Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi 48-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchi qizlaridan tashkil topgan futbol jamoasi “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasining respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.
Viloyat bosqichida shahar va tumanlardan jami 13 ta jamoa ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda baxmallik o‘quvchi qizlar jamoaviy o‘yin, matonat va iroda namoyish etib, birinchi o‘rinni egalladi va shu tariqa respublika finali yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Baxmal tumanidagi 48-sonli maktab jamoasi nafaqat ta’limda, balki sport sohasida ham faolligi bilan ajralib turadi. Maktabda 90 nafar pedagog mehnat qiladi. Ularning 18 nafari oliy, 21 nafari birinchi toifali o‘qituvchilardir. Ta’lim sifati ham yuqori: 2024–2025 o‘quv yilida bitiruvchilarning 55 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.

Maktab o‘quvchilari turli tanlov va musobaqalarda ham munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, “Eng yaxshi xorijiy til maktabi” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida jamoa 2022-yildan buyon g‘oliblikni saqlab kelmoqda. “Huquq-ma’rifiy bilimdoni” tanlovida esa viloyat chempioni bo‘lib, respublika bosqichida ishtirok etgan.
Sportda ham yutuqlar bor. Kurash, futbol va shaxmat bo‘yicha o‘quvchilar respublika bosqichlarida ishtirok etgan. Endi esa maktabning o‘quvchi qizlari futboldagi g‘alabasi bilan barchani quvontirmoqda.
Ayni paytda jamoa respublika finaliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.

— Qizlarimiz juda intizomli va mehnatkash, — deydi jamoa murabbiyi Baxtiyor Shodiyorov. — Viloyat bosqichidagi g‘alaba ularni yanada ruhlantirdi. Hozir respublika finaliga puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Qo‘shni tumanlar jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazyapmiz. Asosiy maqsadimiz — munosib o‘yin namoyish etib, viloyat sharafini himoya qilish.
Jamoa tayyorgarligi mahalliy mutasaddilar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Baxmal tumani hokimi Aziz Ergashev tomonidan qizlar jamoasining mashg‘ulotlari va musobaqaga tayyorgarligiga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu esa yosh sportchilarning ishonch va g‘ayratini yanada oshirmoqda.
Navro‘z bayramidan keyin Termiz shahrida boshlanadigan musobaqaning respublika final bosqichida baxmallik qizlar munosib ishtirok etib, Jizzax viloyati sharafini munosib himoya qiladi degan umid bor.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n-Y9c9PUzwI" title="Baxmallik qizlar respublika finalida " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Abdujalol Qayumov (video, surat), O‘zA