Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining Baxmal tumani bo‘limi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan 1 milliard 575 million so‘mlik qarzdorlik undirildi.
Prezidentimizning joriy yil 13 fevraldagi “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining ijrosi doirasida Baxmal tumanida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin, yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish, ulardan samarali va oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilganiga qaramasdan bugungi kunda yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonun buzarlik holatlari ortib bormoqda.

Energetika tuzilmalarining o‘nlab yillar oldin qurilgan va hali hamon ta’mirlanmagan infratuzilma eskirib ketgan, buning barini epaqaga keltirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarni amalga oshirish, quyosh panellari ishlab chiqarishni moliyalashtirish, gidro elektr stansiya qurilishi uchun esa katta miqdordagi mablag‘ talab etiladi.
Bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan iste’mol qilingan energiya uchun to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanib, to‘lov intizomi 5-6 yillar oldingiga nisbatan tubdan o‘zgarganligini shu o‘rinda e’tirof etish lozim.
Lekin, afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, energiya yetkazib beruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmasdan, iste’mol qilgan energiyaning pullari o‘z vaqtida to‘lamaydiganlar ham talaygina.
Byuroning Baxmal tumani bo‘limi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan ijro hujjatlariga asosan joriy yilning 8 fevral kunidan energiya resurslaridan qarzdorligi uchun 382 nafar jismoniy va yuridik shaxslardan 1 milliard 575 million so‘mlik qarzdorlik mablag‘lari amalda undirib olindi.
Shuningdek, 14 ijro ishi bo‘yicha mavjud qarzdorlik qarzdorlarning ish haqiga qaratildi. Undirilgan mablag‘lar kelgusida mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika tuzilmalarini modernizatsiya qilinishida xizmat qiladi.
A.QAYUMOV, O‘zA