Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bashorat ma’lumotlar o‘simliklarni himoya qilishda muhim o‘rin egallaydi
10:08 / 2024-10-21

Navoiy viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan Karmana tumanidagi “Lochin” fermer xo‘jaligida kuzgi yer kovlash va kuzatuv ishlarini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi katta muammoga aylanib ulgurgan bir davrda respublikamizda qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararli organizmlardan samarali himoya qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida yetishtirilayotgan hosilning 35 foizi zararkunanda organizmlar va o‘simlik kasalliklari tarqalishi natijasida yo‘qotilmoqda.  

– Bugungi kunda yurtimizda o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati hamda nazoratini amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishda muddatli bashorat ma’lumotlarini aniq kuzatishlarga asosan shakllantirishni talab etadi, – deydi viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Oxunjon Obloqulov. – O‘simliklar karantini va himoyasi Ilmiy tadqiqot instituti tomonidan “O‘simliklar zararli organizmlarini bashorat qilishda kuzgi va bahorgi kuzatuvlarni o‘tkazish” uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqilgan. Seminarda hududlarda kuzatuv ishlarining aniqligini ta’minlash maqsadida uslubiy qo‘llanma asosida kuzgi yer kovlash hamda kuzatuv ishlarini tashkil etish va olingan natijalar hisobini yuritish bo‘yicha ko‘rgazmali tarzda tushuntirish berildi.  

2024 yil mavsumi zararkunanda va kasalliklarga boy bo‘lishi o‘tgan yili olib borilgan kuzatuv natijalarida ma’lum bo‘lganligi sababli o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilish maqsadida talab etiladigan himoya qilish vositalarining yetarlicha miqdordagi zaxirasi yaratilgan edi. Natijada joriy yilda g‘alladan 100 sentnergacha hosil olingan bo‘lsa, paxtadan 40 sentnerdan ortiq hosildorlikka erishish kutilmoqda.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri