Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilayotgan “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi”da undagi baholovchi barcha mezonlarga mos keladigan tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar berish nazarda tutilgan.
Namanganda viloyat soliq boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan kichik biznes vakillariga “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi”dan ko‘zlangan maqsad-vazifalarni tushuntirish hamda targ‘ibot ishlari davom etmoqda. Jumladan, Davlatobod tumanidagi “Fazman textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari hamda bosh hisobchisi bilan muloqot o‘tkazilib, barqarorlik reytingi borasida tushuntirish olib borildi. Reytingning elektron platformasi qay tartibda ishlashi va tadbirkorlar qanday mezonlar bo‘yicha baholanishiga oid batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, reytingning baholash mezonlari 23 ta bo‘lib, ular uchta guruhga bo‘lingan hamda ushbu mezonlar faqat yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi. O‘z navbatida, jamiyat rahbari Tohirjon Jo‘rayev reyting yuritish borasida o‘z takliflarini bildirdi. Ma’lumot o‘rnida, “Fazman textile” MCHJga qarashli tekstil sexlarida erkaklar va bolalar ustki kiyimlari Germaniyaning dunyoga mashhur savdo brendlari ostida ishlab chiqariladi.

Ayni vaqtda 500 kishi mehnat qilayotgan mazkur korxonada o‘tgan 2023-yilda eksport hajmi 4 million 750 ming AQSH dollarini tashkil etdi. “Grand mens wear” hamda “Grand mens poyabzallari” mas’uliyati cheklangan jamiyat ta’sischilari va hisobchilari bilan kechgan muloqotda ham “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishi, soliq yuki bo‘lmasligi, qolaversa, faoliyat reytingiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda baholash mezonlari bilan bog‘liq savollarga batafsil javob qaytarildi. Shuning barobarida, reyting mezonlari yuzasidan ishbilarmonlarning fikr-mulohazalari va takliflarini aniqlash maqsadida so‘rovnoma ham o‘tkazildi. Muloqotlarda qayd etilganidek, barqarorlik reytingi “yuqori” bo‘lgan mulkchilik subyektlari uchun ma’lum imtiyozlar, subsidiyalar va preferensiyalar taqdim etiladi.

Masalan, barcha soliq tekshiruvlaridan ozod qilish, QQS 24 soat ichida, boshqa soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar esa uch kun muddat ichida qaytariladi. Shuningdek, rag‘batlantirish choralari ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘p bo‘lgan davlat korxonalari hamda yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Viloyatdagi soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga yangi ishlab chiqilgan reyting hamda unda yuqori ko‘rsatgichga erishish mezonlarini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri