Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror rivojlanishda ayollarning o‘rni
17:24 / 2024-10-04

Poytaxtimizda “Fan, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi hamda barqaror rivojlanishda ayollarning o‘rni” deb nomlangan Markaziy Osiyo forumi 15 oktyabrda nishonlanadigan Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tashkil etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ushbu kunni nishonlash uchun bu yilgi mavzuni bejiz “Qishloq ayollari umumiy kelajagimiz uchun tabiatni qo‘llab-quvvatlaydilar: iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirish, biologik xilma-xillikni saqlab qolish va gender tengligi hamda ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun yerga g‘amxo‘rlik qilish“ deb nomlamadi.

Ushbu mavzu qishloq ayollari oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va o‘z jamoalari uchun barqaror kelajakni targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynashi sababli ularga bilim, fan va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyati berilishi nechog‘lik muhimligini aks ettiradi.

Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Birlashgan millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va O‘zbekiston Agrar soha ayollari uyushmasi (NNT) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva va boshqalar “Fan, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi hamda barqaror rivojlanishda ayollarning o‘rni” deb nomlangan Markaziy Osiyo forumidan ko‘zlangan maqsad gender tengligini targ‘ib qilish va qishloq ayollarining imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qo‘shishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Forum qishloq ayollari agrobiznes, innovatsiyalar va raqamlashtirish imkoniyatlaridan foydalanishda duch keladigan muammolarni hal qilishga yordam beradigan, muloqot uchun qulay platformani taqdim etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Konstruktiv muloqot orqali ishtirokchilar ushbu muammolarni imkoniyatlarga aylantirish, iqlim o‘zgarishini yumshatish, tabiiy zaxiralarni boshqarish va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotiga gender masalasi talablariga javob beradigan yondashuvlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

Bilimlar, bozorlar va zaxiralardan teng foydalanish imkoniyatini yaratadigan muvaffaqiyatli modellar va eng ilg‘or amaliyotlarni almashish orqali forum qishloq ayollarining barqaror qishloq xo‘jaligi siyosatini shakllantirishdagi rolini yanada teranroq anglash va e’tirof etishga qaratilgan. Ishtirokchilar birgalikda ayollar nafaqat qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning asosiy ishtirokchilari sifatida e’tirof etiladigan, balki mintaqa uchun ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish huquqi va imkoniyatiga ega bo‘ladigan kelajak sari harakat qilish rejalarini belgilab olgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Forumda qishloq ayollarining bilim, fan va innovatsion texnologiyalardan foydalanishiga yordam beradigan tavsiyalarni ishlab chiqish va taqdim etish, qishloq ayollarining oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligiga qo‘shayotgan hissalarini e’tirof etish, Markaziy Osiyoning turli burchaklaridan qishloq xo‘jaligi, iqlimga chidamlilik va tabiiy zaxiralarni boshqarishdagi ilg‘or tajribalarni aniqlash, qishloq ayollari va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida muloqot va hamkorlikni kuchaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

N.Usmonova, O‘zA