Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Guliston tumanining “Baxmal” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun quvonchli yangilik ro‘y berdi. 10-sonli umumta’lim maktabi qoshida barpo etilgan zamonaviy faollar zali foydalanishga topshirildi.
162 o‘ringa mo‘ljallangan yangi inshoot nafaqat maktab tadbirlari, balki mahallaning turli yig‘ilishlari va madaniy marosimlarini o‘tkazishga ham xizmat qiladi.

Loyiha uchun 1 milliard 250 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. U “Tashabbusli byudjet” dasturining 2024 yil birinchi bosqichida 2 ming 118 nafar fuqaroning ovozi bilan g‘olib deb topilgan edi. Ko‘p o‘tmay g‘oya hayotga tatbiq etildi va mahalla ahli orzusi ro‘yobga chiqdi.

Ochilgan zalning taqdimot marosimida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev, mahalla nuroniylari, faollar, pedagoglar va o‘quvchilar ishtirok etdi. Tadbirda ta’kidlanganidek, yangi zal baxmalliklarning birdamligi, yurtiga mehr va sadoqatining yorqin ifodasi sifatida ahamiyatga ega.

– Bu maskan xalq birligi va hamjihatligining ramzidir. Endi baxmalliklar ham ta’lim, ham madaniy-ma’naviy tadbirlar uchun munosib sharoitga ega bo‘ldi, – deydi mahalla faoli Abdurahmon ota Abdimo‘minov.

Mutaxassislar fikricha, “Tashabbusli byudjet” tashabbusi nafaqat mahalliy muammolarni hal etishga, balki aholi ijtimoiy faolligini oshirish, bunyodkorlik va hamjihatlik ruhini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri