Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror tinchlik – taraqqiyotimiz garovi
13:26 / 2024-05-08

Ko‘p yillik an’ana va qadriyatlarga ko‘ra O‘zbekistonimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Shu bois, ushbu bayram arafasida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan barcha mehnat va urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan tadbirlar amalga oshiriladi.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorda alohida ta’kidlanganidek, “Xalqimiz asrlar davomida og‘ir sinovlarda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib kelgan. O‘z ozodligi, erkinligi yo‘lida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati xotiramizdan hech qachon o‘chmaydi”.

Darhaqiqat, dunyoda ne’matlar ko‘p. Shu bois insonlar uchun tinchlik-osoyishtalikdan ko‘ra azizroq va bebaho ne’mat yo‘qdir. Yurtimiz tinch bo‘lsa fayz-u-baraka, taraqqiyot va rivojlanish bo‘ladi. Oilalarda shodlik, farovonlik, elga to‘y-tomoshalar yarashadi, yuzlarimizdan xursandchilik, o‘yin-kulgi kayfiyati hech qachon arimaydi. Ammo, urush-janjallar tufayli insonlar va millatlar, davlatlar aro nizolar paydo bo‘ladi, ulug‘ qadriyat bo‘lgan mehr-oqibat va odamgarchilik unutiladi, turmush izdan chiqadi.

Ana shu bois, muhtaram Prezidentimiz yurtimizda tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash masalasiga davlat siyosatining eng ustuvor va markaziy yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelmoqdalar.

Albatta, inson bolasi borki, baxt va saodatga intilib yashashga haqli. Biroq, ushbu ne’matga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Bugungi murakkab zamonda O‘zbekiston va uning rahbariyati mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida xalqaro huquq normalariga og‘ishmay rioya qilishi, uning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurash, harbiy mojarolarda ishtirok etmaslik kabi o‘zi qo‘shilgan qator konvensiyalariga muvofiq faoliyat olib bormoqda.

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yirik xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilgan chog‘ida so‘zlagan nutqida “xavfsizlik va barqarorlik – mintaqalarimizning izchil rivojlanishi va o‘zaro aloqalarimiz mustahkamlanishining asosiy sharti ekanligini, bizning xavfsizligimiz bo‘linmasdir va uni faqat konstruktiv muloqot hamda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali ta’minlash mumkinligini” alohida qayd etgan edi.

Bularning bari, O‘zbekiston tinchlikparvar davlat ekanligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, davlatimiz barcha mojarolarni diplomatik vosita va mexanizmlar bilan yechish tarafdori va bunga qat’iy amal qilishi, barcha mojarolarda har doim betaraf bo‘lib qolishga intilishining o‘zi ham bu siyosat xalqimizning tinchlikparvarlik, tolerantlik g‘oyalariga asoslanganini yaqqol dalilidir. Bundan O‘zbekiston nafaqat mamlakat ichkarisida, balki Markaziy Osiyoda ham tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishi uchun harakat qilayotganini kuzatish mumkin.

Global dunyoda xavfsizlik tizimi tobora mo‘rtlashib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu murakkab holat har bir xalq, davlat, shu jumladan O‘zbekiston xalqidan ham yuksak siyosiy hushyorlik va madaniyatni, tinchlik uchun barcha birdek mas’ul ekanligini anglashni talab etadi. Ayniqsa, voqealar mohiyatini chuqur anglamay unga baho berish, xalqaro axborot maydonidagi tarafkash targ‘ibotlarga berilib ketishdan tiyilish, ayniqsa, yoshlarimizga vaziyatni baholash va masalaga o‘ta vazminlik bilan yondashish lozimligini tushuntirish muhim vazifadir.

O‘zbekiston Prezidenti haqiqatan ham, muntazam ravishda dunyoda eng qimmatli, aziz va bebaho ne’mat, bu – tinchlik ne’mati ekanligini, buning uchun O‘zbekiston barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishi va bu boradagi tadbirlar uchun eshigi hamisha ochiq ekanligini dunyoga bildiradi. Sababi, Yangi O‘zbekistonni barpo qilishga bel bog‘lagan Vatanimiz – O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, ko‘p millatli bag‘rikeng xalqimiz xotirjam turmush kechirmoqda. Biz uchun tinchlik-osoyishtalikning qadri alohida qadrlanadi. Donishmand ota bobolarimiz: “Yurti tinchning – o‘zi tinch”!” deb bejiz aytmagan. Tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish va taraqqiyot bo‘ladi, yurt gullab-yashnaydi, fuqarolarning turmushi farovonlashadi.

Tarix – biz uchun ulkan saboq manbai. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” Farmoni qabul qilindi. Unda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish belgilab berildi. Yoki Prezident Shavkat Mirziyoyevning G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘yganida ham chuqur ma’no bor. Buni tinchlik qadriyatini mustahkamlash hamda uning ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligini ham alohida ta’kidlash zarur, deb hisoblaymiz.

Binobarin, bundan 79-yil avval tugagan Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o‘limiga, mislsiz yo‘qotishlar va talafotlarga sababchi bo‘lgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirg‘inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.

Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib, og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi.

O‘zbekiston xalqining tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati bizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlagan holda farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashga chorlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti ham tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda bor kuchini ayamaydi. Bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga, bu kabi muqaddas qadriyatlar va an’analar kursant va tinglovchilar ong-u shuuriga singdirib boriladi. 

Muxtasar qilib aytganda, bularning barchasi bizni hozirgi tarixiy davrda kelajak haqida chuqur o‘ylashga, eng ezgu niyatimiz bo‘lgan mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkinligiga yana bir bor inontirdi. Shu bois, Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, nafaqat bizga, balki butun xalqimizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur. “Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashdek o‘ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz”. 

Shundagina ko‘zlagan ulkan maqsadlarga birgalikda  erishamiz. Zero, barqaror tinchligimiz izchil taraqqiyotimizning garovidir. 

Oybek TURG‘UNOV, 

Jamoat xavfsizligi universiteti 

boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 

yuridik fanlar doktori, professor.

O‘zA