Jizzax viloyatining Baxmal tumani xorijiy investorlar e’tiborini tortayotgan hududlardan biri safidan o‘rin olmoqda. Tabiiy-iqlim sharoiti, yer resurslari hamda qishloq xo‘jaligi salohiyati bilan ajralib turadigan tumanda navbatdagi investitsiya tashabbusi muhokama markazida bo‘ldi.
Xitoy Xalq Respublikasining qishloq xo‘jaligi sohasida ixtisoslashgan “Qingdao Wanlin Food” kompaniyasi direktori janob Li Yantao boshchiligidagi 12 nafar investor Baxmal tumaniga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. Safar davomida mehmonlar “Muzbuloq”, “Oyqor”, “O‘rmonchi”, “Sangzor” va “Tongotar” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida bo‘lib, mavjud yer maydonlari, infratuzilma imkoniyatlari hamda mahalliy mehnat resurslari bilan yaqindan tanishishdi.

Ma’lumki, “Qingdao Wanlin Food” kompaniyasi sabzavot yetishtirish, dorivor o‘simliklar hamda chorva ozuqa ekinlari ishlab chiqarish yo‘nalishida jahon bozorida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda. Kompaniyaning ilg‘or agrotexnologiyalari va eksport salohiyati Baxmal tumani qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratadi.

Muzokaralar jarayonida tuman hududidagi 500 gektar lalmi yer maydonlarida dorivor o‘simliklar plantatsiyasini tashkil etish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, tumanda yangi ish o‘rinlari yaratish, yerlardan samarali foydalanish hamda mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, bunday investitsiya tashabbuslari nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshiradi, balki Baxmal tumanining investitsiyaviy jozibadorligini yanada mustahkamlab, hududning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga zamin yaratadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri