Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxmalda “Vatan uchun, millat uchun!” shiori ostida bayram shodiyonasi
16:03 / 2025-08-29

Mustaqillik — millatning erki, Vatanning boshqaruvi, xalqning qismatidir. Ana shu muqaddas qadriyat yurtimizda faxru iftixor bilan nishonlanayotgan mustaqillikning 34 yilligini baxmalliklar ham alohida ruhda qarshi olmoqdalar.

Jizzax viloyatining Baxmal tumani markazida joylashgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori yana bir bor yuraklarga muhrlandi.

Tuman hokimi Aziz Ergashevning samimiy tabrigi, baxmalliklarning yuksak kayfiyati tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar Baxmal tumanida ham o‘zining samarali natijalarini ko‘rsatmoqda.

Aniq belgilangan davlat dasturlari asosida 2 mingga yaqin oila moddiy yordam, imtiyozli kredit va doimiy ish o‘rinlari orqali turmushlarini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli umumiy qiymati 18 milliard so‘mlik maktab va sport zallari qurildi, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan shifoxonalar faoliyat boshladi. 200 o‘rinli bolalar oromgohi qurilishi esa baxmallik bolajonlar uchun katta sovg‘a bo‘ldi.

“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” kabi loyihalar orqali o‘nlab mahallalar zamonaviy qiyofa kasb etdi. Suv ta’minoti, gaz, yo‘l va elektr tarmoqlarida amalga oshirilgan ishlar tufayli yuzlab yurtdoshlarimizning yuzlariga tabassum indi. Mahalliy aholi “Tashabbusli byudjet” loyihalarida faol ishtirok etib, o‘z hayotidagi muammolar yechimiga bevosita dahldor bo‘lmoqda.

Ta’lim sohasida ham tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Maktabgacha ta’lim qamrovi 5 foizdan 77 foizgacha o‘sdi, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga qabul darajasi ham ortib bormoqda. Yoshlar fan, madaniyat, sport, IT kabi sohalarda mamlakat sharafini munosib himoya qilmoqdalar.

[gallery-25033]

Mustaqillik bayrami arafasida baxmalliklar fidokorona mehnatlarining munosib e’tirofi sifatida yurtdoshlarimiz bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lishdi. Jumladan, asli baxmallik bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri, marhum To‘ra Sulaymon — “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, Xalq deputatlari Baxmal tumani Kengashi deputati, "Ishonch" - "Doveriye" gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov — “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan, “Baxmal Natural Juice” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rustam Xo‘jayev — “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan, “Muzbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Dilfuza Tursunboyeva — “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishdi.

Bu kabi yuksak e’tiroflar baxmalliklarning halol mehnati, tashabbusi va jonkuyarligining amaliy samarasi sifatida barchaga ilhom bag‘ishladi.

Shunday zafarli qadam va marralar bizni bir maqsad atrofida birlashtiradi: tinch, farovon, gullab-yashnayotgan O‘zbekistonni barpo etish. Bu yo‘lda har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shmog‘i shart. Vatanga muhabbat — so‘z bilan emas, amal bilan namoyon bo‘ladi.

Mukofotlangan yoshlardan biri — Davron Abdurashid o‘g‘li Mamatkarimov. Uning “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lishi baxmallik yoshlar uchun ibrat namunasidir. 

Baxmaldagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan jasur yigitlar tomonidan tashkil etilgan sport namoyishlari, harbiy mashqlar va ko‘rgazmali chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Bayramda ishtirok etgan sportchi va yosh armiyachilarning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari tantanani yanada shukuhliroq etdi.

Shuningdek, poytaxtimizdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar, viloyatdagi ijodkorlar, bolajonlar hamda Baxmal tumanidagi “Barlos” etnografik xalq ansamblining konsert dasturi, harbiy orkestrning jonli ijrosi bayramni haqiqiy xalq sayliga aylantirdi.

                                                                                                    A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari