Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxtiyor Menglievga savol: O‘zbek tili oldida o‘lim xavfi bor demoqchisiz. Shundaymi?
16:19 / 2019-10-31

Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘ldi.


Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘ldi. Lekin o‘zbek tilining hamma sohada ham faol emasligi kishini o‘ylantiradi. Shu jarayonda o‘zbek tilining rivoji uchun hissa qo‘shayotgan, ommaviy axborot vositalarida til haqidagi dolzarb maqolalari bilan faol qatnashib kelayotgan tilshunos, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliev bilan o‘zbek tili oldidagi muammolar haqida suhbat qildik.

– Til haqida qancha gapirmaylik, qancha kuyunmaylik, qo‘yilayotgan masalaga yechim topilmaydi, odatda. O‘zbek tilining boyligi haqida soatlab gapirish mumkindir. Davlat tili maqomi berilgan bo‘lsa¬da, o‘zbek tili siyosiy, iqtisodiy sohalarda yetakchi til emasligi ko‘rinib turibdi. Siz tilshunos sifatida bu jarayonga qanday fikr berasiz?

– Hisob¬ kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 3 mingdan 7 mingtagacha til borligi aytiladi. 2005 yilda tuzilgan YuNESKO ro‘yxati 6 912 ta tilni qamrab oladi. Til – moddiy, ma’naviy merosni saqlash va boyitishning eng kuchli vositasi. YuNESKO hisob¬ kitobiga ko‘ra, mavjud 7 mingga yaqin tilning yarmi XXI asrda o‘zining oxirgi sohibidan ajralishi mumkin. Ba’zi farazlarga ko‘ra, asr oxiriga kelib mavjud tillarning 95 foizi o‘lik tilga aylanadi. Har oyda dunyo miqyosida ikkitadan til o‘layotganligi esa dahshatli hodisa! YuNESKOning 2017 yil 15 iyundagi xabariga ko‘ra, o‘lim yoqasida turgan 2,5 ming tildan 15 tasi Markaziy Osiyo xalqlariga to‘g‘ri keladi. Tilga Davlat tili maqomining berilishi uni yo‘qolish muammosiga duch kelish xavfidan ma’lum darajada xalos qiladi. Masalan, udmurt, chukot, chechen tillari ham, davlat tili bo‘lsa¬da, yo‘qolish xavfiga yuz tutayotganligi – fikrimizning dalili. Albatta, Davlat tili maqomi til va uning sohiblari uchun juda ulkan ijtimoiy-¬siyosiy, ma’naviy-¬ma’rifiy, tarixiy, huquqiy ahamiyatga ega. U – milliy yaxlitlikni va bardavomlikni ta’minlovchi asosiy vosita. Biroq uning o‘zigina tilning yashab qolishi uchun yetarli emas.

– O‘zbek tili oldida o‘lim xavfi bor demoqchisiz. Shundaymi?

– Globallashuv asrida tillarning yashab qolishi ko‘proq axborot¬kommunikatsiyalar sohasida, Internet tizimida qo‘llanish darajasi bilan bog‘liq. Qaysi til Internet tili emas ekan, bu tillarning ro‘parasida o‘lim xavfi turaveradi. Internet tili haqida so‘z ketar ekan, o‘zbek tili Internet tili emasmi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki o‘zbek tilida Internet sahifalarida ma’lumotlar berilmoqda, yozishmalar amalga oshirilmoqda, tilimizda ish olib boradigan sayt va portallar, ijtimoiy tarmoqlar kundan-¬kunga ko‘payayotir. Zohiran tilimiz Internet va axborot¬ kommunikatsiya sohalarida cheklanmagan darajada qo‘llanayotgandek, tilimiz esa Internet tiliga aylangandek. Aslida ham shundaymi? Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter lingvistikasida “kompyuterning tilni tanishi” degan tushuncha bor. Agar kompyuter tilni “tanir” ekan, tilning kompyuter tili, Internet tili ekanligi haqida so‘z yuritish to‘g‘ri bo‘ladi. Kompyuter tilni “tanishi” uchun u bu tilni “bilishi” zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, annotatsiyalashi, tilni o‘rgatishi, transliteratsiya qilishi, til ifodalarini tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Umuman olganda, sun’iy intellektning muayyan til asosida ish ko‘rishi, tilning sun’iy intellektning to‘la ma’nodagi muloqot vositasiga aylanishi uning tilni “bilishi” va “tanishi” asosida sodir bo‘ladi. 
Xullas, XX asrning buyuk kashfiyoti bo‘lgan kompyuter texnologiyalari sohasi uchun katta vazifalarni vujudga keltirdi va tillarning taraqqiyoti hamda yashab qolishi uchun hal qiluvchi omilga aylanib qoldi.
Tilning Internet, kompyuter texnologiyalari tiliga aylanishi matematik lingvistika, uning davomi bo‘lgan kompyuter lingvistikasining shakllanganligi va rivojlanish darajasi bilan bog‘liq. Ayniqsa, sun’iy intellekt uchun tabiiy tillarni modellashtirish kompyuter lingvistikasining asosiy, pirovard vazifasi hisoblanadi. Dunyo miqyosida sun’iy intellektlar yaratish asosida tabiiy tillarni matematik modellashtirish yotadi. Matematik modellashtirish natijalari sun’iy intellektning faoliyat dasturini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘zbek tili misolida hali ochilmagan qo‘riq.

– O‘zbek tilining nufuzini davlat tili degan maqom ko‘tara olmas ekan. Bu fakt. Ayniqsa, yoshlar ilm¬ fan sohasida o‘zbekcha manbalar juda ozligidan nolishadi. Demak, o‘zbek tili zamon bilan qadamma¬qadam rivojlanishi kerak ekan¬da.

– Til barcha sohalarning tub negizi hisoblanadi. Sababi, biz tafakkurimizdagi mahsulni, har bir fikr va yangilikni til orqali yuzaga chiqaramiz. Taassufki, o‘zbek tili keyingi paytda ishlatilishi jihatidan biroz quyi qatlamlarda foydalaniladigan tilga aylanib qolganini aytishimiz o‘rinli bo‘ladi. Masalan, oddiy odamlar orasida muloqot tili, o‘zbekcha o‘qitiladigan ta’lim muassasalarida ta’lim tili, adabiyot va san’atda ishlatiladigan til. San’atda deyishimiz biroz bahsli, negaki zamonaviy o‘zbek qo‘shiqchiligida (aslida san’at so‘zi ham shartli) buzuq til paydo bo‘lgan. Siyosiy¬-iqtisodiy sohada o‘zbek tilining mavqei havas qilarli ahvolda emas. Muammoni qanday yechamiz? Eng avvalo, urg‘uni tarjima sohasiga qaratish lozim. Chet tillaridagi ilmiy va badiiy adabiyotlar o‘zbek tiliga tarjima qilinishi kerak. Buning uchun esa davlat tarjimachilikka alohida e’tibor qaratishi, grantlar ajratishi lozim. Bizda bor aksar ilmiy va badiiy adabiyotlar rus tilidan tarjima qilingan. Ilm-fan sohasini rus tilisiz tasavvur etish qiyin, o‘zbek tili ilm¬-fanda o‘z pozitsiyasini yo‘qotgan. Shu sababli ilm¬fan sohasidagi eng nodir kitoblarni, dunyo ilm ahli tan olgan ilmiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, o‘zbek tilidagi kontentni boyitish lozim. Ijtimoiy tarmoqda tez-¬tez “ommaviy til jonkuyarligi” xuruj qilib turadi. Amaliy taklif yo‘q, quruq iddao.

– Baxtiyor aka, bozor iqtisodiyoti ham til va tilshunoslikka ta’sir ko‘rsatyaptimi? Nima deb o‘ylaysiz?

