Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi
17:42 / 2021-06-27

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bugungi kunda barcha davlatlar oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur jarayonda davlatlarning milliy parlamentlari amalga oshirilayotgan islohotlarning lokomativi vazifasini bajarishi kerak.

Joriy yilning 23-24 iyun kunlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash, bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi tashkil etildi. 

Forumda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda O‘zbekistonning boy tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishi bo‘yicha o‘ziga xos yo‘liga asos solindi. Mazkur jarayonga davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari bevosita jalb etildi. Shu maqsadda, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi 841-son qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar belgilab berilgan edi. Mana shu maqsadlar ijrosi bilan bog‘liq ravishda 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan 125 ta vazifa tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021 yil 9 apreldagi 852-IV/KQ-211-IV-sonli Qo‘shma qaroriga binoan tashkil etilgan mazkur global forum o‘z ahamiyati va qamroviga ko‘ra yuksak ahamiyatga ega ekanligini ko‘rish mumkin. Xususan, Forumda parlamentlararo Ittifoqning Bosh kotibi janob Martin Chungong, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Fors ko‘rfazi arab davlatlaridagi BMTning aholi punktlari dasturining mintaqaviy byurosi (UN HABITAT) rahbari Amira al-Xassan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining maxsus vakili Reynxold Lopatka, Parlamentlararo ittifoqning Ispaniyadagi Bosh kotibi Karlos Uriarte Sanches, MDHning davlatlararo statistika qo‘mitasi raisi Vladimir Sokolin, Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy, Indoneziya Vakillar palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahmat Gobel, Xitoyning Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi, parlamentlararo do‘stlik guruhining Xitoy tarafidan hamraisi Chjan Yesuy, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Mazkur Forumni tashkil etishdan quyidagi ezgu maqsadlar ko‘zlanganligini ta’kidlash joiz:

birinchi, Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta’minlashda parlamentning rolini oshirish maqsadida dunyo parlamentlari o‘rtasida xalqaro muloqotni amalga oshirish;

ikkinchi, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani muhokama qilish;

uchinchi, gender yo‘naltirilgan siyosat va yoshlar parlamentarizmini rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qilish;

to‘rtinchi, BRMni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etishni global muhokamasini tashkil etish.

Shuningdek, Forum doirasida global ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab masalalar: atrof-muhitni asrash, kambag‘allikni qisqartirish, rasmiy statistik faoliyatni rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va migratsiya darajasini pasaytirish kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Forum doirasida Parlamentlararo Ittifoqning Bosh kotibi janob Martin Chungong Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda O‘zbekistonning o‘z ijobiy tajribasi bor ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda parlamentning rolini oshirish borasidagi, parlament hayotida yoshlar va ayollarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlari tahsinga sazovor ekanligini ta’kidladi. Darhaqiqat, Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan amaldagi qonunchilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasini shakllantirishda ayol deputatlar uchun 30 фоизлик alohida kvota belgilandi hamda 2020 yilning 29 iyun kuniOliy Majlis palatalarining huzurlarida Yoshlar parlamentlari tashkil etildi.

Shuningdek, Forumda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning nazorat funksiyasini yanada kuchaytirish, parlamentlar tomonidan mustaqil monitoring jarayonlarini amalga oshirish bo‘yicha ham fikrlar almashildi. Mazkur masala yuzasidan O‘zbekistonning tajribasi o‘rnak sifatida ko‘rsatildi. Xususan, ushbu jarayonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini targ‘ib qilishda O‘zbekistonda tashkil etilgan BRMni monitoring qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, shuningdek, fuqarolik jamiyati, yoshlar va yetakchi milliy nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etayotganligi alohida qayd etildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini yanada oshirish, parlament nazorati samaradorligini mustahkamlash hamda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi maxsus резолюциясини qabul qilish taklifi parlament a’zolari va xorijiy ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Forum yakunlariga ko‘ra quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan qarorlar qabul qilindi:

birinchi, Forumdagi muhokamalar yakuni bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi;

ikkinchi, global forumni har ikki yilda o‘tkazib borish;

uchinchi, parlamentlar tomonidan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, shuningdek mintaqaviy va global miqyosda yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilib borish;

to‘rtinchi, parlamentlar tomonidan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha aniq natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi dasturlarni qabul qilish.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik nihoyatda muhim bo‘lib, bu borada milliy parlamentlarning ishtirokini oshirish va nazoratini kuchaytirish orqali kelgusida:

birinchidan, global qashshoqlikning keskin kamayishiga erishiladi, dunyo aholisini o‘ylantirayotgan iqtisodiy muammolarga muqobil yechimlar ishlab chiqiladi;

ikkinchidan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikning o‘rnatilishiga erishiladi, ta’sirchan parlament nazorati joriy etiladi;

uchinchidan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda O‘zbekistonning milliy tajribasi xalqaro maydonda keng qo‘llanilishiga erishiladi.

Foziljon OTAXONOV

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi 

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori