Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Baxt” osma ko‘prigidan o‘tganmisiz? (+video)
12:48 / 2024-02-28

Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Zomin” turistik rekreatsion zonasida ko‘plab yangi obyektlar qatori 84 milliard so‘mlik osma ko‘prik, 128 o‘rinli restoran, 25 o‘rinli kafe-pavilon va yoshlarning nikoh marosimlarini o‘tkazishlari uchun muhtasham “Baxt uyi” qurilib foydalanishga topshirildi.

Dengiz sathidan 2800 metr balandlikdagi “Suffa plato”sidagi piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan O‘zbekistondagi eng uzun va eng baland osma ko‘prikdan o‘tgan bir yarim oy davomida minglab sayyohlar o‘tdi. Shunday osmon ko‘prigi Namangan viloyati Pop tumanining “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, uning uzunligi 170, balandligi 80 metrni tashkil etadi. 

Uzunligi, balandligi va eng muhimi xavfsizligi bo‘yicha rekordni yangilagan mazkur osma ko‘prik bugun yurtdoshlarimizdan tashqari xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa ekoturizmning rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. 

– “Baxt” osma ko‘prigi nomini olgan ushbu obyekt 2023-yilning 27-dekabr kuni foydalanishga topshirildi, – deydi ushbu kompleks ish boshqaruvchisi Javohir Bahriddinov. – Mahalliy xalq tilida “oyna ko‘prik” deb ataluvchi ushbu obyektning uzunligi 310 metr, balandligi, pastdan, muz tagida oqib turgan soydan 150 metrni, pillapoyalarning pastki eni 1 metr 50, yuqori ikki tomondan tortilgan troslarning eni esa 1 metr 90 santimetrni tashkil etadi. Osma ko‘prikdan bir vaqtning o‘zida 600 kishi bemalol o‘tishi mumkin. Ko‘prikning yon, past va tepa tomonidan tortilgan troslar o‘rnatilgan ustunlar bilan juda ham mustahkam qilib mahkamlangan. Qurilma Shveysariyaning “Fatzer AG” kompaniyasi uskunalari asosida barpo etilgan. Mazkur piyodalar osma ko‘prigi jahon standarti talablariga to‘la javob berib, piyodalarning xavfsizligi 100 foiz kafolatlanadi. 

Shuningdek, ushbu “Baxt” osma ko‘prigi hududida tuman adliya bo‘limiga qarashli “Baxt uyi” ham faoliyat yuritmoqda. Turmush qurayotgan mahalliy yoshlarimiz bu yerga kelib, nikohni qayd etmoqda. Shuningdek, ushbu hududda bir vaqtning o‘zida 128 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, milliy va Yevropa taomlari tayyorlanadigan restoran, ko‘prikning narigi tomonida esa 25 o‘rinli kafe-pavilon ham ishlab turibdi. Eng quvonarlisi, “Baxt” osma ko‘prigi atrofidagi qo‘shimcha obyektlarda ishlayotganlar bilan qo‘shib hisoblaganda, jami 50 nafar yosh yigit-qizning bandligi ta’minlangan. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hQmVWFsMTB4" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

“Baxt” osma ko‘prigidan o‘tish bir kishi uchun 25 ming so‘m. Ko‘prik xavfsiz bo‘lsada har ehtimolga qarshi o‘tuvchilarning xavfsizligi uchun 3-4 nafar nazoratchi doimiy ravishda ko‘prik ustida yurib piyodalar harakatini kuzatib turadi. 

– Turmush o‘rtog‘im bilan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidan “Zomin” sanatoriysiga dam olgani kelganmiz, – deydi sayyohlardan biri Dilshod Sattorov. – Ushbu osma ko‘prikni ko‘rish uchun sihatgohdan dor yo‘li orqali Suffaga chiqib, skuterda bu yergacha kelib ko‘prikdan o‘tdik. Men O‘zbekistonni hamma viloyatlarida bo‘ldim, O‘rta Osiyoni ko‘p joylariga sayohat qildim. Bunaqa piyodalar uchun mukammal texnologiyalar asosida qurilgan osma ko‘prikni boshqa joylarda ko‘rmaganman. O‘zim o‘qituvchiman, umumiy texnologiyadan saboq beraman.

Bunaqa mustahkam, xavfsiz, innovatsion texnologiyalar asosida qurilgan piyodalar osma ko‘prigini, dor yo‘llarini qurish, avvalo, yurtimizdagi tinchlikdan, mamlakatimizning qudratidan dalolat beradi. Ana shunday bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizga ming rahmat. 

Ma’lumot o‘rnida, 2017-yil Shveysariyaning Vale olis tog‘li hududida piyodalar uchun mo‘ljallangan dunyodagi eng uzun osma ko‘prik ishga tushgan. Ko‘prik yer sirtidan 80 metr balandlikdan o‘tib, Grexen va Sermatt aholi punktlarini bog‘lab turadi. Uning uzunligi 494 metrni, eni esa 65 santimetrni tashkil qiladi. 

Prezidentimizning 2021-yil 6-apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umum-mavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida kelajakda dor yo‘li qurilishining keyingi loyihasi davom ettirilishi, mehmonxona, kurort, restoran, shalye uslubidagi kottejlar bunyod etilishi va boshqa bir qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

“Baxt” osma ko‘prigi yonginasidan, ushbu kompleksga qarashli ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanuvchi professional sportchilar uchun maxsus qurilma barpo etilmoqda. Yaqin kunlar ichida ushbu obyekt ham foydalanishga topshirilsa, sport turizmining rivoji uchun ayni muddao bo‘ladi. 

A.Qayumov, J.Yorbekov (video+surat), O‘zA.