Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxt manzilidagi baxtiyor odamlar
15:34 / 2019-08-31

Keyingi uch yilda mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Katta koʻpriklar, yer usti metro liniyalari, turli koʻngilochar maskanlar barpo etilmoqda, shahar va qishloqlarimiz obod boʻlmoqda.

Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!


Keyingi uch yilda mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Katta koʻpriklar, yer usti metro liniyalari, turli koʻngilochar maskanlar barpo etilmoqda, shahar va qishloqlarimiz obod boʻlmoqda. Bu jarayonda aholi uchun yangi turar joylar qurilayotgani alohida ahamiyatga egadir.

Xalqimizda “Uyi borning oʻyi boʻlmaydi” degan naql bor. Bu – roʻzgʻor butligi, koʻngil xotirjamligi va farzandlar kamoli uchun shaxsiy turar joyning oʻrni juda muhim ekaniga ishoradir. Mamlakatimiz aholisi yildan-yilga koʻpayib bormoqda. Har 15-20 yilda alohida uy-joy talab qiladigan yangi avlod dunyoga kelayapti. Shu sababli arzon narxda turar joy binolarini keng koʻlamda va jadal surʼatlar bilan qurishni davrning oʻzi talab qilmoqda.

Odamlarning uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasidan qoniqish hissi oilaviy baxt-saodatga eltuvchi asosiy omildir. Binobarin, bugun mamlakatimizda fuqarolarning uy-joy sharoiti tubdan yaxshilanayotgani, shahar va qishloqlarimizda yangi turar joylar qurish surʼati va koʻlami jadallik bilan kengayib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Mazkur yoʻnalishdagi oʻzgarishlar insonlarning hayotdan roziligi hamda ertangi kuniga ishonchini mustahkamlashga sezilarli taʼsir koʻrsatayapti.

...Sergeli tumanidagi qoʻp qavatli uylarning birida yashayman. Bugun erta tongdan toʻrtinchi qavat balkonidan tashqariga razm soldim. Yangi bunyod etilgan son-sanoqsiz koʻp qavatli uylarni koʻrib hayratingiz oshadi. Chunki, bundan 2-3 yil ilgari bu yerlar tekis dala, hech narsa ekilmagan, koʻrimsiz, ustiga-ustak chekka hudud boʻlgani uchunmi obodonlashtirishga ham eʼtibor berilmasdi.

Qisqa fursat ichida Prezidentimiz tashabbusi bilan bu hudud fayzli turar joy majmuasiga aylandi. Koʻrkam koʻp qavatli uylar, ravon yoʻllar, zamonaviy mahalla binosi, novvoyxona, turli maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarini koʻrib, koʻzingiz quvnaydi. Atroflar obod. Ayni damda xonadonlarning yangi egalari koʻchib kelmoqda. Har kuni uy toʻyi.

Mamlakatimizda inson manfaatlarini taʼminlash, aholining munosib turmush kechirishi uchun zamonaviy sharoit yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida bunyod etilayotgan uy-joylar ham ana shu ishlarning amaliy samarasidir.

Yangi xonadon egalari bilan dildan suhbatlashish uchun Sergeli tumanidagi 16-mavze tomon yoʻl oldik. “Yorqin hayot” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli mazkur yangi uylarga yaqinlashganingiz sayin havasingiz ortadi. Pishiq gʻishtdan qurilgan uylar yozda salqin, qishda issiqni taʼminlashi shubhasiz. 4-uy oldida zamonaviy bolalar maydonchasi bolajonlar bilan gavjum. Uy yoʻlaklari atrofida shinam oʻrindiqlar oʻrnatilgan.

Nevaralarini bolalar maydonchasida oʻynatib yurgan Rasul aka Pardayevni suhbatga tortdik.

– Toʻrt-besh yil ilgari poytaxtimizga kelgan odam, hozir tashrif buyursa, shaharni tanimaydi. Bunyodkorlik ishlari shu darajada avj oldiki, 2-3 yil ichida ham shuncha qurilish qilsa boʻlar ekan-da, deb hayron qolasiz, – deydi Rasul aka. – Ayniqsa, bir-biridan koʻrkam turar joy majmualarini koʻrib, kishining havasi ortadi. Maʼlum sabablar boʻlib, bir necha yil oldin katta uyimizni sotishga toʻgʻri keldi. Oilamiz bilan Uchtepa tumanidagi bir xonali uyda siqilib yashar edik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sergelida arzon koʻp qavatli uylar qurila boshlandi. Yangi uylar ipoteka krediti asosida berilayotgani ayni muddao boʻldi. Biz ham shu uylardan biriga koʻchib oʻtdik. Turmush oʻrtogʻim, oʻgʻlim, kelinim bilan yashaymiz. Qoʻshnilar bilan ham ahil-inoqmiz. Axir, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yoningizda boʻladigan qoʻshnilar-da. Har bir xonadon zamonaviy isitish tizimi, sovuq va issiq suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan toʻliq taʼminlangan. Bolalar hech qanday xavotirsiz oʻynab yurishadi.

Rasul aka bizni uyiga taklif qildi. Biroz suhbatlashib oʻtirdik, soʻng yaxshi shifokor qoʻshnim bor, deya Azim Aliyevning oilasi koʻchib oʻtgan uchinchi qavatga boshladi. Bizni Azim akaning turmush oʻrtogʻi Farogʻat Mardiyeva kutib oldi. Uch xonali uyning keng va oilalar yashashi uchun qulayligiga havasimiz keldi.

– 10 yil davomida ijarama-ijara yurib, turli sarsongarchiliklarni boshdan kechirdik, – dedi F.Mardiyeva. – Oʻqituvchi boʻlib ishlayman. 3 nafar farzandimiz bor. Farzandlarim maktablarini oʻzgartiraverib, qiynalishardi. Bir maktabga endi moslashib ulgurmasdan boshqa maktabga oʻtardi. Bu, tabiiyki, fanlarni oʻzlashtirishga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻz uyingiz boʻlmagandan keyin hech bir jihozni soʻroqsiz ishlatolmaysiz. Xullas, erkin yashay olmaysiz. Yangi uy sotib olaman, desangiz falon pul. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi uylar qurilib, ipoteka krediti asosida uyga muhtoj oilalarga berilishi xalqimiz orzuidagi ish boʻldi. Ushbu xayrli ishlar boshlanishi bilan Uchtepa tumani hokimiyatiga ariza topshirdik. Shu yilning mart oyida zamonaviy uyga koʻchib oʻtdik. Xonalari keng va shinam. Hamma sharoit bor. Yana bir jihati shuki, zinalar oraligʻi keng. Misol uchun mebel olib kirmoqchi boʻlsangiz, qiynalmaysiz. Bu uyga koʻchib oʻtgach eng koʻp xursand boʻlgan farzandlarimiz boʻldi. Chunki, ijara uylarda bolalar ortiqcha shoʻxlik qilolmasdi. Berilib oʻynab-kulolmasdi. Koʻchib kelgach, ular bu yerda oʻynasak hech kim urushib bermaydimi, deya savol berdi. Koʻzimga yosh keldi...

Suhbatni yakunlab, ketishga chogʻlandik. Pastga tushsak, birinchi qavatga yaqinda koʻchib kelgan Nozimjon Berdiqulovning xonadonida uy toʻyi boʻlayotgan ekan. Quvonchlari ichiga sigʻmagan bolalar oʻzlari uchun moʻljallangan xonada yayrab oʻynamoqda. Biri-biridan shinam, fayzli xonalarni toʻldirib oʻtirgan qavm-qarindoshlar, yoru doʻstlar tilaklaridan yanada obod boʻlgan yangi uyda toʻylar boʻlishini tilab, duo qildi.

Ha, bundan 3 yil oldin yaydoq dala boʻlgan hudud bugun koʻp qavatli uylar chiroqlaridan charogʻon, elim, yurtim, deb yashaguvchi, intiluvchan, yurtdoshlarimiz hamda ularning jajji farzandlari kulgusidan fayz kirib, obod va farovon goʻshaga aylangan.

Darhaqiqat, har bir inson oʻz uyiga ega boʻlsa, koʻnglida xotirjamlik, ishida unum va baraka boʻladi. Bugun ana shunday baxtga musharraf boʻlayotgan yurtdoshlarimiz safi kundan-kun kengayib borayotgani, yangi uylar quvonchidan masrur insonlarning samimiy suhbatlaridagi shukronalik bir haqiqatdan dalolat beradi: Buyuk va muqaddas Vatanimizda inson qadri barcha narsadan ustun. Aslida ham har bir insonning orzulari ushalishi, hayotdan rozi boʻlib yashashi yoʻlida xizmat qilishdan ulugʻroq maqsad bormi!