– Mamlakatimizda shiddat bilan rivojlanayotgan bozor munosabatlari tilshunoslikning maqsadli yo‘naltirilgan, iste’molchi talabi asosida bajariladigan iqtisodiy va ijtimoiy samarador sohalari rivojlanishini kuchli taqozo qilayotir. Muammo yechimi quyidagilarda namoyon bo‘ladi: birinchidan, tegishli soha vazirlik va qo‘mitalari, korxona va tashkilotlari lingvistik tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlab, muammolar bankini yaratish, ularni fan yo‘nalishlari bo‘yicha tasniflash, ilmiy ish bajaruvchi tashkilot va korxonalarga yuborishi lozim. Ikkinchidan, tilshunoslik bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv ¬ilmiy muassasalar tegishli sohalardagi tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlash, muammolar bankini yaratish va tasniflashda ularga ko‘maklashishi zarur. Uchinchidan, til muammolari bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv¬ ilmiy muassasalar ichki imkoniyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmat tizimi va strukturasini ishlab chiqishi kerak. To‘rtinchidan, tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv¬ilmiy muassasalar ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmatlarini taklif etish lozim. Beshinchidan, yuridik shaxslarning ushbu fan yo‘nalishlariga homiylik xizmatini joriy qilish va buning uchun ularga imtiyoz va qulayliklar yaratilishi kerak. Tilshunoslik fan va ishlab chiqarish uzviyligi tizimida bunday yo‘sinda ish yuritishga hali o‘tgani yo‘q. Masalan, informatsion texnologiyalar uchun o‘zbek tilining lingvistik bazasini yaratish yoki til va ma’naviyat yaxlitligi haqida gap ketar ekan, ma’naviy-¬ma’rifiy faoliyat samaradorligi uchun zarur tilshunoslik tadqiqotlariga tegishli muassasalardan hanuz birorta ham buyurtma berilgani yo‘q desak, xato bo‘lmaydi. Holbuki, yangi asrda faqat amaliy tatbiqqa ega, natijalarini iste’molchilar so‘raydigan va ularga ijtimoiy-¬iqtisodiy samara taklif etadigan tilshunoslik o‘z kuchi bilan yashashga haqli.

– Mustaqillikdan so‘ng ona tili ta’limi maqsadi, mazmuni, usuli va vositalari tubdan isloh qilindi. Zamonaviy ona tili ta’limimiz yaqin o‘tmish davridagidan shu nuqtai nazardan qay darajada takomillashtirildi? Ta’lim maqsadi, mazmuni, usuli va vositalarini takomillashtirish bo‘yicha nimalarga erishdik? Bu borada qanday muammolar mavjud?

– Istiqlol yillaridagina ona tili ta’limida muammolar vujudga keldi. Birinchidan, ona tili ta’limida keraksiz nazariy ma’lumotlarga chuqur kirib ketildi. Ikkinchidan, grammatika ta’limi ustuvorlashib, so‘z ta’limi ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Uchinchidan, darsliklardagi xatoliklar, nazariy chalkashliklar bugungi kunda hammani qiynab tashladi. To‘rtinchidan, o‘quvchilarning egallagan ko‘p bilimlari kompetensiyaviy mohiyatga ega emas. Bugungi kunda mutaxassislarimiz tomonidan ona tili ta’limi mazmuni va vositalari bo‘yicha OAV, Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarida turli xil chiqishlar qilinmoqda. Tanqidiy fikrlar ham talay. Bu borada ona tili boshqa o‘quv predmetlaridan ancha “ilgarilab ketdi”. Buning qator sabablari bor. Avvalo, darsliklar ustidagi ishlarning ko‘pincha yuzaki ekanligi. Amaliyotchi o‘qituvchilar maslahatlari har doim ham inobatga olinmayapti. Darslik yaratishda monopoliya vujudga keldi. Barcha darsliklar uchun mutaxassis amaliyotchi o‘qituvchidan bitta muharrir tayinlanishi, u darsliklardagi mazmunni muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lishi, shuningdek, albatta, mehnati moddiy rag‘batlantirilishi zarur. Ona tili fani (aslida uni o‘quv predmeti deyish ma’qulroq, biroq hozirgi holatida fan deyish to‘g‘ri) o‘quvchi nutqini rivojlantirish, so‘z boyligini oshirish uchun o‘qitilishi kerak¬ku, biroq amalda faqat nazariya bilan cheklanib qolayotgan, qoidalarga o‘ralashib, quruq ma’lumotlarni zo‘rma-¬zo‘raki, ko‘pincha tushunmay, amaliyotga tatbiqi haqida o‘ylamay, sxolastik ravishda yodlayotgan bolalar ertaga tilning komil sohibi bo‘lishlariga, uning imkoniyatlari bilan yuksak darajada qurollangan shaxs sifatida voyaga yetishiga shubhalanadi kishi...

– Bu gapingizdan o‘zbek tili ta’limini yaxshilamasdan turib til haqida balandparvoz gapirib bo‘lmaydi, degan ma’noni uqdim. Shundaymi? 

– Albatta. Maktabda ona tilimizning ahvoli qanday? Boshi ham, adog‘i ham yo‘q, buning ustiga darslikdan -darslikka o‘tish, sinfdan¬ sinfga ko‘chish bilan o‘zgarib turadigan son¬-sanoqsiz ilmiy (lingvistik) qoidalarni yodlaganmiz – suv qilib ichganmiz. Matnning, berilgan gaplarning avra¬ astarini chiqarib, ipidan ignasigacha tahlil qilganmiz. Biroq bu “bilim”lar og‘zaki va yozma nutqimizga qay darajada ta’sir qilganligi haqida o‘ylab ko‘raylik. Nutqimiz qanday? Tutilamiz, duduqlanamiz. “Anaqa”, “haligi”, “nima desamikin”, “o‘shade” kabilarni har ikki so‘z orasida go‘yo “bog‘lama” sifatida qo‘llaymiz va bundan xijolat ham bo‘lmaymiz. Arizani qoyillatib yozib, fikrimizni lo‘nda va aniq tushuntirib bera olmaymiz. Davralarda mikrofon tutqazib qolishsa, qochib, ta’ziyalarda marhumning yaqinlariga “bandalik” so‘zidan boshqa biror so‘zni yolchitib ayta olmaymiz. Lekin unli tovushning til oldi va til orqaligi, lablangan¬ lablanmaganligi, quyi keng, o‘rta keng, yuqori torligi, til undoshning lab¬lab, lab¬tish, til oldi, til yoni, til o‘rta, til orqa tovushining yaqin til orqa, chuqur til orqaligi haqidagi bilim shaxsning tildan foydalanish malakasini qanday va qanchalik ta’minlashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

– Suhbatimiz so‘nggida o‘zingiz ko‘p takrorlaydigan savolni beraman: “O‘zbek tili o‘ladimi?”

– Tilning xavfsizligini ta’minlash uchun ularning yozuvlariga, ko‘p sonli so‘zlashuvchilarga (100 mingdan ortiq), davlat tili maqomiga va axborot¬ kommunikatsiya, Internet tizimida qo‘llanish xususiyatiga hamda so‘zlashuvchilarning muhabbatiga egaligidan tashqari, ziyolilarning tillarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida qayg‘urishlari va mutasaddilarning esa bir yoqadan bosh chiqarib tashkiliy yo‘l bilan kurashishlari juda ham zarur. Shubhasiz, ona tilimizning ham o‘z yozuviga, davlat tili maqomiga egaligi, 30 mln. dan ortiq so‘zlashuvchisi borligi kishini xushnud qiladi. Biroq achchiq bo‘lsa¬da, ta’kidlash kerakki, uning axborot -kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tili darajasiga ko‘tarilmayotgani va, ayniqsa, bu borada tegishli ilmiy tadqiqot muassasalari va markazlarda konseptual xarakterdagi na nazariy, na amaliy, na tashkiliy ishlar olib borilayotganligi uning ham yo‘qolish xavfidan butkul xoli emasligini, ro‘yxatda esa ehtiyottalab tillar qatorida qolib ketayotganligini ko‘rsatadi. Ijrosi kechikib borayotgan bo‘lsa¬da, bu vazifalarni bajarishga yeng shimarib kirishsak va uddalay olsak, ona tilimiz, albatta, hech qachon o‘lmaydi!

Xurshid SEROBOV suhbatlashdi. Manba: "Soliq info" gazetasi.