English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baxmal – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylanmoqda
13:48 / 2025-06-10

Jizzax vohasining go‘zal va betakror, serhosil maskani bo‘lgan Baxmal tumani so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, turizmni rivojlantirish va aholi turmush farovonligini oshirishda yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar tumanda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi daromadlari o‘sishiga zamin yaratmoqda. Yangi fermer xo‘jaliklari, issiqxonalar, bog‘dorchilik va polizchilik faoliyatlari ortib borayotgani bunga yaqqol misoldir.

Baxmal tumani tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tuman 1943 yil 8 mayda Qaraqishloq nomi bilan Samarqand viloyati tarkibida tashkil etilgan. 1957 yilning 12 oktyabriga kelib G‘allaorol tumani bilan birlashtirilgan va 1971 yil 31 avgustida Baxmal nomi bilan tuman yana qaytadan tashkil etilgan.

[gallery-23825]

Baxmal – G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin tumanlari, Samarqand viloyati hamda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 1,86 ming kilometr kvadratni tashkil etadi. Tuman markazi – O‘smat shaharchasi, shuningdek, tarkibida 10 dan ortiq qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, bugunda hududda 180 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Ushbu hudud, asosan, tog‘ oldi tekisliklari va tog‘lardan iborat bo‘lib, betakror tabiatga ega. Baxmalnining janubiy qismida Turkiston tog‘ tizmasi va uning shimoliy g‘arbida – Morguzar tog‘lari joylashgan. Tog‘larning eng baland joyi 2600-2700 metrni tashkil etadi.

Baxmal tumanida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan jami yer maydoni 83 ming 377 gektar, shundan suvli, lalmi ekin yer maydonlari 32 ming 535 gektarni, bog‘ va tokzorlar 11 ming 456 (va boshqa maydonlar 39 ming 386) gektarni tashkil etadi.  

Prezidentimizning 2019 yil 20 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroridan so‘ng tumandagi ko‘plab bo‘sh yotgan qir-adrlarni o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratildi..  

So‘nggi yillarda Baxmalda qishloq xo‘jaligi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining yorqin samaralarini berayotir. Joriy yilda tumanda birgina qishloq xo‘jaligi sohasida 6355 nafar aholining doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligi ta’minlanadi.  

O‘tgan 2024 yilda 1544 gektar yer maydoni o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatgich 500 gektarni tashkil etayotir.

Yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratish borasida amalga oshirilgan ishlar ham tahsinga loyiq. 2024 yilda 415,7 gektar yer maydoni 628 nafar yoshga ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda 969 gektar yer maydoni 969 nafar yosh yigit-qizlarga elektron onlayn auksion savdolari orqali ijraga ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Respublika byudjetiga (kontingent) may oyida rejaga muvofiq tushum undirish rejasi 9 milliard 100 million so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 30 may holatiga 11 milliard 700 million so‘mga ortig‘i bilan bajarildi.

Mahalliy byudjetiga esa may oyi rejasiga muvofiq tushum undirish rejasi 7 milliard 300 million so‘m belgilangan bo‘lib, 30 may holatiga 8 milliard 300 million so‘m qilib uddalandi.

Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan vaqtinchalik ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida may oyi rejasi 1492 nafar bo‘lib, amalda 5342 nafar yoki 358 foizga bajarildi.

Joriy yil boshidan buyon Baxmal tumanida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar nafaqat raqamlar bilan, balki hayotga tadbiq etilgan loyihalar orqali ham samarali natija bermoqda.

Eng avvalo, tumandagi ishsiz yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 237 nafar yosh yigit-qizlar uchun maxsus bandlik dasturlari ishlab chiqildi. Ular mahalla, sektor, tuman va viloyat miqyosida koordinatsiya qilinib, joylarda amaliy ishlar tashkil etildi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 178 nafar yoshga yordam ko‘rsatilib, ularning bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlab o‘tish joiz.

Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 232 nafar yoshga 5 milliard 549 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilib, yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu ko‘rsatkichlar tuman iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, yoshlar bandligining oshishiga xizmat qilayotgani e’tiborga loyiq.

Tashqi mehnat migratsiyasida bo‘lgan yoshlar bilan doimiy muloqotni ta’minlash maqsadida 1166 nafar xorijdagi yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan muntazam muloqot olib borilmoqda va qaytgan yoshlarga mahalliy ish o‘rinlari, o‘quv kurslari va grantlar asosida yordam ko‘rsatilmoqda.

Baxmallik yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy hayotga faol jalb etish, ularning bandligi va tadbirkorlik salohiyatini kuchaytirish borasida boshlangan ishlarga keng ko‘lamda yondashilmoqda. Bu esa tumandagi yoshlar orasida kelajak sari ishonch va faol hayot pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qilib kelmoqda.

Tumanni geografiyasi, tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, uchta – tepa, o‘rta va pastki hududlarga bo‘lish mumkin. Dengiz sathidan 1200-2000 metr balandlikda joylashgan tepa hudud bog‘dorchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda yetishtirilayotgan, dunyoga dong‘i ketgan Baxmal olmalaridan tashqari, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan qulupnay va kartoshka, eksport uchun mo‘ljallangan, hajmi (kalibri) yirik bo‘lgan lalmi mosh va no‘xat yetishtirishning ham baxmalliklar allaqachon hadisini olishibdi.

Tumandagi “O‘rmonchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xoliqul aka Ergashev boshqarayotgan “Madinabonu Ahmadjon qizi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bog‘larida olib borilayotgan ishlarni nafaqat tumanga, balki viloyatga ham namuna sifatida ko‘rsatish mumkin.

O‘z faoliyatini 2012 yil boshlagan ushbu MCHJ jamoasi bu qir-adirlarga Oyqor tog‘i etagidagi buloq suvini quvurlar orqali olib kelgan. Hozir 100 gektar maydondagi olmazor bog‘i yaxshigina hosilga kirib, baravj o‘smoqda.  

Bu yerda 50 nafar doimiy, 150 - 200 nafar mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Hademay pishib yetiladigan yuqori navli “jeremi”, “goldon”, “pujir” kabi serhosil olma navlari hosilidan daraxt shoxlari egilib turibdi.

E’tiborlisi, Xoliqul aka Ergashening bog‘ida barcha agrotexnik tadbirlar tomchilatib sug‘orish suv tejamkor texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Bog‘dorchilikda katta tajribaga ega Xoliqul boboning aytishicha, olmalar yil davomida 17-18 marotabagacha dorilanar ekan. Hosildorlik ham havas qilgulik darjada, har gektar maydondan o‘rtacha 35 - 40 tonnadan olma terib olinar ekan. Ana shu hosilning bir qismi eksportga jo‘natilsa, ikkinchi qismi ichki bozorga va uchinchi qismi esa maxsus omborxonalarga saqlash uchun yuborilar ekan.

Tumanning o‘rta hududida ham ulkan yaratish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Belgilangan “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, Chuvashiyadan  “Gulliver”, “Krasa Meheri”, “Meteor”, “Plamya” navli 3 ming tonna kartoshka urug‘i olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, kartoshka ekin maydoni 10 barobarga ko‘paytiriladi. Loyiha qiymati 3 milliard so‘m bo‘lib, har 1  gektardan 300 sentnerdan, jami 30 ming tonna kartoshka ishlab chiqariladi va 250 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bugun Baxmal nafaqat olmasi, kartoshka, pomidor, mosh, no‘xat va aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan betakror tamga ega qulpinaylari, balki keng dalalarida yetishtirilayotgan, sifati jihatdan dunyoda eng yaxshi deb topilgan shifobaxsh za’faroni bilan ham jahonga tanildi. Tumanda qiymati 40 million dollar bo‘lgan “BMB-opera zafferano” MCHJ tomonidan “Za’faron o‘simligini yetishtirishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish orqali yana 250 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Qiymati 23 million dollar bo‘lgan “BMB shifo” MCHJ (“Opera srl” Italiya) tomonidan “Za’faron o‘simligini qayta ishlashni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish orqali yana qo‘shimcha 50 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.  

Tumanning Tuyatortar kanalidan sug‘oriladigan pastki hududida esa baxmallik mirishkorlar pomidor, sabzavot va hatto poliz mahsulotlari yetishtirish borasida ham katta natijalarga erishmoqda. Bu hududda amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zi alohida bir katta mavzu.

Tumanning tog‘li hududlarida turistik zonalarni barpo etish borasida ham bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugun tumanda “Novqa ota”, “O‘smat ota”, “Bog‘imozor ota”, “Xo‘jako‘ndalang” kabi 10 dan ortiq ziyoratgohlar, 68 dan ortiq arxiologik yodgorliklar va 27 ta soy mavjud. Baxmalning 50 foiz hududi tog‘lardan iborat bo‘lib, ekologik turizmning asosiy drayveri hisoblanadi.

Ayni paytda, tumanda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 9 ta qishloq bo‘lib, dam oluvchilar asosan “Boyqo‘ng‘ir”, “O‘rmonchi”, “Jo‘m-jo‘msoy”, “Dang‘ara”, “Muzbuloq” va “Mo‘g‘ol” qishloqlariga, ayniqsa jazirama issiq bo‘lgan yoz oylarida ko‘plab mahalliy va xorijiy sayyohlar kelib hordiq chiqaradi.  

O‘tgan 2024 yilda tumanga 46 ming 200 nafar xorijiy, 203 ming 200 nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatildi. Bu hududlarga keluvchilarni qabul qilish uchun jami 3470  o‘rinli 547 ta joylashtirish vositasi, 325 ta kemping, 200 ta oilaviy mehmon uyi, 20 ta xostel, 1 ta mehmonxona va 1 ta sanatoriya mavjud.

Baxmalda turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Bahodir Zulfiqorov o‘tkazgan taqdimotda bir qator yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.  

Zomin – Baxmal Davlat qo‘riqxonasi va unga tutash “Muzbuloq” MFY dagi “G‘o‘ralos soy” hududidagi 40 gektar maydonda “Baxmal Eco Villige” ekoturizm klasteri tashkil qilish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Ushbu klaster doirasida uch yulduzli mehmonxona, turistik so‘qmoqlar, selfi va piknik zonalari, manzarali tomosha qilish maydonchalari, hayvonlarni masofadan kuzatish hududi, kemping, glemping, o‘tov, ekouylar va boshqa turdagi joylashtirish vositalari tashkil etilishi rejalashtirilibdi.

2025 – 2030 yillar davomida dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda joylashgan tumanning 9 ta qishlog‘ida sog‘lomlashtirish va turizm markazini bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 40 gektar yer maydonda 9 ta yirik lotga bo‘lingan holda, agroturizm, ekstremal turizm va ekoturizmni rivojlantirish yo‘nalishida jami 420 o‘rinli 3 ta mehmonxona, 100 ta kichik hajmdagi villa (shale uslubidagi) va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etish rejalashtirilgan.

Baxmal – g‘ururi osmon o‘par Morguzar va Turkiston tog‘laridan-da yuksakroq, oriyatli, mehnatsevar, mehmondo‘st va tashabbuskor xalqi bilan nafaqat viloyatda, balki Yangi O‘zbekistonimizda o‘zining alohida o‘riniga ega bo‘lib borayotgan hududdir. Bunday e’tiroflar, yurt taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan har bir baxmallik uchun ulkan faxr va mas’uliyat bo‘lishi shubhasiz.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari