Amerika Qo‘shma Shtatlarida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining guruh bosqichida so‘nggi tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Mazkur bosqichning “C” va “D” guruhi bahslari kutilmagan natija bilan yakunlandi.
Jumladan, “C” guruhidan o‘rin olgan “Bavariya” va “Benfika” bahsi 0:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, “Oklend Siti” va “Boka Xuniors” jamoalari 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Mazkur natijadan so‘ng, “Benfika” 7 ochko bilan birinchi o‘rindan joy oldi. “Bavariya” esa 6 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinni egaladi. Ushbu jamoalar qayd etgan natijasi orqali 1/8 final bosqichiga yo‘l oldi. “Boka Xuniors” 2, “Oklend Siti” esa 1 ochko bilan guruhda qolib ketdi.

“D” guruhida “Flamengo” “Los-Anjeles”ga qarshi o‘yinda 1:1 hisobida durang o‘ynadi va ochkolarini 7 taga yetkazib, guruhdan birinchi o‘rinni egallagan holda keyingi bosqichga o‘tdi. “Chelsi” esa “Esperans”ni 3:0 hisobida taslim etib, 6 ochko bilan ikkinchi o‘rin sohibi sifatida chempionatdagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi. “Esperans” 3, “Los-Anjeles” 1 ochko to‘plagan holda musobaqa bilan xayrlashdi.

1/8 finalda quyidagi bahslar bo‘lib o‘tadi:
28 iyun kuni: “Palmeyras” – “Botafogo”;
29 iyun kuni: “Inter Mayami” – “PSJ”, “Chelsi” – “Benfika”;
30 iyun kuni: “Bavariya” – “Flamengo”.
Jahon chempionatining “F” va “E” guruhlarida uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda 26 iyun kuni soat 00:01da “F” guruhida “Fluminense” - “Mamelodi Sandaunz”, “Borussiya Dortmund” - “Ulsan” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Shu kuni “E” guruhida ham bahslar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, ushbu guruh peshqadamligi uchun o‘tadigan “Inter” va “River Pleyt” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni hamyurtimiz Ilgiz Tantashev boshqarib boradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi. Guruhdagi ikkinchi o‘yin esa "Urava Red Daymonds" va "Monterrey" o‘rtasida o‘tadi.
Darvoqe, ushbu ikki guruhda 1-2 o‘rinni egallagan jamoalar 1/8 finalda o‘zaro raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA