Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxtiyor ERGASHEV: Atom sanoati uzoq istiqbolga ega
15:46 / 2024-03-26

“ATOMEKSPO-2024” xalqaro forumi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ekspertlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Baxtiyor ERGASHEV, “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori:

– 2018-yildan buyon “ATOMEKSPO” xalqaro forumida ishtirok etaman. O‘tgan forumlar muhokamalarida o‘rtaga tashlaganadigan savollar, mavzular, masalalar umuman boshqa edi. Ya’ni, atom energetikasi insoniyat uchun kerakmi yoki yo‘q, atom sanoatining istiqboli bormi kabi savollar, bu bo‘yicha qizg‘in bahslar bo‘lgan. Lekin bu yilgi forumning asosiy farqli jihati, atom energetikasi istiqboliga, rivojiga to‘liq ishonch hosil qilingan. Atom energetikasi ham “yashil” energetikaning bir yo‘nalishi sifatida uzoq istiqbolga ega ekani ko‘pchilik ekspertlar tomonidan qayd etilmoqda.

Turli mintaqalarda ekologik muammolar jiddiy tus olayotgan bir paytda “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish, xavfsiz va samarali energiya manbalarini joriy etish har bir mamlakat taraqqiyoti uchun muhim. Shu jihatdan dunyoning turli mamlakatlari va kompaniyalarining bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish va konstruktiv muloqotda uzoq muddatli rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish zarur. Bunda “ATOMEKSPO” muhim muloqot maydoniga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning maqsadi esa toza energiyaga asoslangan porloq kelajakni ta’minlash.

Yana bir e’tiborli jihati, bu yilgi forumda mavzular ko‘lami keng. Yangi IV avlod yadro texnologiyalari imkoniyatlaridan hozirgi kunda nafaqat energetika, balki tibbiyot, biologiya, genetika, raqamlashtirish, ta’lim, sanoat, logistika, ekologiya sohalarida ham foydalanilyapti. Forumda ushbu yo‘nalishlarning istiqbolli ko‘rsatkichlari, samaralari ekspertlar tomonidan taqdim etilmoqda. Ushbu IV avlod yadro texnologiyalarining afzal jihati bunda ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi AES uchun yangi yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarishda qaytadan ishlatiladi. Jahon energetikasi istiqboli uchun juda muhim. Chunki yangi turdagi yoqilg‘ining sanoat miqyosida qo‘llanilishi kelajakda ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isidan foydalanish va uran xomashyosi qazib olinishini qisqartirish imkonini beradi.

Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, so‘nggi avlod texnologiyalarini mazkur sohalarda joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish muhim ahamiyatga ega. Bu borada o‘zbekistonlik mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari shu kabi forum va tadbirlarda ko‘proq qatnashib, o‘z bilimlari va malakalarini oshirishlari talab etiladi.        

 

Nurillo NASRIEV

yozib oldi.

Sochi, Rossiya