Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxshichilik san’atini rivojlantirishga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi
15:04 / 2022-02-23

Xalqimizning milliy o‘zligini, qadimiy tarixi va tilini, uning hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini o‘zida mujassam etadigan, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi sifatida tan olingan baxshichilik san’ati atoqli baxshi-shoirlarimiz, folklorshunos olimlarimizning fidoyi mehnati, ijodiy tafakkuri bilan asrlardan-asrlarga o‘tib kelmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi (NMMMHQ) XVI sessiyasi doirasida “Baxshichilik san’ati” O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. 

Shu munosabat bilan Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markaz tomonidan “Milliy baxshichilik san’atining rivojlanish bosqichlari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. 

Ushbu konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad baxshichilik va dostonchilik san’atini rivojlantirish, “ustoz-shogird” an’analarini mustahkamlash, o‘zbek hamda boshqa xalqlarning dostonlarini ilmiy o‘rganish, bu borada o‘zaro ijodiy hamkorlik qilishdan iborat. 



Konferensiyada baxshichilik va dostonchilik san’ati yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan professorlar, olimlar hamda yetuk mutaxassislar, shu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan soha vakillari o‘zlarining “An’anaviy epik formulalar va baxshi badihago‘yligi”, “Baxshichilik san’ati istiqbollari”, “Xorazm dostonchilik an’anasining yetakchi namoyondasi”, “Baxshilar san’atida sinkretizm”, “Alpomish dostonida o‘zbek nikoh to‘yi udumlarining talqini”, “Baxshichilik an’analari, yangilanish yo‘llari masalalari”, “Baxshi ijrochilik san’tining ta’lim tizimiga tadbiq etilishi muammolari”, “Baxshi kuylari va ohang yo‘llari”, “III Xalqaro Baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazishda yangicha yondashuv” kabi mavzulardagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. 

Konferensiya so‘ngida baxshichilik maktablari davomchilarining ijro jarayonlari hamda ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu ilmiy-amaliy konferensiya baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va yuksak e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.  

N.Usmonova, O‘zA