FOTOREPORTAJ
O‘tgan yili Farg‘ona viloyati tashqi savdo aylanmasi 2 milliard 556 million AQSH dollarini tashkil etib, ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatildi. Xususan, eksport hajmi 959,8 million dollarga yetib, 2024 yilga nisbatan 31 foizga oshdi. Bu kabi salmoqli natijalar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan yaqin hamkorlik, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini raqamlashtirish va soddalashtirish, shuningdek, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasi hisoblanadi.
Farg‘ona viloyatining eksport geografiyasi hozirga kelib 66 ta davlatni qamrab oldi. Rossiya, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkiya, Qozog‘iston, BAA, Litva kabi davlatlar asosiy savdo hamkorlari bo‘lib, eksport tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari yetakchi o‘rinni egallamoqda. Shuningdek, to‘qimachilik, kimyo sanoati va tosh-keramika mahsulotlar ham sezilarli ulushni tashkil etdi.
Viloyatda eksport faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 800 tadan yuqoriladi. Bu esa hududda tadbirkorlik faolligi oshganini va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi keng qo‘llanilmoqda. 2025 yilda ushbu rejimdan foydalangan tadbirkorlar soni 55 taga yetib, import qilingan xomashyolar asosida 32 million dollarlik tayyor mahsulotlar tashqi bozorga chiqarildi.
[gallery-27304]
Viloyat bojxona boshqarmasi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash barobarida bojxona nazorati sohasida qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash samaradorligini ham izchil oshirmoqda. Bojxona to‘lovlarini undirishda joriy etilgan ilg‘or axborot texnologiyalari, yangilangan xavfni boshqarish tizimi, bojxona auditi va laboratoriya imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
O‘tgan yili bojxona to‘lovlaridan qochishga qaratilgan sxemalar orqali olib o‘tilayotgan 95 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi tovarlar aniqlandi. Shuningdek, yirik miqdorda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA