Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror taraqqiyotda ijtimoiy sheriklik ahamiyati
19:12 / 2025-07-31

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘linmasi tomonidan viloyat hokimligi hamda adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda “Davlat va jamiyat barqarorligini yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklikning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash, samaradorlikni oshirish, jamiyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat yurituvchi jamoat tashkilotlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda yurtimizda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyatining rivojlanishini rag‘batlantirish, jamiyat barqarorligini ta’minlashga e’tibor qaratish, davlat va nodavlat sektorlarining o‘zaro integratsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

[gallery-24567]

– Ijtimoiy sheriklik – bu shunchaki hamkorlik emas. Bu davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi ishonch, tenglik va manfaatli hamkorlikка asoslangan munosabatlar tizimidir. Uning asosiy maqsadi jamiyatdagi yechimini kutib turgan masalalarni birgalikda hal qilish, aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, jamoatchilik nazoratini ta’minlash va odamlar hayotini yaxshilashdan iborat, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Abdulla Ro‘ziqulov. – Biz nima uchun ijtimoiy sheriklikka muhtojmiz? Avvalo, davlatning imkoniyati hamma joyga yetishi mumkin emas. Uning qarori va resurslari cheklangan. Lekin nodavlat tashkilotlar jamiyat ichida, insonlar orasida, muammoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, his qiladigan tuzilmadir. Ular ehtiyojmand qatlamga yetib borishda, ijtimoiy muammolarni tezda aniqlashda, mahalliy darajada amaliy yechimlar taklif qilishda katta o‘rin tutadi. Bir so‘z bilan aytganda, davlat ustun, NNT esa tayanchdir. Ularning birgalikdagi harakati bu jamiyatning asosiy ustuvorligi hisoblanadi.

Mamlakatimizda ijtimoiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qonunchilik asoslari shakllantirildi. 2014 yilda qabul qilingan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun esa bu sohadagi hamkorlikning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilib, davlat dasturlariga ularni jalb etish tajribasi kengaymoqda va hududiy darajada hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, fuqarolik jamiyati institutlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdagi yangi imkoniyatlar, NNTlarni huquqiy va metodik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. 

Shuningdek, Navoiy viloyatidagi fuqarolik jamiyati institutlarining 2024 yil va 2025 yilning 1-yarim yilligidagi faoliyati tahlil qilinib, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar huzuridagi jamoat fondlari faoliyatidagi o‘zgarishlar, NNTlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangicha shakllari, ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari