning mavrigi qo‘shiqlari bayramga o‘zgacha zavq ulashmoqda.

Kirib kelayotgan yangi yil yangi muvaffaqiyatlarga boy bo‘lsin.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari