Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxmalda bog‘dorchilik rivojlanib, yangi yerlar o‘zlashtirilmoqda (+video)
10:29 / 2024-10-10

Jizzax viloyatining Baxmal tumani Zomin, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Samarqand viloyatining Bulung‘ur hamda Tojikiston Respublikasining Ayniy tumanlari bilan chegaradosh bo‘lib, umumiy maydoni 1,86 ming kilometr kvadratdan iborat.

Baxmalliklar joriy yil uchun tuman bo‘yicha belgilangan 8 million 760 ming AQSH dollarilik mahsulot eksporti rejasini o‘tgan 9 oy davomida 9 million 718 ming 900 AQSH dollarlik miqdorda amalga oshirib, reja amalda 175 foizga bajarildi. Shundan eksport qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari salkam 7 million AQSH dollarini tashkil etganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Hali yil yakuniga yetishiga salkam 3 oy borligini hisobga olsak, bu ko‘rsatgichlar yanada o‘sishi, shubhasiz.

Baxmal tumanini geografiyasi, tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, uchta– tepa, o‘rta va pastki hududlarga bo‘lish mumkin. Dengiz sathidan 1500-2000 metr balandlikda joylashgan tepa hudud bog‘dorchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda yetishtirilayotgan, dunyoga dong‘i ketgan Baxmal olmalarini nafaqt tumanning, balki respublikamizning boshqa biror joyidan topish amrimahol.  

[gallery-19659]

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng tumandagi ko‘plab bo‘sh yotgan qir-adrlarni o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratildi.  

Xizmat safarimiz davomida tumanda qishloq xo‘jaligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni “O‘rmonchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xoliqul aka Ergashev boshqarayotgan “Madinabonu Ahmadjon qizi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bog‘laridan boshladik.

2012 yil o‘z faoliyatini boshlagan MCHJ jamoasi bu qir-adirlarga Oyqor tog‘i etagidagi buloq suvini quvurlarga solib olib kelgan. Hozir 100 gektar maydondagi olmazor bog‘i ayni hosilga kirib, yig‘im-terim ishlari avj pallaga chiqqan.  

Ushbu bog‘da mehnat qilayotgan 50 nafar doimiy, 150 - 200 nafar mavsumiy ishchi olmazor bog‘ida pishib yetilgan yuqori navli “jeremi”, “goldon”, “pujir” kabi serhosil olma navlarini terib, saralab, maxsus qutilarga qadoqlash bilan shug‘ullanayotganiga guvoh bo‘ldik.  

Mazkur bog‘da barcha agrotexnik tadbirlar tomchilatib sug‘orish suv tejamkor texnologiyalar asosida amalga oshirilib, yil davomida 17-18 marotabagacha dorilash, yerga ishlov berish va mahsulotni tashish ishlari “Madinabonu Ahmadjon qizi” MCHJga qarashli 12 dona maxsus texnika vositasida bajarilmoqda.  

Har gektar maydondan o‘rtacha 35 - 40 tonnadan terib olinayotgan hosilning bir qismi eksportga, bir qismi ichki bozorga va uchinchi qismi esa muzlatgichli omborxonalarga saqlash uchun peshma-pesh jo‘natilayotir.

Xizmat safarimizning keyingi manzili Rustam aka Xoliqov ta’sischiligida 2020 yilda tashkil etilgan “Sharq yuragi” MCHJ bog‘lari bo‘ldi.

– Bizning “Sharq yuragi” MCHJimiz asosan bog‘dorchilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan, – deydi ushbu jamiyat rahbari Shahzod Hamidov. – Ayni paytda o‘zlashtirgan bog‘ maydonimiz 27 gektarni tashkil etadi. Bog‘imizda  “jeremi”, “golden”, “super golden”, “gala”, “krepkson” kabi 8 turdagi olma daraxtlari parvarish qilinmoqda. 10 kishini doimiy ish bilan ta’minlaganmiz. Bu yildan nihollarimizning bir qismi hosilga kirdi. Hosilni terib olish, dorilash va boshqa bog‘dorchilik ishlarini amalga oshirish uchun yil davomida 30 nafardan 50 nafargacha mavsumiy ishchi jalb etamiz.  

Bundan tashqari, ko‘chatlarni har joydan olib kelmay o‘zimizda yetishtirayapmiz. Buning uchun Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatlaridan ko‘chatlarning “matichnik” (“M – 106” ham deyladi), ya’ni onalik nihollarini olib kelib, ko‘chatchilik uchun ajratgan yerlarimizga ekdik va bog‘imizdagi serhosil yuqori sifatli daraxtlardan payvand shoxlar olib, payvanadlash ishlarini amalga oshirganmiz. Ushbu ko‘chatlarimiz tayyor bo‘lgach, to‘rtdan bir qismini yerimizni kengaytirib o‘zimiz ekamiz, qolgan ko‘chatlarni sotishni rejalashtirganmiz.

Shuningdek, Xitoydan “chyorniy jemchujina” (“qora marvarid”) navini olib kelib, tajriba tariqasida 50 tup ekdik. Bu ko‘chatlarni dengiz sathidan 1800-2000 ming metr balandlikka ekishni rejalashtirayapmiz. Chunki bu olma salqin joyda o‘sadi. Balandikda harorat ancha salqin bo‘lgani uchun olma kasallikka kamroq chalinadi, rangi ham qopqora bo‘lib, yaltirab turadi. Transportirovka qilinganda uzoq muddat sifatini yo‘qotmaydi, maza ham kirib boraveradi, bozorlarga olib chiqilganda juda ham xaridorgir bo‘ladi.

Kelgusida bog‘ va faoliyatimizni yanada kengaytirib, olmani qayta ishlash va qadoqlash sexlarini ham tashkil etishni, ish o‘rinlari sonini oshirishni, eksportni yo‘lga qo‘yishni  rejalashtirganmiz.

– Avvallari, shu yerlarda bor-yo‘g‘i 2 – 3 kishi ishlab, ular ham yolchitib daromad ololmagan bo‘lsa, muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqarolarni band qilish maqsadida har bir oilaga 0,5 gektardan 1 gektargacha maydon ajratib berildi. Xudoga shukr, biz ishsizlarning ham bag‘riga oftob tegdi, – deydi Barlos qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Obloqul Haydarov. – Mahalliy tadbirkor auksiondan bu joyni yutib olib, artizan qazidi, tomchilatib sug‘orish usulini yo‘lga qo‘ydi, serhosil pomidor ko‘chatlari ekdi. Shu qishloqdagi vaqtinchalik band bo‘lmagan men kabi fuqarolarga shu ekin yerlari bo‘lib berildi. 2 yildan buyon mana shu yarim gektar maydonda oilam bilan mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirayapmiz. O‘tgan yili ana shu 50 sotix yerdan 100 million so‘m sof daromad oldik. Bu yil hosil har yilgidanda mo‘l bo‘ldi. Xudo xohlasa, 140- 150 million so‘m daromad qilishni chamalab turibmiz.  

– Tepa hududimizda dehqon-fermer xo‘jaliklarimiz va tadbirkorlar tomonidan  8 ming 500 gektarga yaqin maydonda intensiv bog‘lar yaratildi, – deydi Baxmal tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari kengashi raisi Ne’matullo Abduahadov. – Shundan hosilga kirgan bog‘lar 3500 gektarni tashkil etadi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida nafaqat bog‘larimizni, balki barcha ekin turlarining asosiy qismi suv tejovchi texnologiyalariga asoslangan tomchilatib sug‘orish tizimida tashkil etilmoqda. Bu suv taqchil bo‘lgan Baxmal tumanida muhim ahamiyat kasb etadi.  

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan “Turonbank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tepa hududdagi “O‘rmonchi” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli yerning 100 gektari tomchilatib sug‘orish va o‘g‘itlash jarayonlari kompyuterda amalga oshiriladigan “lazerli bog‘” barpo etilmoqda. Bu maydon o‘zlashtirilib, ko‘chat ekishga tayyorlanib, artizan qudug‘i qazildi va suv chiqarildi. Bugun- erta eng yuqori navli serhosil bo‘lgan mevali daraxtlar, asosan olma daraxti nihollari ekiladi. Ana shu bog‘ hosilga kirgach, kambag‘allikni tugatish maqsadida ishga yaroqli bo‘lgan ehtiyojmand, vaqtincha band bo‘lmagan va ijtimoiy daftarlarda turuvchi fuqarolarimizning har biriga 0,10 gektardan 0,5 gektargacha olmazorlar bo‘lib beriladi.  

O‘rta hududda asosan uzumchilik rivoj topgan bo‘lib, davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ushbu hududda fermer xo‘jaliklari tomonidan 2800 gektar maydonda yetishtirilayotgan husayni, toifi, kelin barmoq, kishmish, Rizamat ota va boshqa uzum navlari Farg‘ona vodiysidagi dong‘i ketgan uzumlardan o‘tsa o‘tadiki, aslo qolishmaydi.  

Pastki, ya’ni bir qismi Tuyatortar kanali suvi bilan sug‘oriladigan hudud asosan sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Mustaqillik yillariga kelib, Buxoro amiri Sayyid Abdulahadxon davlatni boshqargan 1885–1910 yillarda Zarafshondan Sangzor daryosigacha bo‘lgan masofagacha qazilgan va Tuyatortar kanali suvidan imkon darajasida unumli foydalanilib, ushbu yerlarni o‘zlashtirish yanada kengaydi. Bugungi kunda tumandagi pastki hududa kartoshka, sabzi, piyoz, karam, pomidor kabi sabzavot mahsulotlari ekilib, fermeru fuqarolar mo‘maygina daromad qilmoqda.

Joriy yil pastki hududdagi 30 gektar maydonga Rossiyadan olib kelingan serhosil kartoshka urug‘i qadalgan, yana 15 - 20 kunlarda pishib yetilgach kovlab olinadi. Bu kartoshka urug‘lik uchun ekilgan bo‘lib, kelgusi yil ana shu kartoshka urug‘likni shu hududagi fermer xo‘jaliklarining 1600 gektar yeriga ekish rejalashtirilgan edi. Lekin tuman hokimining tashabbusi bilan ushbu kartoshka navini 2500 gektarga ekishga qaror qilindi. Chunki tuman kartoshka urug‘i yetkazib berishga ixtisoslashgan, shu sababli, kelgusi yildan nafaqat viloyatimiz, balki qo‘shni viloyat hududlaridagi tumanlarga ham urug‘lik kartoshka yetkazib berish boshlanadi.  

2023 yil tumandagi “Barlos” MFY hududidagi lalmi don ekilib, umuman foyda o‘rniga zarar ko‘rib yurgan 901 gektar yer auksionga chiqarib, tadbirkorlarga berildi. Ular artizan qazib, suv chiqardi, o‘zlashtirib, turli sabzavot ekinlari ekdi va uni 1650 nafar fuqaroga bo‘lib berdi. Joriy yilda esa yana 400 gektar yerga suv chiqarilib o‘zlashtirildi, bu yerda ham tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilib, u yerlarga pomidor, karam, piyoz va boshqa sabzavot ekinlari ekildi va salkam 450 nafar yosh baxmallikka bo‘lib berildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida faqat pastki hududning o‘zida 2 mingdan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlandi. Ular shu yerlarda mehnat qilib, o‘rtacha 60 – 70 million so‘mdan daromad olmoqda.  

Bugungi kunda tuman bo‘yicha O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit mablag‘lari hisobidan umumiy sig‘imi 20 ming tonnaga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sentyabrdan may oyigacha sifatli saqlay oladigan 35 ta muzlatgichli omborxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, yana 4 ta shunaqa omborxona qurilmoqda.  

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad  oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qish va erta bahor mavsumida bozorlarimizda narx-navo sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishdir.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/sfPHaY2eFGE?si=BjA666K11MYEatGY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat,video),  

O‘zA muxbirlari