French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxshichilik YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi
19:01 / 2021-12-16

Keyingi yillarda mamlakatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida baxshichilik san’atini jadal rivojlantirish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Milliy merosimizning bu noyob turi bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘rgatilishiga katta ahamiyat berilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz va Nukus shaharlarida bo‘lib o‘tgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivallari o‘z mavqei, maqomi, yuksak ruhiyati, tayyorgarligi jihatidan yuqori saviyada o‘tkazildi.

Bundan milliy merosimizning yuksak saviyadagi o‘ziga xos taqdimotiga nainki yurtimizda, balki butun jahon san’at ixlosmandlari guvoh bo‘ldilar. Uning doirasidagi anjumanda baxshichilik san’atini yanada ravnaq toptirishning istiqbollari belgilandi.

Darhaqiqat, Baxshichilik san’ati YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani haqidagi yangilik qanot yozgandek bir zumda mamlakat, dunyo bo‘ylab yoyildi. Ushbu element bo‘yicha nominatsion paket Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020 yilda taqdim etilgandi.

Ikki yil davomida mazkur nufuzli xalqaro tashkilot tomonidan o‘rganib chiqildi va bugun Parijda bo‘lgan yig‘ilishida baxshichilik san’atini nomoddiy madaniy meros, deya tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Sessiya doirasida Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Baxshichilik san’ati” nominatsiyasining taqdimotini o‘tkazdi.

Nomoddiy madaniy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi ushbu elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishni (keng konsensus) yo‘li bilan hech qanday debatlar va ovozga qo‘yishlarsiz ma’qulladi.

Bularning barchasi mamlakatimizda milliy merosni avaylash borasida olib borilayotgan yangilanish jarayonlarining jahon miqyosidagi e’tirofidir.

 N.Usmonova, O‘zA muxbiri