Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyat hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: barqaror taraqqiyot va farovonlik kafolati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda fuqarolik jamiyati institutlari, NNT, siyosiy partiyalar va ularning deputatlari, UrDU faol yoshlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi asosida inson qadri, ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanish masalalari turgani, iqtisodiy o‘sish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ekani ta’kidlandi.
– Prezidentimiz Murojaatnomasida islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni alohida ekaniga e’tibor qaratib, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat kelgusida ham izchil davom ettirilishi, xususan, 2026 yildan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi e’lon qilingani ushbu sohaning davlat siyosatida ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatmoqda, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyat hududiy bo‘linmasi mas’ul xodimasi Zaynab Masharipova. – Kelgusida ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmining ikki karra oshirilishi rejalashtirilganligi davlat va jamoat institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
[gallery-27272]
Tadbir yakunida ishtirokchilar Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholi xabardorligini oshirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan unda belgilangan vazifalarni joylarda samarali amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari