O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi delegatsiya Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” Oliy sudlari raislarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Oliy sudlari raislari hamda Xitoy Xalq Respublikasining Oliy xalq sudi raisi boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdi.
Tadbir davomida tomonlar transchegaraviy tijorat nizolarini hal etishning keng qamrovli mexanizmlari, terrorizm, giyohvandlik, korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni qo‘llash va transmilliy sud hamkorligiga e’tibor qaratdi.
“Yashil” va pastuglerodli rivojlanish uchun ekologik resurslarning sud himoyasini kuchaytirish hamda odil sudlov adolatliligi va samaradorligini oshirishga ko‘maklashish uchun axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Anjuman yakunida har tomonlama sohaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli vazifalarni qamrab olgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” Oliy sudlari raislari yig‘ilishining bayonoti imzolandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi Chjan Szyun bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat Oliy sudlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan muloqot davomida taraflar sud-huquq sohasida samarali hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi.
Odil sudlovni amalga oshirish hamda sud tizimini takomillashtirish borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA