Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror rivojlanish markazi milliy maqsadlarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashadi
17:41 / 2022-11-17

BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘z ichiga olgan hujjat a’zo davlatlar uchun muhim majburiyat hisoblanadi.

Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi va tegishli vazifalar keng miqyosli masalalarni, ya’ni sog‘liq va farovonlikdan tortib to iqlim o‘zgarishlarigacha, gender tengligidan tortib iste’mol va ishlab chiqarish modellari o‘zgarishlarigacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan.

O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha milliy “yo‘l xarita”lari qabul qilinib, bajarib kelinmoqda.

Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsadlarning to‘la to‘kis amalga oshirilishi jamiyatning izchil rivojlanishiga, xalq farovonligi va turmush sifatining yanada yaxshilanishiga, O‘zbekistonning xalqaro imiji yuksalishiga xizmat qiladi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarida gender tenglik eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi va bu Bosh qomusimizning 46-moddasida kafolatlangan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligining amalda ta’minlanishiga ham yo‘l ochmoqda.

Davlatimiz rahbari BMT minbaridan biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylanganini qayd etgan. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaygani, parlamentda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paygani ta’kidlandi.

Haqiqatan, bugungi kunda jamiyat taraqqiyotini, demokratlashtirish jarayonlarini ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bunda nafaqat qomusiy kafolatlar, balki xalqaro andozalarga mos qonun hujjatlari qabul qilinayotgani ham muhim rol o‘ynamoqda.

Jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bilan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolati mustahkamlandi.

Bu boradagi yagona davlat siyosati Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tomonidan amalga oshirilishi, agar shaxs o‘zini jinsi bo‘yicha kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishi mumkinligi, buning uchun davlat boji undirilmasligi belgilab qo‘yildi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ham bu jarayonlarning faol ishtirokchisi. Universitetda ta’lim berayotgan ustozlar orasida ayol olimalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning nafaqat ilm berishi, balki o‘z ustida ishlashi, salohiyatini oshirib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Universitetimizda yaqinda bo‘lib o‘tgan “Inson taraqqiyoti va O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida ham bu masalaga e’tibor qaratildi. Tadbirda Barqaror rivojlanish markazining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Aytib o‘tish kerakki, davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan universitet qoshida Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti va uning tarkibida Barqaror rivojlanish markazi tashkil etildi.

Rasman ochilgan markaz faoliyatining asosiy maqsadi ilmiy, uslubiy, axborot-tahliliy faoliyat orqali barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad-vazifalarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.

Muborak Madrahimova,

Jahon iqtisodiyoti va

diplomatiya universiteti o‘qituvchisi.

O‘zA