English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqarorlikni ta’minlash yo‘lida
19:56 / 2015-06-19

Aholi o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qiziqish tobora ortib bormoqda. Toshkent shahrida joriy yilning o‘tgan davrida 3700 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektining ro‘yxatga olingani buning dalilidir.

Aholi o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qiziqish tobora ortib bormoqda. Toshkent shahrida joriy yilning o‘tgan davrida 3700 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektining ro‘yxatga olingani buning dalilidir. Ayni vaqtda ularning oldidagi mavjud to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish korxonalar faoliyati barqarorligini ta’minlash va yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxt tumanlarida o‘tkazilayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yunusobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir ham korxonalar takliflarini o‘rganish, ularga tuman, shahar yoki respublika idoralari miqyosida yordam berishga qaratildi.

Tadbirda shahar va tuman hokimliklari, soliq, prokuratura, bojxona, ichki ishlar, arxitektura, iqtisodiyot idoralari, bank va boshqa moliya-kredit muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sharoit va kafolatlar yaratish, soliq va bojxona imtiyozlarini kengaytirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga katta ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Farmonga muvofiq tadbirkorlik faoliyati subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha rejali tekshiruvlar faqat oxirgi rejali tekshiruv davridan keyingi muddatni qamrab olishi belgilangan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga yo‘l qo‘yilgan xatolarni tekshiruv davom etayotgan davrning o‘zida to‘g‘rilash imkoniyati yaratilishi ular faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi va tugatilishining oldini oladi.

Yunusobod tumanida yetti mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti ro‘yxatga olingan, shundan olti mingi kichik biznes sektori vakili sanaladi. “Zenit Elekctroniks”, “Raupxon”, “Novofarma Plyus”, “Elsun-Sharob”, “O'zbekenergota'mir”, “Alkim Tekstil” singari yirik korxonalar bilan birga mingdan ortiq kichik biznes subyektlari tumanning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida kichik biznes vakillarining ishtiroki tobora ortib bormoqda. Tuman hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilda kichik biznes subyektlari tomonidan 66,7 foiz sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish tarmog‘ining 41,5 foizi, yuk tashishning 79,1 foizi, yo‘lovchi tashishning 86,9 foizi va qurilish ishlarining 85 foizi soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Natijada yaratilgan o‘n mingga yaqin yangi ish o‘rnining 65,2 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yo‘nalishida tashkil etilgan.

Yig‘ilishda tadbirkorlarning savollariga mutasaddi idora va tashkilotlar mas’ul xodimlari javob qaytardi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimi R.Usmonov so‘zga chiqdi.