French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror taraqqiyot manbai
16:24 / 2025-12-22

Bugun mamlakatimizda energetiklar kasb bayramlarini keng nishonlashmoqda.

Iqtisodiyotni barqaror elektr energiyasi ta’minotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Uning jadal rivojlanishi, aholi soni hamda sanoat quvvatlarining ortishi energetika sohasida izchil islohotlarni talab etmoqda. Shu ma’noda, energetika tizimini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylangan.

Sana munosabati bilan ularni kasb bayramlari bilan qutlash va Jizzax viloyatida bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida dastlab, “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari”, so‘ngra “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarida bo‘lib, mas’ul rahbarlarning fikrlari bilan qiziqdik.

— Prezidentimizning joriy yilning 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida energetika infratuzilmasini yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi, — deydi “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining “Jizzax magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori G‘ayrat Ahmedov. — Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 40 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i tortilib, quvvati 40 megavatt bo‘lgan podstansiya qurilishi nihoyalanmoqda. Shuningdek, Forish tumanida Xitoy  bilan hamkorlikda barpo etilgan quvvati 500 megavatt bo‘lgan “Huadian Jizzax Solar Power” fotoelektr stansiyasining 200 megavattlik birinchi bosqichi tarmoqqa ulanib, foydalanishga topshirildi. Bulardan tashqari, qo‘shimcha ravishda quvvati 30 megavatt bo‘lgan 150 ta kichik va mini gidroelektr stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Filialda yangi yilga qadar 2 milliard 644 million kilovatt soat elektr energiyasini transportirovka qilish, texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, quyosh panellari orqali elektr ishlab chiqarish hamda energiya tejashga qaratilgan tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu jarayonda muhandislar, elektromontyorlar va ishchi xodimlarning faol mehnatlari hisobiga loyiha tez kunlarda yakuniga yetkazilar ekan.

Viloyat aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlash “Jizzax” va “Sarbozor” podstansiyalari orqali amalga oshirilmoqda. Mavjud podstansiya va transformator punktlaridan qariyb 300 ming nafar aholi hamda 22 mingdan ortiq yuridik iste’molchi foydalanib kulmoqda.

– Joriy yilda 637 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortilib, 136 ta transformator punkti o‘rnatildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Jizzax hududiy filialining ishlab chiqarish texnika xizmati boshlig‘i Bahodir Turdibekov. – Bu ishlar uchun respublika byudjetidan 59 milliard 72 million so‘m mablag‘ ajratilganini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Soha mutaxassislarining ma’lum qilishicha, viloyatda bir sutkada iste’molchilarga 8 million kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilar ekan. Yuklama yuqori bo‘lgan vaqtlarda barqaror ta’minotni saqlash maqsadida tegishli xizmatlar tomonidan profilaktik choralar ko‘rib qo‘yilgani alohida tahsinga loyiq.  

Yangi yil bayrami arafasi va kunlarida aholini uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun barcha tezkor brigadalar shay holatga keltirilgan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri