Jizzax viloyatining tog‘ bag‘rida joylashgan Baxmal tumani so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida yangi – innovatsion bosqichga qadam qo‘ydi. Yer va mehnatning qadri qayta anglanmoqda, zamonaviy texnologiyalar esa an’anaviy sohaga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Tumandagi 33,3 ming gektar yer maydonining 3,5 ming gektari sug‘oriladigan, 29,8 ming gektari esa lalmi yerlardan iborat. Mazkur hududda 1349 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyat yuritmoqda. Har bir yo‘nalishda – g‘allachilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik va chorvachilikda katta natijalar ko‘zga tashlanmoqda.
2025 yilga mo‘ljallangan rejalarga ko‘ra, tumanda umumiy 293 ming tonna mahsulot yetishtirilishi kutilmoqda. Buning ichida 61,8 ming tonna meva, 50,7 ming tonna sabzavot va 17,8 ming tonna g‘alla asosiy o‘rinni egallaydi.
Yangi bosqichda 1,2 ming gektar maydonda zamonaviy intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida 42 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 1000 gektar yangi bog‘ va tokzorlar tashkil etildi, ularning 432 gektari tog‘oldi qir-adirliklarda joylashgan.
– Umumiy yer maydonimiz 65 gektar bo‘lib, shundan 14 gektari lalmi beda, 3 gektari suvli, qolgan qismi lalmi g‘alla ekinlariga ajratilgan. Yaqinda artezian quduq qazib, 8 gektar olma bog‘i, 1 gektarga yaqin nok, behi va o‘rik bog‘ini barpo etdik, – deydi “Xoliq – T” ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Murod Xoliqov. – Bog‘larimiz o‘tgan yili ilk meva berdi, bu yil esa to‘liq hosilga kirdi. Olma bog‘imiz yosh bo‘lsa-da, daromad 40 million so‘mni tashkil qildi.
Xo‘jalik asosan chorvachilikka ixtisoslashgan. Hozir 38 bosh qoramol, shundan 13 tasi sog‘in sigir, 150 bosh qo‘y belgilangan ratsion asosida boqilayapti. Sut va go‘sht mahsulotlari ichki bozorga sotilmoqda.
– O‘tgan yili xo‘jaligimiz 70 million so‘m sof daromad ko‘rdi. Bu yilgi rejamiz bu ko‘rsatkichni kamida ikki baravarga oshirish, – deydi fermer.
Tumanning Tuyatortar kanali suvi bilan sug‘oriladigan pastki qismi asosan sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Bu yerda kartoshka, sabzi, piyoz, karam va pomidor yetishtirish avj olgan.
Ayni shu hududda istiqomat qiluvchi Eshpo‘lat bobo Jumaqulov o‘z tomorqasidan unumli foydalanish bo‘yicha namuna bo‘lib turibdi.
– Birinchi hosil sifatida 26 sotix tomorqamga loviya ekib, 25 million so‘m sof daromad qildim, – deydi u. – Endi ikkinchi ekin sifatida kartoshka ekib, 9–10 tonna hosil olishni mo‘ljallayapman. Bu yilgi umumiy sof daromad 50 million so‘m atrofida bo‘ladi, deb o‘ylayapman. Bu hisobga to‘qsonbosti uchun ekiladigan mahsulotni qo‘shmadim, chunki uning hosilini kelgusi yil olamiz.
Bunyodkor mahallasidagi har 10 ta xonadondan 9 tasi Eshpo‘lat bobodek o‘z tomorqasini daromad manbaiga aylantira olgan. Bu nafaqat oilaviy byudjetga hissa, balki o‘zini-o‘zi band qilish imkoniyatini ham yaratmoqda.
Baxmalliklar “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini hayotga joriy etishda o‘z yondashuvlarini topa olgani tahsinga loyiq. Yerni boqsang yer seni boqadi, deganlari shu bo‘lsa kerakda.
“Javohir Mamatmurodov” oilaviy fermer xo‘jaligi ham mehnati samarasini namoyish etmoqda. Xurshid Elmurodov rahbarligidagi ushbu xo‘jalik 6 gektarlik yerda loviya, kartoshka, piyoz va pomidor yetishtirmoqda.
– Bir gektar piyozdan 70–80, pomidordan 50–60 sentnerdan hosil olish niyatidamiz, – deydi Xurshid aka. – Kelgusi yildan boshlab suv tejovchi tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish uchun barcha jihozlarni olib bo‘ldik. Bu esa hosildorlikni kamida bir yarim- ikki barobar oshirish imkonini beradi.
Innovatsiya va investitsiyalar tufayli tumanda qishloq xo‘jaligi yuqori pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Masalan, “Agrobank” va Fransiyaning “Dalival” kompaniyasi hamkorligida 13,5 gektar maydonda zamonaviy sanoatlashgan bog‘ barpo etildi. Ushbu loyiha qiymati 7 milliard 500 million so‘mni tashkil etadi va yildan-yilga hosildorlik oshishi kutilmoqda.
Yana 200 gektar zamonaviy bog‘lar barpo etish rejasi bor. Bundan tashqari, hozirgi kunda 650 gektar maydonga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan bo‘lib, ulardan 492 gektari faoliyat yuritayapti.
Chorvachilik sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Joriy yilda 26 ta loyiha amalga oshirildi: 6 tasi qoramolchilik, 5 tasi qo‘ychilik, 15 tasi asalarichilik yo‘nalishlarini qamrab olgan.
15 ming 300 bosh yirik shohli mol sun’iy urug‘lantirilib, naslni yaxshilash ishlari tufayli sohaga tegishli ko‘rsatkich 51 foizga yetkazildi.
[gallery-25619]
– “Baxmal keng dalasi” fermer xo‘jaligimiz 40 gektar yerga ega. Asosan no‘xat va arpa yetishtiriladi, – deydi fermer Umid Qo‘shaqov. – Yaqinda yangi kalibrlovchi uskuna xarid qildik. Bu uskuna kuniga 10–15 tonna mahsulotni tozalash va saralash imkonini beradi. Endi nafaqat o‘z mahsulotimiz, balki boshqa fermerlarning ham mahsulotlarini qayta ishlab, qoplab berish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Bu kichik sex tufayli oilaviy daromadimiz ancha oshib, yangi uy qurdik, mashina oldik, to‘y qildik. Davlat rahbarining ko‘rsatgan e’tibori tufayli hayotimizda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Muxtasar aytganda, Baxmal tumanida qishloq xo‘jaligi zamonaviylik va an’analar uyg‘unligida rivojlanmoqda. Intensiv bog‘lar, innovatsion texnologiyalar va fuqarolarning fidokorona mehnati tufayli tuman nafaqat ishlab chiqarish markaziga, balki farovonlik va iqtisodiy barqarorlik manziliga aylanib bormoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_XwF_NkSsgY?si=eiagTCbhKnGTjSsY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (surat, video), O‘zA muxbirlari