Jizzax viloyatining Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida «Jizzax tadqiqot» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan agroturizm tashkil etish bo‘yicha qiymati 1 milliard so‘m bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida kichik mehmonxona, kempinglar majmuasi barpo etilayotir.
Qish tog‘li hududda sayyohlik mavsumi emas. Ammo tumanda sayyohlik yo‘nalishlarida yozgi mavsumga tayyorgarlik ishlari to‘xtagani yo‘q. «Jizzax tadqiqot» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilgan turizm yo‘nalishida ham sayyohlarni kutishga tayyorgarlik ishlari qizg‘in. Ushbu loyiha doirasida “Baxmal” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan 10 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga berilayotgan katta e’tiborning natijasini markazdan ancha olisda joylashgan Baxmal tumanida ham ko‘rish mumkin. Turkiston tog‘ tizmasining qor qoplagan Oyqor cho‘qqilari etaklari tabiati ilgari hozirgidan ham chiroyli bo‘lgandir balki, biroq sayyohlar kelmagan. Boisi tog‘ tabiatidan zavqlanishga keladigan sayyohga yo‘l, yashaydigan, ovqatlanadigan joylar, internet ham kerak. Ilgari bu yerda shu infratizim yo‘q edi.
[gallery-431]
Prezidentimizning turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror va farmonlari asosida Baxmal tumani viloyatning sayyohlik hududlaridan biriga aylantirilmoqda. Keyingi yillarda tumanning turizm salohiyatini oshirish, oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish, mavjud ziyoratgohlarni talab darajasiga keltirish, tumanda sanitar-gigiyenik shahobchalarni barpo etish ishlari tez sur’atlar bilan olib borilayotir. Zamonaviy loyiha bilan infratizim inshootlari, odamlarning zamonaviy turar-joylari bu tog‘li hududning qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda.
Keyingi ikki yil ichida tumanning tabiati so‘lim joylarida 15 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 12 milliard 800 million so‘mlik kemping va dam olish maskanlari tashkil etildi. Bu maskanlarning yoz mavsumida 7 ming 500 nafar dam oluvchilarni qabul qilish imkoniyati mavjud.
Hozirgi kunda tumanda 150 o‘ringa mo‘ljallangan “Baxmal ormogohi” sanatoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu yozgi mavsumda 2 ming 250 nafar dam oluvchilarni qabul qilish quvvatiga ega.
Dam oluvchilar uchun barcha qulayliklarga ega oromgoh nafas yo‘llari bronxial astma, turli allergik, asab tizimi va harakat-tayanch a’zolari xastaliklaridan davolashga ixtisoslashtirilgan. Shu maqsadda oromgohda tuz kamerasi, fitobochka, fizioterapiya, parafin ozokerit, davolovchi jismoniy tarbiya, piyoda yurib davolanish (terrenkur), uqalash va parxez bilan davolash yo‘lga qo‘yilgan.
Oromgohda kutubxona, bar, bolalar uchun o‘yin attraksionlari, sport va bolalar maydonchalari mavjud.
Tumanda hududdagi imkoniyatlardan foydalanib sayyohlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ziyorat turizmini kengaytirishda ham amaliy ishlar olib borilayotir. Xususan, tumanning turistik yo‘nalishlariga kiritilgan O‘smat ota, Novqa ota, Sayid Mirxalilloh, Xo‘ja ko‘ndalang, Terakli ota ziyoratgohlarini qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Sayyohlar uchun qulaylik yaratishda yo‘l va yo‘l infratizimi inshootlarining ahamiyati katta. Shu maqsadda yo‘llar ham yaxshilanayotir.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan ”Dashtobod sh.-Zomin sh.- Baxmal q.-G‘allaorol sh.” avtomobil yo‘lining 106 kilometiri shu jumladan, Baxmal tumani hududidagi 39 kilometr yo‘l kapital ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur yo‘lning qayta ta’mirlanishi viloyatda, shu jumladan Baxmal tumanida ham ichki turizmni rivojlantirishda katta qulaylik yaratadi.
Baxmalda dam olish maskanlarini ko‘paytirish faqat dam oluvchilarga emas, birinchi navbatda shu hududda yashovchi aholi bandligini ta’minlashda, turmush faravonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda turizmni rivojlantirish Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi, tuman hokimligi mutasaddilaridan iborat ishchi guruh qishloqlarda mehmon uylari barpo etish, aholida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini shakllantirish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borayotir.
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA