French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Basketbolning rivojida mutaxassislarning bilimi muhim omil sanaladi
11:51 / 2024-12-20

Mamlakatimizda o‘yin sport turlarini rivojlantirish, ommaviyligini ta’minlashda davlatimiz tomonidan ishlab chiqilayotgan qaror va qabul qilinayotgan ish rejalarning alohida o‘rni bor.

Xususan, basketbol sport turlari bo‘yicha mahoratli sportchilarni tayyorlash, uning infratuzilmasini yaxshilash borasida ham o‘tgan yillar davomida bir qator ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil 25 noyabrda qabul qilingan “Respublikada basketbol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayonga asosan basketbol sport turlari bo‘yicha trenerlar va hakamlar tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

– O‘tgan yillar davomida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida basketbol sport turi bo‘yicha 544 nafar trenerning, hakamlik kurslarida 49 nafar mutaxassisning malakasi oshirildi. Bundan tashqari, basketbolni yoshlar orasida ommaviyligini ta’minlash maqsadida talabalar o‘rtasida “Talabalar ligasi” o‘yinlari, maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi”, uch bosqichli umum respublika sport musobaqalari orqali mahoratli sportchilar saralanib kelinayotgani e’tiborlidir, – deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Farhod Turdiyev.

Darhaqiqat, har qanday sport turining rivoji malakali mutaxassislarning bilim darajasi bilan belgilanadi. Shu maqsadda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti huzurida “Hakamlar tayyorlash maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, basketbol murabbiylarini bir yilda kamida bir marta qisqa muddatli malaka oshirish kurslariga jalb etish nazarda tutilmoqdaki, bu, kelgusida mashg‘ulotlarning sifati oshishiga xizmat qilishi tayin.

Mutaxassislarning malakasini oshirishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanib, masofaviy ta’lim shaklini takomillashtirish, hakam va murabbiylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yaratish va ularning reytingini belgilab borish esa o‘z-o‘zidan iqtidorli basketbolchilar safining kengayishiga xizmat qiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA