Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va iqtisodiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu boradagi tizimli ishlar Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham qat’iy huquqiy asoslarga tayangan holda amalga oshirilayotir.
2022 yil 7 mart kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan PF–87-sonli “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmon mazkur yo‘nalishdagi siyosiy irodaning yorqin ifodasi bo‘ldi. Unda ayollarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ular uchun kasbiy o‘quvlar tashkil etish va ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir aniq vazifalar belgilangan.
Mazkur farmon ijrosi doirasida hozirda Baxmal tumanida xotin-qizlar uchun amalga oshirilayotgan ishlar tumanning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida sezilarli o‘zgarishlar yasamoqda. Jumladan, Qutlug‘obod, Fayzobod va Do‘stlik mahallalarida viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan 36 soatlik “Tadbirkorlik kompetensiyalarini shakllantirish” o‘quv kurslari buning yaqqol dalilidir.

Kurslar tumandagi ishsiz va tadbirkorlik faoliyatiga qiziqishi bor ayollar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Ular biznes-reja tuzish, bozor muhitini tahlil qilish, moliyaviy savodxonlik, raqobatbardosh mahsulot yaratish kabi muhim ko‘nikmalarni egallashmoqda. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirilgan holda o‘qitilayotgani esa kurs samaradorligini yanada oshirmoqda.
Faol ishtirokchilardan biri — Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi Farangiz Muxammadiyeva bu haqda shunday deydi: — Bu kurs menga o‘z orzularim sari dadil yurishga ishonch berdi. Orzularim orzuligicha qolib ketib, armonga aylanmay, balki haqiqatga aylandi. Endi meni o‘z bilim va ko‘nikmalarimni hayotga tatbiq etadigan, yurtiga, band bo‘lmagan fuqarolarga manfaat yetkazadigan tadbirkor ayol sifatida tanishadi.

Bunday tashabbuslar nafaqat xotin-qizlarning shaxsiy taraqqiyoti, balki mahalliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi va ijtimoiy barqarorlikka ham hissa qo‘shmoqda. Yangi ish o‘rinlari, aholi bandligining oshishi, ayollarning faollashuvi – bularning barchasi 36 soatlik kurslarning keng qamrovli ijtimoiy ahamiyatidan dalolat beradi.
Aynan shunday amaliy loyihalar orqali davlatimiz rahbarining “Har bir ayol – tadbirkor, har bir oila – farovon hayot” degan so‘zlari hayotga tatbiq etilmoqda.

Zero, Baxmalda tadbirkorlik sari yuzlangan ayollar o‘z orzulariga yo‘l topdi. Ular tadbirkorlikni faqat daromad manbai emas, balki o‘zligini namoyon qilish, orzu va maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda munosib o‘rin egallash vositasi sifatida qabul qilishmoqda.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri