Har yili mamlakatimizda 6 iyun – ulug‘ rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavallud topgan kun sifatida keng nishonlanadi.
Poytaxtimizda atoqli shoir A.S.Pushkin tavalludining 224 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Ushbu adabiy tadbir Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Rus madaniy markazi kabi tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Tadbir avvalida shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq va boshqalar mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining adabiyotning mo‘’jizakor olamidan bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoitlar to‘liq yaratilganini ta’kidladi.

– Aleksandr Sergeyevich Pushkin nainki o‘z xalqi, balki butun bashariyatga taalluqli ijodkordir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir Nodir Jonuzoq. – O‘zbekistonda ham har yili Pushkin tavallud topgan sana adabiyot bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ushbu ayyomga o‘zbek ijodkorlari o‘ziga xos tuhfalar – adabiy ijodiy maqolalari, she’riy va nasriy bitiklar, yangi tarjimalari bilan keladilar. Aleksandr Sergeyevich Pushkin – millionlab adabiyot muxlislari qalbiga haroratli satrlari, mag‘rur ovozi kirib borgan ijodkor. Uning asarlarida insonning erki, baxti va saodati, orzu-armonlari, muhabbat va sadoqat tarannumi jozibali va ta’sirchan tarzda ulug‘lanadi. Pushkin asarlari, avvalambor, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi ma’rifatparvar jadid bobolarimiz tomonidan ona tilimizga betakror sharqona ohanglarda tarjima qilingan. Mumtoz shoirning benazir ijodi hali hanuz umumbashariy taraqqiyotga, ezgulikka xizmat qilib kelmoqda.
Darhaqiqat, o‘zbek ijodkorlarining benazir tarjimasi sababli Pushkin ijodiyoti o‘zbek kitobxoniga yanada yaqinlashdi. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Pushkin ijodiyoti Hamid Olimjon, Oybek, G‘afur G‘ulom va boshqa o‘zbek shoir va adiblari tomonidan katta mahorat bilan ona tilimizga o‘girilgan. Shoir asarlarini o‘zbek kitobxoniga tobora ko‘proq yaqinlashtirishda Erkin Vohidov, Jumaniyoz Jabborov, Abdulla Oripov singari ustoz ijodkorlarning hissasi ayniqsa katta. Keyingi yillarda Pushkinning she’r va dostonlari Minhojiddin Mirzo, Rustam Musurmon, Humoyun Akbar va boshqa ko‘plab ijodkorlar tomonidan faol tarjima qilinmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligining nashr etilishi har ikki xalq adabiy aloqalarida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Mazkur to‘plamning ikki jildi Aleksandr Sergeyevich ijodiga bag‘ishlangani mamlakatimizda Pushkin ijodiga bo‘lgan e’tiborning, ehtiromning yorqin namunasidir.
Tadbirda Pushkin ijodidan namunalar yangradi. Faol va izlanuvchan ijodkorlar taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA