English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bashariyat qanday muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa, shubhasiz, bu borada qonunlarning o‘rni bor
10:37 / 2021-12-04

Insoniyat yaralgandan beri muayyan qonun-qoidalarga amal qilib keladi.

 Bashariyat tarixida qanday muvaffaqiyatlaru natijalarga erishilgan bo‘lsa, shubhasiz, bu borada qonunlarning, tartib-qoidalarning alohida o‘rni bor.

Shu ma’noda mamlakatimizda ham barcha sohalarda qo‘lga kiritilayotgan ulkan natijalarga bosh Qomusimiz huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir. 

Har bir millatning, davlatning taraqqiyoti bevosita amaldagi qonunlar bilan belgilanadi. Qonun ustuvor yurtda adolat hukm surib, vijdon erkinligi, millatlararo  totuvlik va diniy bag‘rikenglik ta’minlanadi. Pirovardida esa o‘sha yurtda tinchlik-osoyishtalik, xotirjamlik barqaror bo‘ladi. 

Bugun mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari ikki karra baxtiyordir. Chunonchi, Parvardigorning inoyati ila Vatanimiz istiqlolga erishganiga chorak asrdan ziyodroq vaqt bo‘ldi. Xalqimiz o‘ziga, o‘zligiga qaytib, porloq kelajak sari imon-e’tiqod, ishonch va umid bilan odimlamoqda. Bu albatta, Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan hayotbaxsh normalarda inson manfaatlari ustuvor ekanligining amaldagi in’ikosidir. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida: «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar», deb belgilab qo‘yilgan. 

Bu qoida Alloh taoloning: «Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz  taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir» (Hujurot surasi, 13-oyat), oyatiga karimasiga hamohangdir. 


Alloh taolo insoniyatni shunday yaratdi. Aslida, U zot barchamizni bir millat qilsa ham bo‘lar edi. Lekin Buyuk Rabbimiz har xil millat qildi. Nima uchun? Bir-birimizni tanib, o‘zaro go‘zal muomala qilish uchun turli millat qilib qo‘ydi. Chunki oyatda: “Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz  taqvodorrog‘ingizdir”, deyilgan. Shu bois biz bir-birimiz bilan ahil, inoq bo‘lib yashashimiz shart. 

Mamlakatimizda faqat Islom diniga e’tiqod qiluvchilar emas, ayni paytda boshqa din vakillariga ham alohida e’zoz, ehtirom ko‘rsatiladi. Zotan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham boshqa din vakillarini hurmat qilganlar. 

Jumladan, Anas roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Makka fathi kuni Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomning oldilariga o‘z otalarini ko‘tarib olib keldilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Keksa odamni (ovora qilmay) o‘zimiz uйи­га borib ko‘rgan bo‘lar edik”, deb marhamat qildilar. 

Hazrat Umar roziyallohu anhu esa bir uyning oldidan o‘tib ketayotib, keksa ko‘r kishi tilanchilik qilib turgan ekan. Ohista uning qo‘lidan turtib, so‘radilar: 

– Qaysi dindansan? 

– Ahli kitobman, – dedi. 

– Tilanchilikka nima majbur qildi? 

– Jiz’ya, muhtojlik va yoshim. 

     Umar roziyallohu anhu uning qo‘lidan tutib, uyiga olib ketdi va ba’zi narsalar berdi. So‘ng xazinabonni chaqirib, unga dedi: “Manavi insonga hamda shu kabilarga e’tibor qil. Xudo haqqi, bularga insof qilmabmiz. Yoshligida (jizyasini) olibmiz-ku, qariligida xorlab qo‘yibmiz”, deb, uni va u kabilarni soliqdan ozod qildilar. 

Muxtasar aytganda, Konstitutsiyamizning qator moddalarida din va vijdon erkinligi belgilab berilgan. Unda xalqimiz mentalitetiga mos ishonch-e’tiqod, adolatu insof, diyonat, mehru oqibat, or-nomus, iffat va hayo kabi ezgu fazilatlar o‘z aksini topgan.

 Bundan tashqari, asosiy qomusimizda yurtimizda yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, huquq va burchlari qonun asosida belgilab qo‘yilgan. Bu esa bir yurtda yashayotgan turli millat vakillarining ahil-inoq yashashiga zamin yaratadi. 


Jasurbek RAUPOV, 
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi