BMT Bosh assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullangan.
O‘zbekiston parlamenti palatalari esa mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilgan. 13 yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.
Unda ko‘zlangan maqsadlar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan «inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish» tamoyili bilan uyg‘undir.
Toshkentda «Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi o‘rni» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Mazkur xalqaro tadbir O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, NNT, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Senat raisi, Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva bu jarayonda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilganini qayd etdi. Sohada parlament nazorati o‘rnatildi. Xususan, milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi tuzildi.
– Parlament komissiyasi tomonidan 10 ta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 indikatori bo‘yicha hududlarda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning bajarilishi holati o‘rganildi, – dedi T.Norboyeva. – O‘rganish yakuni yuzasidan parlament komissiyasi majlislarida 28 vazirlik va idora, shu jumladan, muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ma’ruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar davlatimiz rahbari so‘nggi yetti yil ichida BMT Bosh assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid o‘ndan ziyod tashabbus bilan chiqqani va, eng muhimi, mazkur tashabbuslarning barchasi qo‘llab-quvvatlanib, tegishli rezolyutsiyalar qabul qilinganiga e’tibor qaratdi.
Senatorlar, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan tadbirda rezolyutsiyani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.Abduraimova, O‘zA