English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxti kulgan fermerman
11:16 / 2015-08-13

Har tong tinch va osoyishta hayot, to‘kis va farovon turmush uchun shukronalar aytaman. Tong yorishi bilan qadrdon dalam tomon oshiqaman. Mehnatimiz qadr topayotgan, manfaatlarimiz ustuvorligi ta’minlanayotgan shunday saodatli zamonda qo‘l qovushtirib o‘tirish yarashmaydi-da.

Har tong tinch va osoyishta hayot, to‘kis va farovon turmush uchun shukronalar aytaman. Tong yorishi bilan qadrdon dalam tomon oshiqaman. Mehnatimiz qadr topayotgan, manfaatlarimiz ustuvorligi ta’minlanayotgan shunday saodatli zamonda qo‘l qovushtirib o‘tirish yarashmaydi-da.

Mustaqillik yillarida biz ilgari tasavvur ham qilolmagan, bugun ko‘pchilikning havasini keltirayotgan yuksak marralarga erishmoqdamiz. Shubhasiz, buning zamirida Mustaqillik deb atalgan bebaho ne’mat, xalqimizning fidokorona mehnati, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, ezgu orzu-intilishlari mujassam.

Istiqlol tufayli xalqimiz hayotida qanday ulug‘vor o‘zgarishlar ro‘y berganini mening faoliyatim misolida ham ko‘rish mumkin.

Mustabid tuzum davrida sahardan to shomgacha, yerdan qor ketgandan yana qor tushguncha dalada ishlasak-da, uyimizda oshiqcha bir hovuch bug‘doyimiz bo‘lmasdi. Terimchi bo‘ldim, brigadirlik qildim. Ertayu kech tinim bilmay ishlasak-da, mehnatimiz rohatini ko‘rmadik.

Istiqlol keldi-yu, egilgan qaddimiz tik bo‘ldi. Prezidentimiz yurtimizdan qorong‘ilikni haydadi, yorug‘likning yo‘lini ochdi. Yaratganga shukr, shundan buyon barcha orzu-niyatlarimiz ushalib bormoqda. O‘tgan asrda yelkasi yag‘ir dehqon edim. Bugun baxti kulgan fermerman.

Yurtboshimiz aytganidek, bugungi dorilomon kunlarga, bunday yuksak marralarga erishish oson bo‘lgani yo‘q. O‘zim guvohman, sobiq tuzum davrida Buvayda tumanida ham yerga mehr berib, peshona teri to‘kkan qancha dehqonlar ro‘shnolik ko‘rmay, mehnatining mevasidan bahramand bo‘lolmay o‘tib ketdi. Yerning ham, mahsulotning ham egasi davlat, uni yetishtirgan dehqonning orttirgani qora mehnat edi, xolos...

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan tub islohotlar tufayli fermerlik harakati yo‘lga qo‘yildi. Ishlayman, el-yurtga naf keltiraman, degan odamga barcha imkoniyat va sharoit yaratildi. Davlatimiz rahbari fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turibdi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlanib, men ham 2005 yili “Patilaxon” fermer xo‘jaligini tashkil etdim.

Avvaliga biroz qiyin bo‘ldi. Sobiq tuzum davrida yuqoridan belgilangan reja ortidan quvish oqibatida yerning meliorativ holati yomonlashib, tuproq unumdorligi keskin pasayib ketgan edi. Shuning uchun ishni shundan – yerni sog‘lomlashtirishdan boshladik. Bu bugun o‘z samarasini bermoqda.

Er – xazina. Xo‘jaligimizning 70 gektar ekin maydoni bor. Keyingi uch yilda don yetishtirish shartnomasini 150 foizga bajardik. Hosildorlikni 40 sentnerdan 70 sentnerga yetkazdik. Paxta hosildorligi gektaridan 40 sentnerni tashkil etmoqda.

Qishloq xo‘jaligida foyda bermaydigan tarmoqning o‘zi yo‘q. Erdan oqilona foydalangan dehqon hech qachon kam bo‘lmaydi. Davlatimiz tomonidan fermerlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga barcha imkoniyatlar yaratib berilayotgani yutuqlarimizning asosiy omili bo‘lmoqda. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yerning unumdorligini oshirishga, xo‘jaligimiz iqtisodini, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Keyingi yillarda xo‘jaligimiz daromadi hisobidan 3 kilometr uzunlikda zovur qazidik. Sug‘orish tarmoqlarini ta’mirdan chiqardik. Yerning unumdorligi yaxshilanib, hosildorlikning oshishi o‘z navbatida xo‘jalik iqtisodining yuksalishiga, ishchilarimizning moddiy farovonligi oshishiga olib kelmoqda.

Eng muhimi, oddiy dehqon sifatida elda obro‘-e’tibor qozondim. Kamtarona xizmatlarim davlatimiz tomonidan taqdirlanib, O‘zbekiston Qahramoni yuksak unvoniga sazovor bo‘ldim. Ayting, bir dehqon uchun, oddiy o‘zbek ayoli uchun bundan ortiq baxt bormi?

Bugun emin-erkin, yayrab, bayramlar, to‘yu tantanalar qilmoqdamiz. Shukr quvonchli kunlarimiz ko‘p. Bu shodiyonalar butun mamlakatniki, butun xalqimizniki bo‘lsa-chi, uning sururi, quvonchi yanada ortadi.

Prezidentimiz qarori bilan Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik qutlug‘ to‘yi “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilishi ayni shu maqsadga – odamlar qalbida mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan olamshumul yutuqlardan g‘ururlanish, bugungi kundan qoniqish, ertangi kunga qat’iy ishonch tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Patilaxon Ergasheva,
O‘zbekiston Qahramoni, Farg‘ona viloyati
Buvayda tumanidagi
“Patilaxon” fermer xo‘jaligi rahbari.