Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxmal za’faroni: organik ishonch va xavfsizlik
16:54 / 2026-02-03

Bugun dunyo bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotining hajmidan ko‘ra uning xavfsizligi, tabiiyligi va shaffof ishlab chiqarish zanjiri ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu talablar fonida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yetishtirilayotgan za’faron mahsuloti xalqaro ishonchni yana bir bor mustahkamladi.

Baxmal tumanida faoliyat yuritayotgan “BMB-Opera Zafferano” korxonasi AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligining Milliy organik dasturi — USDA Organic (USDA NOP) xalqaro sertifikati muddatini uzaytirdi. Mazkur sertifikat Niderlandiyada joylashgan “Control Union Certifications B.V.” tomonidan berilgan bo‘lib, u korxonada za’faronni yetishtirish, saqlash va qayta ishlash jarayonlari qat’iy xalqaro organik standartlarga to‘liq muvofiq ekanini tasdiqlaydi.

USDA Organic sertifikati — bu shunchaki hujjat emas. U mahsulot tarkibida kimyoviy o‘g‘itlar, sintetik pestitsidlar va taqiqlangan moddalar qo‘llanilmaganini, ishlab chiqarish jarayoni esa doimiy nazorat ostida amalga oshirilganini kafolatlaydi. Ayni shu jihat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, organik mahsulot ishlab chiqarish nafaqat eksport salohiyatini oshiradi, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishda ham muhim omil hisoblanadi. Bu ma’noda, Baxmal tumanida organik za’faron yetishtirish tajribasi hududiy qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishga xizmat qilmoqda.

Sertifikatning uzaytirilishi korxonaga o‘z mahsulotini AQSH va boshqa xalqaro bozorlarga “organic” belgisi ostida eksport qilish imkoniyatini beradi. Shuningdek, sertifikatga oid ma’lumotlar “USDA Organic Integrity Database” rasmiy elektron platformasida aks etgani korxona faoliyatining ochiqligi va ishonchliligini yanada oshirmoqda.

Muhimi, ushbu yutuq yakka korxona doirasida qolib ketmayapti. U Jizzax viloyatida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini kuchaytirish, hududning organik qishloq xo‘jaligi xaritasidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi global kun tartibiga chiqqan bugungi sharoitda bunday tashabbuslar strategik ahamiyat kasb etadi.

Shu tariqa, Baxmal za’faroni nafaqat o‘zining noyob ta’mi va shifobaxsh xususiyatlari, balki xalqaro organik ishonch bilan ham O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining yangi salohiyatini namoyon etmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri