Jizzax viloyatining Baxmal tumanida aholi farovonligini ta’minlash, qishloqlarni obod va zamonaviy qiyofaga kiritish maqsadida yo‘l qurilishi hamda infratuzilmani yaxshilash ishlari izchil davom etmoqda.
Tumandagi Oyqor mahallasida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ichki yo‘llarga 1 kilometr masofada asfalt qoplamasi yotqizildi. Zamonaviy qiyofaga ega bo‘layotgan ko‘chalarda fuqarolar uchun harakat yanada oson va xavfsiz bo‘lib bormoqda. “Har bir o‘zgarish – yanada obod va chiroyli hayot sari tashlangan qadam” deyishmoqda mahalladagi faollar.

Shu bilan birga, Mo‘g‘ol mahallasida ham aholi tashabbusi va homiylar ko‘magida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda uzunligi 3,5 kilometr bo‘lgan piyodalar yo‘lagi qurilib, aholi uchun qulay harakatlanish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, mahallada 250 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatilib, qishloq kechasi ham xuddi kunduzdek yorug‘ bo‘lmoqda.
Nurafshon mahallasida ham ichki yo‘llarni yaxshilash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu yerda 1500 metr ichki yo‘l shag‘al bilan qoplanib, aholining qulay harakatlanishi va transport qatnovi uchun sharoit yaratilmoqda.

Yo‘llarning ta’mirlanishi nafaqat qulaylik, balki qishloq ko‘chalarining yanada chiroyli va tozaligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.

Tuman markazidagi “Chorshanba dehqon bozori”da ham aholiga qulaylik yaratish maqsadida bozor hududi betonlashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar savdo madaniyatini oshirish, tadbirkorlar va xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratishga qaratilgan.

Bugungi kunda Baxmaldagi har bir mahalla va qishloqda amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlari va infratuzilmaning yangilanishlari mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib, aholi turmush sifatining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov (video+surat), O‘zA muxbiri