Mullalik ovul qo‘rqoq, Baxshilik ovul botir. maqol
Tarix sahifalarida biror ijodkor nomini uchratib qolsak, boshqa bir manbada uning tarjimai holiga oid ma’lumotlarga duch kelsak, kalavaning uchini topgandek bo‘lamiz, qarabsizki, ozgina ter to‘kish, mehnat evaziga nafaqat izlaganimiz, balki xayolimizningko‘chasidan ham o‘tmagan boshqa azizlar nomini ham kashf qilamiz.
Ammo og‘zaki adabiyot tarixini, loaqal birgina baxshi tarjiman holini tiklash, baxshilarning bir-biriga munosabatini o‘rganish juda katta mashaqqat va mehnat talab etadi. Agar shu mashaqqat va mehnat evaziga samara bo‘lsa-ku xo‘b, ba’zan yillar mobaynida qilingan mehnat besamara ham bo‘lishi mumkin. Folklorshunos bitta qo‘shiq, yo bitta dostonni topishi, uni yozib olishi uchun minglab chaqirim masofani, qancha qishloq va shaharlarni kezishi kerak.
Professor Bahodir Sarimsoqov shunday hikoya qiladi:
“Marosim qo‘shiqlarini tadqiq qilayotgan yillarim. “Hur qiz” qo‘shig‘i borligini eshitganmanu, qo‘limda na matn bor, na qay tarzda, qay ohangda aytilishini bilaman. Ittifoqo, (bu kunni hech kimning boshiga solmasin!) qarindoshlardan birining bo‘yga yetgan qizi qazo qiladi. Ta’ziyaga bordim. Menga yaqin ayollardan biri men bilan yig‘lab ko‘rishdi, bo‘ynimdan quchoqlab olgan. O‘zimning bokira qiz uchun dilim ezilib turibdi-yu, shu paytda mavzuni o‘ylaganimni qarang. Bilaman, hali murda yuvilmagan. Hozir qizning yangalari kirib uni yuvib kafanlashlari kerak. Hamisha yonimda gugurt qutisidek ovozyozgich yuradi, o‘shani tavakkal qilib yig‘lab ko‘rishayotgan xotinning kamzul cho‘ntagiga solib yubordim. Bilib qolsa sharmandam chiqadi. Nima qilay? Azaga borgan kampir o‘z dardini aytib yig‘larkan. O‘lik kafanlandi. Haligi xotinga asta yaqinlashdim. U-bu deb gapga solib, cho‘ntagiga qo‘l suqdim. Ish xamirdan qil sug‘urgandek bitdi.
Ana endi tasavvur qiling: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining Hodi Zarif nomidagi folklor xazinasida saqlanayotgan va nashr etilganlari qanchalar mashaqqat va azob-uqubat bilan to‘plangan ekan! Bu xazinani to‘plashda Cho‘qon Valixonov, Aleksandr Divayev (bu kishi Hodi Zarifning tog‘asi bo‘ladi), G‘ozi Olim Yunusov, Abdulla Alaviy, Buyuk Karimiy, Mansur Afzalov, Sharif Rizo va boshqalar tashabbus ko‘rsatganlar. Ularning ishini G‘ulom Zafariy, Fattoh Abdullayev, Sobirjon Ibrohimov, Muzayyana Alaviya, keyinchalik Chori Hamro, M.Saidov, M.Murodov, B.Sarimsoqov, A.Qahhorov, J.Qobulniyozov, O.Sobirov singari qator folklorshunoslar davom ettirdi.
O‘rta asrning donishmand tilshunosi, butun O‘rta Osiyo, Xitoyni, bir qancha Sharq mamlakatlarini qadamlab kezib chiqqan Mahmud Qoshg‘ariy «Devonu lug‘atit turk» asarida juda ko‘p xalq qo‘shiqlari, maqollarini keltiradi, ular turkiy xalqlarning qadim tarixiga borib taqaladi. Bu go‘zal she’riy namunalar turkiy xalqlarning mehnatga, tabiatga munosabatidan tashqari, estetik didining qay darajada shakllanganidan ham dalolat beradi. Ana shu qo‘shiq, terma dostonlarni aytuvchi yoki yaratuvchilarni baxshilar deb atashgan.
«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi"da qayd etilganidek, baxshi mo‘g‘ulcha va buryatcha baxshi, bagsha so‘zlaridan assimilyatsiyasi bo‘lib, ustod, ma’rifatchi, darvesh ma’nolarini beradi. Endi tasavvur qilib ko‘raylik: qo‘shiqning sehr-jodusiga ishongan, qo‘shiqni ilohiy ne’mat deb bilgan qadimiy odamlar ko‘z oldida ko‘shiq to‘qigan, boringki, ifodali gapirgan badiiy so‘z ustalari duoxonlar, tomonlar, azayimxonlar baxshi, ya’ni ustod deb atalishi ajablanarli emas.
Biz baxshilar tarixi haqida og‘zaki malumotgagina egamiz. XІX asrni o‘zbek dostonchiligining gullagan davri, deb biladigan bo‘lsak, bunda sahroyi kishilarning xizmati buyukdir. Dostonchilik axborot kam bo‘lgan joylarda, insonning yagona oshnosi xayol bo‘lgan yerlarda rivojlangan. Buni shu bilan izohlash kerakki, sahro joylarda, shahardan uzoq qishloq va ovullarda odamlar kuni bo‘yi qilingan mashaqqatli mehnatdan keyin o‘zlarini ovutish, ko‘ngil ochish, mashaqqatlarni unutish uchun oqshomlari to‘planganlar. Shunda ularga san’at yordamga kelgan.
San’at qayerda rag‘batlantirilsa, o‘sha yerda rivoj topadi, gullaydi. Dostonchilik sahroyi odamlar tomonidan rag‘batlantirilgan, bu esa yangi-yangi baxshilar avlodining yetishib chiqishiga zamin bo‘lgan.
Odatda, baxshilar bir joyda muqim bo‘lib qolmagan, chunki yon-atrofdagi, hatto uzoq joylardagi to‘y-hashamlarga albatta baxshilar taklif etilgan. To‘y-hasham, turli tantanalar baxshining ovozi-yu sozisiz o‘tmagan. Bu sayohatlar, birinchidan, baxshi uchun material bersa, ikkinchidan, savodli kishilar bilan muloqotlar, ayniqsa XІX asrda keng tarqalgan qissaxonlar bilan uchrashuvlar ularni yozma adabiyot bilan yaxshiroq tanishtirish imkonini bergan. Shu yo‘l bilan o‘zbek adabiyotida mashhur bo‘lgan «Farhod va Shirin», «Tohir va Zuhra», «Layli va Majnun», «Sayfulmuluk» singari asarlar og‘zaki adabiyotga ham kirib kelgan.
Bu o‘rinda shu paytgacha fanda ommalashmagan, shuningdek xalq orasida keng tarqalmagan Surxondaryo va Qashqadaryo dostonchilarining shajarasi xususida gapirmoq joizdir.
Qarshi Davlat pedagogika institutining dotsenti bo‘lib ishlagan Abdumo‘min Qahhorovning uyi bamisoli folklor muzeyi. Jild-jild to‘plangan folklor materiallari, portretlar, dostonchilar haqidagi rivoyatlar va hikoyatlarning son-sanog‘i yo‘q. Ayniqsa, XVIII asrning oxirlaridan to shu davrgacha vohada o‘tgan baxshilar shajarasi diqqatni jalb etadi. Mening nazarimda ikki voha baxshilarini bu odam o‘zining kichik jussasiga joylab olganday.
A.Qahhorovning katta mehnat evaziga tuzgan shajarasini ko‘zdan kechiramiz.
Shajara ikkita.
Biri “Qashqadaryo dostonchilarining shajarasi”, ikkinchisini “Qashqadaryo-Surxondaryo dostonchilarining shajarasi” deb ataladi
Birinchi shajarada g‘uzorlik Rustam shoirni XIX asrning boshlarida o‘tgan baxshi deb ko‘rsatib qo‘yibdi. Xuddi shuningdek, ikkinchi shajarada sherobodlik Bobo shoirni XIX asrning boshlarida o‘tgan deb ko‘rsatilgan. Ularni ko‘rsatish bilan birga alohida chiziqlar orqali bu shoirlarning shogirdlari, izdoshlari ham qayd etilgan. Agar shajaraga qarab muhokama qiladigan bo‘lsak, Bobo shoirning Qosim yuzboshi (XІX asr o‘rtalarida) degan shogirdi bo‘lib, u o‘z navbatida sherobodlik Shernazar Berdinazar o‘g‘lini, sherobodlik Xolmurod Qosim o‘g‘lini, sherobodlik Alim yuzboshini shoir qilib yetishtirgan. Shernazar Berdinazar o‘g‘li 14 ta shogird yetishtirgan: Dehqonobodning To‘dachorvoq qishlog‘idan Muhammad Rahimxo‘ja Muhammad Sodiq o‘g‘li (1889 yilda tug‘ilgan), Sherobodning Go‘rim qishlog‘idan Jo‘ra Eshmirza o‘g‘li (1946 yilda vafot etgan), yana Dehqonobodning Yetimquduq qishlog‘idan Umir Safar o‘g‘li (1894-1966), yana Sheroboddan Oltiboy yuzboshi, Saodat yuzboshi, Chori yuzboshi (1873-1934), Azon qishlog‘idan Mardonqul Avliyoqul o‘g‘li (1886-1955), Azon qishlog‘idan Normurod Sherna o‘g‘li, Gilambop qishlog‘idan Ahmad yuzboshi (1862-1928), Azon qishlog‘idan To‘qli Sherna o‘g‘li, Kallamaydon qishlog‘idan Shoto‘ra yuzboshi Xudoyqul o‘g‘li singari shoirlar yetishib chiqqan.
Bu shoirlar o‘z navbatida epik repertuarni boshqa shoirlarga uzatgan – yetkazgan. Masalan, Rajab Normurod o‘g‘li ikki o‘g‘lini Orol (1929 yilda tug‘ilgan) va O‘rol (1928 yilda tug‘ilgan) shoir qilib yetishtirgan holda o‘z repertuari bilan eng so‘nggi baxshilar orasida mashhur bo‘lgan Qodir Rahimovga (1941-1986) samarali ta’sir ko‘rsatgan. Qodir shoir esa yot bo‘lishiga qaramasdan, dehqonbodlik Qora va Chori Umirovlarga, Eshnazar Rahmatovga, sariosiyolik Beknazar Rahmatovga, Ollonazar baxshi To‘xtashevga, denovlik Boborayim baxshiga ta’sir ko‘rsatgan. Umir Safar o‘g‘li esa Dehqonobodning Torqopchig‘on qishlog‘idagi Safar Xushvaqt o‘g‘li (1907 yilda tug‘ilgan), Oqirtma qishlog‘idan Hayin Pirimqul O‘g‘li (1908 yilda tug‘ilgan), Ajina qishlog‘idan Nurali shoir Qurbonov singarilarni tarbiyalab yetishtirgan va uning repertuaridan Qodir Rahimov ham samarali foydalangan. Mardonqul Avliyoqul o‘g‘li esa Sherobod tumanidagi Azon qishloqlik Xushvaqt Mardonaqulov (1942 yilda tug‘ilgan), Avaz yuzboshi, Angor tumanidagi Tallimarjon qishlog‘idan Abdushukur Hojimurodov, Chorshanba baxshi (1930 yilda tug‘ilgan) singari shogirdlarni yetishtirgan holda o‘z repertuari bilan Denov tumanidagi Oqlar qishlog‘idan Toshmurod To‘ra o‘g‘li (1897 yilda tug‘ilgan), Boysun tumanidagi Kofrun qishlog‘idan Ulash G‘ozi o‘g‘li (1892-1969), norlik Qiyom Chori o‘g‘li (1907 yilda tug‘ilgan), Sherobod tumanidagi Azon qishlog‘idan Alisand Xayinnazar o‘g‘li (1902-1953), Oqqo‘rg‘on qishlog‘idan Yusuf o‘tagan o‘g‘li (1915 yilda tug‘ilgan), tallimarjonlik Raim Ahmad o‘g‘li (1914 yilda tugilgan), Denov tumanidagi Oxunboboyev qishlog‘idan Rahim o‘g‘li (1899 yilda tug‘ilgan). Tojikistonning Kolxozobod tumanidan bo‘lgan Bo‘ri "Eshmurod Sherdon o‘g‘li (1904 yilda tug‘ilgan) kabi shoirlarga bevosita ta’sir ko‘rsatgan.
Bu albatta Sherna baxshidan boshlangan shajaraning to‘liq ro‘yxati emas. A.Qahhorov shajarasida o‘sha Bobo shoirdan kelayotgan an’anadan bevosita yoki bavosita ta’sirlangan eng kichik baxshigacha hisobga olinib qayd etilgan.
M.Saidov va Asror Samad “Sherna baxshi hayoti va ijodi haqidagi ba’zi materiallar” degan maqolada Sherna baxshi haqida ajoyib bir rivoyat keltiradilar. Bu rivoyatni A.Qahhorov to‘plagan materiallar ham to‘la tasdiqlab turibdi
Sherna Tojikistonga borib qoladi. Tojikiston qishloqlarini aylanib yurganda katta to‘y ustidan chiqib qolibdi: to‘yda har xil ko‘ngilochar o‘yinlar bilan birga baxshilar ham basma-basga qo‘shiq aytishayotgan ekan. Bir tomonda 100 ga yaqin shogirdlari bilan o‘sha paytda mashhur bo‘lgan Tos nomli shoir shogirdlari bilan alohida mehmonxonaga joylashib olgan ekan. O‘zi va shogirdlari to‘kin dasturxon ustida par bolishlarga suyangan holda benihoya izzat-hurmat ko‘rib doston aytishayotgan emish. Mehmonlar ham, to‘y egasi ham to‘yga kirib kelgan yalangoyoq bir bolaga (Shernaga) e’tibor berishmabdi. Oshning ketini-betini suzib, uni chekkaga o‘tqazishibdi. Sherna bunday hurmatsizlikka chidaolmasdan do‘mbira so‘ragan. Do‘mbirada avval turli ohanglarni chaladi. Atrofdagilarni, o‘zining ahvolini qo‘shib termalar aytadi. Asta-sekin jo‘sha boshlaydi va nihoyat daryoday toshib tinimsiz kuylab ketadi. Bir mahal ko‘zini ochib atrofga qarasa tong otib, butun xalq atrofini o‘rab olganmish. Qo‘plarning ko‘zida yosh, o‘zi turgan qora o‘tov o‘rtadan ko‘tarilgan. Tos va uning shogirdlari qoshida hech kim yo‘q emish. (Qiyos qiling: Yo‘ldoshbulbul Polvonariqda doston aytganda ham shunga o‘xshash voqea ro‘y bergan).
Rivoyat qilishlaricha, Sherna 7-8 yoshlaridayoq do‘mbira chertib doston ayta boshlagan ekan. Lekin bu rivoyatni Abdimo‘min Qahhorov yetarli dalillar asosida tasdiqlaydi. U ko‘p yillar mobaynida Sherna baxshining tarjimai holiga oid faktlarni yig‘ib, haqiqatda ham Sherna 7-8 yoshlaridayoq shoir bo‘lib tanilganini dalillar bilan isbot qiladi. Sherna yolg‘iz o‘g‘il ekan. Uning shoirligidan ota-ona vahimaga tushishadi. Ota uni staklab tabib huzuriga boradi. «Tilab-tilab olgan yagona o‘g‘lim. Uyqusida ham ashula aytadi. Jinni bo‘lgan shekilli», deb hasrat qiladi. Tabib Shernani ko‘rib «qayering og‘riydi, bolam?» deb so‘raganda u «Yetti joydan taom yedim, qo‘shiq aytmasam qornimda bir narsa tirnab qo‘ymaydi», deb javob beribdi. Tabib bolaning otasini «tashvishi chekmang, o‘g‘lingiz shoir bo‘libdi», deb xotirjam qilgan ekan.
Sherna o‘zining mahorat darajasini qay darajada oshirib borgan, epik repertuarini kimlardan foydalanib kengaytirgan «afsuski, bular haqida ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. Shernani bilgan, uning ta’limini olgan shogirdlari ham hech narsa deyaolmaydilar. Hatto ustozi Qosim yuzboshi bilan qanday muloqotda bo‘lganligi haqida ham ma’lumot yo‘q.
Xullas, Sherna yillar o‘tgan sari afsonaviy shaxsga aylanib borgan. Hatto shunday rivoyat borki, Shernaning qo‘lida doston haqida katta kitob bo‘lgan. U shu kitobdan o‘rganib doston aytar emish. Ammo A.Qahhorov to‘plangan materiallar bo‘yicha Sherna xat bilmaydigan odam bo‘lgan.
Albatta, Sherna yashagan XІX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida folklor maternallarini yozib olish yo‘q edi. Demak, biz Sherna repertuari bilan bevosita tanisha olish imkoniyatidan mahrummiz. Ammo Shernaning ehtirosli shogirdi Umir Safar o‘g‘li «Sherna qanday aytgan bo‘lsa, biz ham shunday aytayotirmiz" deb guvohlik beradi.
Agar Umir Safar o‘g‘lining gapiga bovar qiladigan bo‘lsak, u holda Sherna haqiqatda ham kuchli, beqiyos iqtidorli shoir bo‘lgan.
Sherna 23 yoshlarida Hisorda katta to‘y bo‘larmish, shu to‘yga Omonturdi kelarmish degan dovruqni eshitib qoladi. O‘zi ham to‘ydan 10 kun avval Hisorra yo‘l oladi. To‘y boshlanishidan avvalroq 33 shogirdi bilan Omonturdi qovchin ham keladi. Sherna Omonturdi qo‘shiqlarini katta qiziqish bilan tinglaydi. Shernaning bunchalik qiziqib eshitayotganligini ko‘rgan Omonturdi undan «Isming nima, o‘zing qayerliksan?» deb so‘raydi. Shunda Sherna:
Ismimni so‘rsang, o‘zim g‘aribman,
Avvaldan eshitib, qorday eribman,
Kuch ber, bobo, sanam yorga ketaman –
deb javob beribdi. Omonturdi esa:
Oshiq bo‘lsang kuyib, yonib o‘tarsan,
Sabr aylasang, yor qo‘lini tutarsan.
Ilgaybersang besh yuz yilga yetarsan,
Besh yuz yillik yo‘ldir yorning makoni...
Ulim, oshali-oshali, tog‘dan oshali,
Sen bunda qaynasang undan tushali,
Bir paysalga xiyol qilgin, jon bolam,
Ikkovimiz bir maydon gaplashali.
deb shoir bolani aytishuvga chorlaydi. Shunday keyin ikkalasi bir fasl savol-javob qilibdi.
OMONTURDI:
Bir narsa bor tanasida, joni yo‘q,
Bir narsa bor chaparida, soni yo‘q,
Bir odam bor ikki betda qoni yo‘q,
Bolam shoir bo‘lsang xabar ber shundan?
SHERNA:
Qora yerning tanasida joni yo‘q,
Azroilning chaparida soni yo‘q,
Qasamxo‘rning ikki betda qoni yo‘k,
Bobo, ustod bo‘lsang, javob shul bo‘lur.
OMONTURDI:
Bir narsa bor: o‘lmas-yitmas, qarimas,
Bir odam bor: yelar-yo‘rtar, horimas,
Bir qush bordir: ajal yetmay dorimas,
Bir narsa bor: yerda yotib chirimas,
Bir tog‘ bordir: uning qori erimas,
Bir daryo bor: oqar-toshar qurimas,
Bolam, shoir bo‘lsang, xabar ber shundan.
SHERNA:
Xudo taollo o‘lmas-yitmas, qarimas,
Xo‘jayi Xizr yelar-yo‘rtar, xorimas,
Azroildir vaqtin bilmay dorimas,
Oltin bo‘lar, yerda yotib chirimas,.
To‘rt tog‘ning qori turib erimas,
Ko‘ngil-daryo, oqar-toshar, qurimas,
Bobo, ustod bo‘lsang, javob shul bo‘lur.
OMONTURDI:
U nimadi yoqasi bor, yoni yo‘k,
U nimadi qanoti bor, qoni yo‘q,
U nimadi odam yutar, joni yo‘q,
Bolam shoir bo‘lsang xabar ber shundan?
SHERNA:
U kafandir yoqasi bor, yoni yo‘q,
Kapalakdir qanoti bor, qoni yo‘q,
Qora yerdir odam yutar, joni yo‘q,
Bobo, ustod bo‘lsang javob shul bo‘lur.
OMONTURDI:
U nimadi, darvozasiz qal’adir,
U nimadi, derazasiz binodir,
U nimadi, bir-biridan a’lodir,
Bolam, shoir bo‘lsang, xabar ber shundan?
SHERNA:
U ko‘ngildir, darvozasiz qal’adir,
U qabrdir derazasiz binodir,
U oy-kundir bir-biridan a’lodir,
Bobo, ustod bo‘lsang, javob shul bo‘lur
Bu savol-javob Sherna baxshining usta badihago‘yligidan dalolat.
Ikkinchi shajara Alim yuzboshiga taalluqli. Alim yuzboshi Sherna bilan tengdosh bo‘lib, u ham doston aytishni Bobo shoir va Qosim yuzboshidan o‘rgangan. Sherobod rayonidagi Beshqo‘ton qishlog‘idan bo‘lgan bu baxshi 20-yillarning boshlarida vafot etgan. Boysun tumanidagi Kofrun qishlog‘idan Xoliyor Abdukarim o‘g‘li (1938-39 yillarda vafot etgan), Sherobod tumanidagi Beshqo‘ton qishlog‘idan Xoliyor Alim o‘g‘li sherobodlik Boymurod Boymat o‘g‘li (1855-1956) singari shoirlarni yetishtirgan. Bu shoirlarning ham shogirdlari bor. Xoliyor baxshi hozirda barhayot sho‘rchilik Eshqobil Qo‘shoq o‘g‘lini yetishtirgan bo‘lsa, Boymurod Boymat o‘g‘li denovlik Eshmurod Sherdon o‘g‘li, jarqo‘rg‘onlik Normurod Poyon o‘gli singari shoirlarni tarbiyalagan.
Har holda, gap badihago‘ylik san’atidagi ustoz-shogirdlik an’anasi xususida bormoqda. Boshqa hududlarni kamsitmagan holda shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, Qashqadaryo va Surxondaryoda bu an’ana aniqroq ko‘rinadi va har bir baxshining shogird yetishtirishi ma’lum ma’noda burch hisoblanadi. Bu hududdagi baxshilar orasida shogird yetishtirmaydigan baxshi topilguday bo‘lsa, bunday baxshini, eng avvalo, xalq tan olmaydi. A.Qahhorov keltirgan shajarada bir qancha baxshilar borki, ular alohida doira ichiga olib qo‘yilgan. Buning ma’nosi o‘sha baxshilar xalqning nazariga tushmaganlar.
Lekin baxshilar duch kelgan odamni shogird qilib olmaganlar. Ular avvalo bo‘lajak shogirdni juda qattiq sinovdan o‘tkazganlar.
Shunday bir rivoyat bor. Guchchi yuzboshi degan bir baxshi (XІX asrning ikkinchi yarmida Jarqo‘rgondagi Qorayog‘och qishlog‘ida yashab o‘tgan) shu tumandagi Sayqal qishlog‘ida bo‘lib, bir to‘yda Sherna bilan uchrashib qoladi. Sherna yarim kechaga qadar G‘uchchi yuzboshi bilan doston aytishadi. Sherna shu paytlari ancha yoshga borib, chechak kasali oqibatida sillasi qurigan bo‘lib, aytishuvda charchab qoladi. Ertasiga tongdanoq ko‘pkariga tumonat odam yig‘iladi. Sherna ana shunda G‘uchchini sinovdan o‘tkazadi: «Agar tepalikka chiqib qo‘shig‘ing bilan shu odamlarni ko‘pkaridan qaytarsang senga qoyil qolaman», deya shart qo‘yadi. G‘uchchi bu shartga rozi bo‘lib tepalikka chiqib olib, do‘mbra chertib, qo‘shiq ayta boshlabdi. Do‘mbrani shu qadar kuchli bir ohang, benihoya dilbar bir kuy bilan yangratib qo‘shiq aytibdiki, ko‘pkariga ketayotgan otliqlar bitta-bitta, to‘rtta-to‘rtta, o‘nta-o‘nta bo‘lishib, tepalik ostiga to‘planishibdi. G‘uchchi bir daqiqa nafas olish uchun to‘xtagan ekan, hazilkashlardan biri «Do‘non! Tovushi bitdi, choy olib kel» deb tovush qilsa, G‘uchchi bir uf tortib
Avaz deydi boyingiz,
Mingga yetdi qo‘yingiz,
Sayqal deydi soyingiz,
Oqbo‘zardan uyingiz,
Do‘nan-do‘nan dedingiz,
Qachon kelar choyingiz?
deb qo‘shib ketibdi. Shunda to‘y egasi kelib «sening maqsading nima, odamlarni ko‘pkaridan qoldirib, to‘yimni buzmoqchimisan?», deb do‘q qilibdi. G‘uchchi to‘xtamabdi. Yana qo‘shiq suribdi. Axiyri to‘y egasi bir ot abzali bilan bosh-sarpo hadya qilib, G‘uchchini qo‘shiq aytishdan to‘xtatibdi. Shundan keyin Sherna G‘uchchiga qoyil qolib, repertuari bilan uni yaqindan tanishtirgan.
Yoki boshqa avloddagi ustoz-shogirdchilik an’anasini olib ko‘raylik. Bu an’ana bizga ma’lum bo‘lishicha, XIX asrning boshlarida Guzorda yashab o‘tgan Rustam shoirdan boshlanib, shahrisabzlik Zohir shoir Qo‘chqorovga kelib taqaladi. Rustam shoirning bevosita shogirdi g‘uzorlik Xonnazar shoir (XІX asrning o‘rtalarida), uning shogirdi esa qamashilik Iskandar shoir (XІX asrning o‘rtalarida) bo‘lgan. Iskandar shoir esa XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Chiroqchida yashab o‘tgan To‘ra shoir va 1847 yilda tug‘ilib XX asr boshlarida vafot etgan Rajab shoirni tarbiyasiga olgan. To‘ra shoir chiroqchilik mardon shoirni (1880-1919) tarbiyalab yetishtirgan. Bu shoir ayni paytda chiroqchilik Eltoy shoir Eshmirza o‘g‘li (XІX asrning ikkinchi yarmi)dan ham ta’lim olgan. Ikki shoir tarbiyasini ko‘rgan, epik repertuarni nihoyatda boy bo‘lgan bu shoir bevosita 10 shoirga ustozlik qilgan. Bular: kattaqo‘rg‘onlik Ediga shoir, Samarqandning Jom qishlog‘idan Yo‘ldosh shoir, Takajig‘ildi qishlog‘idan 1943 yilda vafot etgan Orol shoir, 1895 yilda tug‘ilgan chiroqchilik Tog‘ay shoir, Orolning ukasi Niyoz shoir, Qozoyoqli qishlog‘idan Safar shoir, uning akasi Usta Niyoz shoir, chiroqchilik Qorjov shoir, Xudoyberdi shoir, qamashilik Muhammad shoirlardir. Bu maktabda beshkentlik Chori baxshi Qo‘ldosh o‘g‘li (1903-1943), Chori baxshi Xo‘jamberdi o‘g‘li, kosonlik Xudoyberdi shoir, shahrisabzlik Barot shoir, Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li (1909-1967), Urtoq shoir Rasulev, hozir barhayot bo‘lgan Zohir shoir Qo‘chqorovlar ta’lim olganlar. Bularning avlodlari chiroqchilik Hasan, Oqqo‘zi Shomurod shoir Togayev, Eshonqul shoir Bozorov, Barot Ortiqov, kitoblik Mavlon, kosonlik Omon. Shommi, Quvon shoirlardir.
Rajab shoir esa Abdulla shoir Nurali o‘g‘lidek buyuk bir baxshini yetishtirib berdiki, Qashqadaryo va Surxondaryo baxshilarining keyingi avlodi yoppasiga undan ta’lim oldilar.
Bu mintaqada juda ko‘p ayollar ham dostonchi bo‘lgan, do‘mbira chertgan. Hozirda Qashqadaryo va Surxondaryo dostonchilari o‘rtasida keng tarkalgan va sevib chertiladigan «Xonimoy», «Izzatoy», «Xonsuluv», «Ohuva» singari kuylar ayollar ijodiyoti mevasi. Rivoyat qilishlaricha, «Kelinoy» dostonining qahramoni Ulug‘oy qo‘shiqchi bo‘lgan. Izzatoy bilan Xonimoy esa sevganlaridan ajralib, uning dog‘ida kuyib doston aytgan ekanlar. Yoki yana bir misol, rivoyatlarga qaraganda, bir cho‘pon qo‘ylarini haydab katta hovuz bo‘yiga kelibdi. Cho‘ponga oshiq bo‘lib yurgan qiz hovuchidan suv olayotgan ekan. Shu joyda ko‘ngil izhornii aytib cho‘pon bilan o‘lan aytishadi.
Mana shu o‘lan:
- Yetib-yotib gap otsam,
Quloqlar solgin-a, cho‘ponjon,
Sariga tarig men bo‘lib
Ochilib ketsam-a, cho‘ponjon?
- Qanorda tarig sen bo‘lsang?
Jo‘jali kaklik men bo‘lib
Teriblar yesam qaytasan?
- Jo‘jali qushlar sen bo‘lib,
Olg‘ir qushlar men bo‘lib,
Oliblar yesam qaytasan?
- Olg‘ir qushlar sen bo‘lsang,
Beayov ovchi men bo‘lib,
To‘rga tushursam qaytasan?
- Beayov ovchi sen bo‘lsang,
Ko‘rkalamush men bo‘lib
To‘ringni kessam qaytasan?
- Ko‘rkalamush sen bo‘lib,
Tolg‘ira pishak men bo‘lib
Oliblar yesam qaytasan?
- Talg‘ir pishak sen bo‘lib,
Qoralar ko‘ppak men bo‘lib
Bir kunlar solsam qaytasan?
- Qoralar ko‘ppak sen bo‘lsang,
Sorilar qoplon men bo‘lib
Oliblar yesam qaytasan?
- Sorilar qoplon sen bo‘lsang,
Chayir merganlar men bo‘lib
Otiblar olsam qaytasan?
Chayirlar mergan sen bo‘lib,
Kulcha ilon men bo‘lib
Chaqiblar olsam qaytasan?
- Kulcha ilon sen bo‘lib,
Murchaga morbon men bo‘lib
Avrablar olsam qaytasan?
- Azroilim sen bo‘lib,
Ollo taollo yor bo‘lib
Buyruq qilmasa qaytasan?
Har bir ertak yoki afsonada ma’lum haqiqat izlari bo‘ladi. Shunday ekan, biz keltirgan rivoyatlarning izini topish, o‘tmish baxshilarining ijodini aniqlash folklorshunoslar oldidagi xayrli ishdir.
Biz so‘zni Abdumo‘min Qahhorov tuzgan dostonchilar shajarasidan boshlagan edik. Bu ustoz, xalq og‘zaki ijodining zukko bilimdoni Qashqadaryo bilan Surxondaryo viloyatlaridagi qishloqlarni, tog‘liq tumanlarni, shuningdek, Tojikistonni qadamlab kezib chiqib, aniq xulosalarga kelgan. Bu xulosalar quyidagilardan iborat:
1. Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Denov, Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Buxoro, Samarqand va boshqa shahar joylarda asosan folklorning mayda janrlari termalar, maqol va matallar, latifalar, kasb-hunarga oid hayotiy ertaklar saqlanib qolgan. Fan-texnika taraqqiyoti natijasida folklor namunalari keng tarqalish imkoniyatiga ega emas;
2. Yuqori tog‘lik, masalan, Qashqadaryoning sharqi-shimoli Hisor tog‘ tizmalarining yuqori qismida joylashgan Mirali, G‘ilon, Surxondaryoning sharqi-shimolidagi Boysun tog‘ tizmalarining yuqori qismida joylashgan Vaxshivor va Sina kabi qishloq hamda ovullarda sozandalik, mashshshoqlik, ashula, raqs turlari hozir ham saqlanadi va ularning tarixi qadimga borib taqaladi. Bu qishloq-ovullardagi har bir xonadonda qo‘biz, nay, dutor, do‘mbira, gijjak, sibizg‘a, dap (doira), tor kabi muzika asboblari topiladi. Hatto bu yerlardagi ko‘pchilik kishilar qo‘l, tomoq kabi a’zolarini ishga solib kuy ijro etishga mohirdirlar;
3. Epik repertuar dostonchilik an’anasi bepoyon cho‘l va yaylovlarda dehqonchilik hamda chorvachilik bilan mashhur bo‘lgan Chiroqchi, Qamashi, Beshkent Dehqonobod, Ko‘kabuloq (Qamashi va Dehqonobod tumanlarining o‘rtasida joylashgan), G‘uzor, Sherobod, Boysun, Angor, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Oltinsoy kabi tumanlarida yashovchi aholi orasida davom etmoqda.
Demak, folklor xalq ijodi o‘z umrini davom ettirayotgan va folklor xazinasi boyib borayotgan ekan, ularni yozib olish, to‘plash, tadqiq qilish va xalqning o‘ziga yetkazish kelajak avlod oldidagi burchimizdir.
T.Turdiyev,
Denov tuman ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi rahbari.