Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxmalda Jahon banki ko‘magida yangi maktab barpo etildi
14:22 / 2022-10-01

Jizzax viloyati Baxmal tumani “Saroy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangidan bunyod etilgan umumta’lim maktabi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Jahon banki, Jizzax viloyati va Baxmal tumani hokimliklari, viloyat va tuman xalq ta’limi tizimi xodimlari, maktab jamoasi, mahalla faollari ishtirok etdi.

Jahon andozalari asosida 220 o‘ringa mo‘ljallab yangidan qurilgan va yangi tashkil etilgan 86-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida yaratilgan sharoitlar barchaga manzur bo‘ldi.Zamonaviy sinf xonalari, fan kabinetlari, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter xonasi, o‘quv, badiiy va elektron kitob fondiga ega kutubxona, faollar zali, oshxona va 12x24 hajmdagi yopiq sport zal uquvchilar ixtiyorida.

Prezidentimizning 2020 yil 25 noyabrdagi “Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalari banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yil so‘nggi choragidan boshlab respublikamizning 5 ta viloyatida, shu jumladan, Jizzaxda ham bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Baxmal tumani “Saroy” qishlog‘ida 220 o‘rinli maktab qurilib, foydalanishga topshirildi.

[gallery-9003]

Ushbu loyiha Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalari banki tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, uning qurilishi, filialning rekonstruksiya qilinishi va to‘liq jihozlanishiga 447 ming 838 AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflandi. Tadbir doirasida qishloqning infratuzilma ob’ektlari, bu yerdagi mavjud muammolar, aholi salomatligi, daromadlari, yo‘l infratuzilmasi va boshqa qator masalalar bo‘yicha “Mahalla manbalari xaritasi” taqdimoti o‘tkazildi. 

“Og‘ir hudud”lardan hisoblangan Baxmal tumanidagi “Saroy” mahallasida ayni paytda 2 ming 789 kishi istiqomat qiladi. Ushbu qishloq farzandlari ta’lim olish uchun shu mahalladagi mavjud 30-sonli umumta’lim maktabiga 3-4 kilometr masofa bosib o‘qishga qatnagan. 230 o‘rinli 30-maktabda 500 nafarga yaqin bolalar 2, hatto, 3 smenada o‘qigan. Shu sababdan 2020 yilning dekabr oyida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining Jamoa safarbarligi bo‘yicha mutaxassislari “Saroy” mahallasi aholisi bilan uyushtirilgan ijtimoiy audit tadbirlarida yangi zamonaviy maktab qurishni tanlagan edi. 

– Ayni paytda foydalanishga topshirilgan yangi 2 qavatli zamonaviy maktabning umumiy maydoni 1,1 gektarni tashkil etadi, – deydi 86-sonli maktab direktori Feruz Qoraboyev. – Maktabda 12 ta o‘quv xona, laboratoriya, mehnat ta’limi va barcha fan xonalari mavjud. Ko‘mir bilan individual isitish tizimi o‘rnatilib, maktab uchun toza ichimlik suvi chiqarib berildi. Kuzatuv kameralari, elektr ta’minoti uchun alohida transformator o‘rnatildi. Yangi maktabda 29 nafar o‘qituvchi, 11 nafar texnik xizmatchi ish bilan ta’minlandi. 233 nafar o‘quvchilar o‘qiydi.

– Loyiha mutaxassislari tomonidan mahalla aholisining ehtiyojlari o‘rganildi, – deydi “Saroy” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduvaxob Ismoilov.  – Bolalarning sovuq kunlarda loylarni kechib 4 kilometrgacha uzoqlikda joylashgan maktabga borishi inobatga olinib maktab qurish taklifi ilgari surildi. Mahallamiz og‘ir hudud hisoblanib, yo‘l infratuzilmasida, maktabgacha ta’lim tashkilotida (butun mahallada 1 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud), oqova va ichimlik suvida, tibbiy xizmat ko‘rsatishda muammolar borligi va tabiiy gaz yo‘qligiga qaramay, farzandlarimizni bilim olishi muhim, degan qarorga kelib, maktab va maktabga eltuvchi yo‘lni asfalt qilishni tanladik.

Tadbirda Jahon bankining (JB) Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde xonim O‘zbekistonda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishda, eng quvonarlisi, bu loyihalarda Jahon bankining yordami tegayotganidan juda mamnunligini ta’kidladi.

A.Qayumov, 
J.Yorbekov (surat), O‘zA