“Barselona” finalga, Messi esa rekordga yaqinlashdi
Kecha tunda UEFA Chempionlar ligasining yarim final bosqichidan o‘rin olgan ikkinchi o‘yin bo‘lib o‘tdi.
Kecha tunda UEFA Chempionlar ligasining yarim final bosqichidan o‘rin olgan ikkinchi o‘yin bo‘lib o‘tdi.
“Nou Kamp” stadionida o‘tgan o‘yinda Lionel Messi yetakchiligidagi “Barselona” klubi Angliyaning “Liverpul” jamoasini yirik – 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Vaholanki uchrashuvda ko‘plab statistik ko‘rsatkichlar borasida “Liverpul” mezbonlardan ustunlik qildi. Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, chiroyli o‘yin hamisha ham g‘alabani kafolatlamaydi.
UEFA rasmiy sayti bergan ma’lumotga ko‘ra, kechagi o‘yinda “qizillar” “Barselona”dan darvoza tomon ko‘proq zarba yo‘llagan, ya’ni Messi jamoadoshlarining 11ta zarbasiga ular 14ta zarba bilan javob qaytargan. Qolaversa ular to‘p nazorati borasida ham ustunlik qilgan (52%-48%), ko‘proq pas uzatgan (600-558) va ko‘proq burchak zarbasini amalga oshirgan (5-3). Shunga qaramay yakunda kataloniyalik futbolchilar g‘alaba nashidasini surdi.
O‘yinni Yurgen Klopp shogirdlari ancha dadil boshlagan edi. Biroq, 26-daqiqaga kelib “Barselona” safidagi sobiq “qizillar”, ya’ni Koutino boshlab bergan hujumni Luis Suares muvaffaqiyatli yakunladi.
Tanaffusdan keyin katta sahnaga “Barsa” yetakchisi Messi chiqdi. U 75-daqiqada darvoza ustunidan qaytgan to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga joylab qo‘ygan bo‘lsa, birozdan keyin jarima zarbasini ideal tarzda amalga oshirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. 3:0 hisobi o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi va “Messilona” Madridda o‘tadigan final sari yaqinlashdi.
Mazkur o‘yinda Messi o‘zining “Barselona” safidagi 600-golini kiritgan bo‘lsa, Suares kataloniyaliklarning YeChLdagi 500-goliga mualliflik qildi. Darvoqe, Leo ushbu musobaqadagi 32-klub darvozasiga yo‘l topdi va bu borada “Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronalduga yetib oldi. Ulardan oldinda yana bir “Real” (Madrid) afsonasi Raul bor. Ispaniyalik forvard YeChL doirasida 33ta klub darvozasini ishg‘ol qilgan va bu borada mutlaq rekordchi sanaladi.