Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror suv ta’minoti – barakali hosil poydevori
16:21 / 2025-10-28

Kelgusi yil yerga sepiladigan har bir urug‘ning taqdiri bugungi tayyorgarlikka, suv manbalari uzluksizligini ta’minlashga bevosita bog‘liq. Shu bois Sirdaryo viloyatida, ayniqsa Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi tizimida suv ta’minotini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini yangilash va ularni barqaror holatda saqlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda boshqarmaga qarashli suv ob’ektlarida keng ko‘lamli ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, xo‘jaliklararo kanallarning 58,2 kilometri, xo‘jalik ichidagi kanallarning 82 kilometri mexanizmlar yordamida, 585 kilometri esa qo‘l kuchi bilan tozalandi. Bu ishlar suv oqimini erkin va samarali harakatlanishiga imkon yaratmoqda.

Shu bilan birga, ichki kanallardagi 134 ta gidrotexnik inshoot va 129 ta gidropost ta’mirlanib, ayrimlari yangidan qurildi. Klaster va fermer xo‘jaliklaridagi 242 ta suv olish qulog‘i zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Melioratsiya tarmoqlarining 216,4 kilometrida tozalash ishlari amalga oshirilib, suv yo‘qotish darajasi sezilarli kamaytirildi.

Tuman suv yetkazib berish bo‘limlari tomonidan 72,9 kilometr, klaster va fermer xo‘jaliklari tashabbusi bilan esa 38,3 kilometr suv yo‘llari betonlashtirildi. Bu esa suvning har bir tomchisini manziliga yo‘qotmay yetkazishda muhim omilga aylandi.

– Maqsadimiz suv inshootlarini barqaror holda saqlash, mavjud tizimni zamonaviylashtirish va kelgusi yilgi sug‘orish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishdan iborat, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasining boshlig‘i Nurkamol Otaqulov. – Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni tejash hamda dehqonlarimiz mehnatini yengillashtirish asosiy vazifamiz hisoblanadi.

Bu jarayonda 592 nafar ishchi va 41 dan ortiq ekskavator, traktor hamda maxsus texnika vositalari ishtirok etmoqda. Yog‘ingarchiliksiz kunlardan samarali foydalanish maqsadida ishlar ikki smenada tashkil etilgan. Ishchi va mutaxassislar uchun dam olish va ovqatlanish sharoitlari yaratilgan.

Mutasaddilar fikricha, amalga oshirilayotgan tadbirlar nafaqat suv ta’minotini yaxshilaydi, balki kelgusi mavsumda dehqon va fermer xo‘jaliklarining ish samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Zamonaviy irrigatsiya tizimlariga o‘tish, suvni hisobga olish va boshqarishni raqamlashtirish orqali hosildorlikni ko‘paytirish, isrofni kamaytirish imkoni kengaymoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri